Shavkat Mirziyoyev kelgusidagi asosiy maqsadlarni bayon etdi

11:51 09 Sentyabr 2021 Siyosat
390 0

Xalqaro kongress markazida Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining X syezdi boʻlib oʻtmoqda. Unda Shavkat Mirziyoyev oʻz saylovoldi dasturi – Yangi Oʻzbekiston strategiyasining asosiy yoʻnalishlari boʻyicha maʼruza qilmoqda.

Davlat rahbari avval oʻtgan besh yildagi natijalarga qisqacha toʻxtalib oʻtdi:

- 2017-2021-yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini qabul qildik. Uning doirasida 300 ga yaqin qonun, 4 mingdan ziyod Prezident farmoni va qarori qabul qilindi.

Xalq hokimiyatini mustahkamlash, parlamentarizmni rivojlantirish va davlat organlari hisobdorligini taʼminlashga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Soʻnggi besh yilda mamlakatimiz iqtisodiyoti 24 foizga, sanoat – 34 foizga, eksport hajmi 1,5 barobarga, xorijiy investitsiyalar hajmi esa 3 barobarga oʻsgani biz qoʻlga kiritgan yuqori natijalardan dalolat beradi. Shu davrda oʻrtacha oylik ish haqi 2,2-marta koʻpaydi.

Shavkat Mirziyoyev kelgusidagi asosiy maqsadlarni bayon etdi:

Mavjud zaxira va imkoniyatlarimizni safarbar etgan holda kelgusi besh yilda aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulotni 1,6 barobar oshirish vazifasi oldimizda turibdi.

Shu tariqa 2030-yilga borib aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromadni 4 ming dollardan oshirib, “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga kirishga puxta zamin yaratgan boʻlamiz.

Albatta, bu oson vazifa emas. Bunga erishish uchun, avvalo, iqtisodiyotda ilm va innovatsiyalarga asoslangan rivojlanish hisobidan yangi texnologiyalar va qoʻshilgan qiymat zanjirlarini koʻpaytirish orqali mehnat samaradorligida tub oʻzgarishlar qilishimiz shart.

Shavkat Mirziyoyev taqdim etayotgan Yangi Oʻzbekiston strategiyasiga koʻra, kelgusi besh yilda:

- sanoat mahsulotlari hajmi 1,4 barobar, mehnat unumdorligi esa kamida 2-marta oshiriladi;

- mis va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi 2-martaga oshadi va 8 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarishga
asos yaratiladi;

- tabiiy gazni qayta ishlash darajasini 8 foizdan 20 foizga oshirish orqali kimyo sanoatida 2 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqariladi;

- raqamli iqtisodiyotning hajmi kamida 2,5 barobarga oshirilib, 4 milliard dollarga yetkaziladi;

- har bir xonadon va ijtimoiy muassasa maqbul narxda yuqori tezlikdagi internetga ulanadi, magistral avtomobil yoʻllari 100 foiz mobil aloqa va internet bilan qamrab olinadi;

- xalqaro magistral internet tezligi – 5 barobarga, tumanlararo tarmoqlar tezligi – 8 barobarga oshiriladi.

 

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?