Shavkat Mirziyoyev: Kelasi yil boshidan har bir vazirlik oʻz ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtiradi va tashkil etadi

13:07 29 Dekabr 2020 Siyosat
963 0

Hurmatli parlament aʼzolari!

Islohotlarimiz xalqimizning kundalik hayotida oʻz ifodasini topishi, kutgan natijalarimizga erishish koʻp jihatdan davlat boshqaruvidagi samaradorlikka bevosita bogʻliq. Shu maqsadda kelgusi yilda quyidagi vazifalarni amalga oshirish lozim.

Birinchidan, davlat boshqaruvi idoralari faoliyatini tubdan takomillashtirish talab qilinadi. Koʻpgina vazirlik va idoralar faoliyatida, qaror qabul qilish haddan tashqari markazlashgan. Ularning vazifalari aniq va toʻliq belgilanmagani sababli faoliyatlarida bir-birini takrorlash holatlari mavjud. Sababi, vazir oʻrinbosarlari, oʻrta boʻgʻin rahbarlari masalani hal qilish, javobgarlikni oʻziga olish, tashabbus koʻrsatishda yetarli bilim va malakaga ega emas.

Ular nima uchun masʼuliyatni oʻziga olmaydi? Yo bilimi yoʻq, yo qatʼiyati yetmaydi, yoki korrupsiyaga berilgan.

Afsuski, bunday rahbarlar aholi kutayotgan hayotiy muammolarni hal qilish oʻrniga, keraksiz qogʻozbozlik va natijasiz majlislar oʻtkazish bilan ovora boʻlib qolmoqda.

Yana bir jiddiy kamchilik shuki, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hisobidan xodimlar sonini va ish jarayonlarini optimallashtirish choralari koʻrilmayapti.

Shuning uchun, Hukumat ikki oy muddatda boshqaruvda bir-birini takrorlaydigan idoralar va funksiyalarni, ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish boʻyicha hujjatlar loyihalarini tayyorlasin. Bunda davlat boshqaruvi xodimlari sonini oʻrtacha 15 foizgacha optimallashtirishni nazarda tutish zarur.

Kelgusi yil oxiriga qadar elektron davlat xizmatlarini 60 taga koʻpaytirib, ularni 300 taga, masofaviy xizmatlar ulushini esa kamida 60 foizga yetkazish zarur.

Ikkinchidan, boshqaruv idoralarining hududiy masalalarni hal qilishdagi masʼuliyat va javobgarligi kuchaytiriladi.

Kelasi yil boshidan har bir vazirlik oʻz ishini tuman, shahar, qishloq va mahalla kesimida rejalashtiradi va tashkil etadi.

Vazirlar va ularning oʻrinbosarlari faoliyatiga tuman, shahar, qishloq va mahallada amalda qanday oʻzgarish boʻlganiga qarab baho beriladi.

Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, oʻzlarining quyi tizim rahbarlari va xodimlarini yangicha talablar va zamonaviy axborot texnologiyalari asosida samarali ishlashga oʻrgatish va malakasini muntazam oshirib borish uchun masʼul boʻladi.

Deputat va senatorlar oʻzlari saylangan hududdagi muammolar, tegishli vazirlik va hokimliklar tomonidan qay darajada hal etilayotganini doimiy oʻrganib, nazorat qilib borishlari kerak.

Shu oʻrinda, yana bir masala – tuman, shahar va mahalla boshqaruvida samaradorlikni oshirish uchun xodimlar soni va maoshini hududning oʻziga xosligi va ish hajmidan kelib chiqib belgilash lozim.

Masalan, Samarqand viloyatining Paxtachi tumanida 150 ming, Urgut tumanida 500 mingdan ortiq aholi yashaydi. Yoki Shayxontohur tumani aholisi qariyb 350 ming, Bektemirda esa 46 ming nafar.

Lekin, ushbu tumanlarda boshqaruv xodimlari soni va ularning ish haqi bir-biridan katta farq qilmaydi. Shuning uchun, Hukumat ikki oy muddatda oʻrta va quyi boʻgʻin boshqaruv idoralarining faoliyatini tubdan takomillashtirish, ulardagi xodimlar soni va mehnatiga haq toʻlash shartlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha qaror loyihasini kiritsin.

Uchinchidan, mahalliy ijro organlari, vakillik idoralari hamda mahallaning institutsional asoslarini yana-da takomillashtirish lozim.

Mahalliy hokimlik va kengashlar bundan 27 yil avval, yaʼni hokimlik instituti joriy etilgan dastlabki paytda qabul qilingan Qonun asosida ishlamoqda. Bu hujjat bugungi islohotlarimiz talablariga mutlaqo javob bermasligini hisobga olib, uni tubdan yangilash zarur.

Islohotlarimiz natijalari, boʻlayotgan oʻzgarishlar va aholining kayfiyati avvalo mahallada seziladi. Shu maʼnoda, “mahalla – yorugʻ yuzimiz va vijdonimiz koʻzgusi”, desak, toʻgʻri boʻladi.

Shuning uchun, barcha darajadagi rahbarlar pastga tushib, oʻz sohasi boʻyicha mahallalardagi muammolarni oʻrganishi va ularga yechim topishi, odamlar sezadigan natija qilishi shart va zarur.

Bundan buyon, mahalladagi ishlarning ahvoli vazirlik, idoralar va hokimliklar ishini baholashda bosh mezon boʻladi.

Shuningdek, mahallaning nufuzini, uning resurs va imkoniyatlarini oshirish, xodimlarining moddiy taʼminotini yaxshilash boʻyicha dastur ishlab chiqish zarur.

Joriy yilda, tumanlar byudjetiga qoʻshimcha manbalarning kamida 10 foizini bevosita mahalladagi muammolarni hal etishga sarflash boʻyicha ishlarni boshlab, bu maqsadlarga 70 milliard soʻm ajratildi.

Endi bu vakolatni yana-da kengaytirib, tuman byudjeti xarajatlarining 5 foizini ham ana shunday maqsadlarga yoʻnaltirish boʻyicha yangi tartib joriy etiladi. Buning natijasida, bu yangi eksperiment orqali birgina Gʻijduvon tumanida 8 milliard soʻm, yoki Fargʻona shahrida 11 milliard soʻm mablagʻ aynan aholi dolzarb deb hisoblaydigan muammolarni hal etish uchun sarflanadi.

Mahalla raisi va uning oʻrinbosarlari vakolatlarini kengaytirib, ularga aholi muammolarini bevosita hal qilish imkonini yaratishimiz kerak. Bunda, mahalla raisiga mahalliy kengash majlisida koʻrilishi majburiy boʻlgan masalalarni kiritish huquqini berish lozim. Bu orqali muammolarni tezkor hal qilishga erishish imkoniyati yaratiladi.

Mahallada ishlayotgan malakali va tashabbuskor kadrlarni, davlat idoralari rahbarlik lavozimlariga tavsiya etish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Qonunchilik palatasi va Senat, Vazirlar Mahkamasi bilan birga 2021-yil 1-aprelga qadar mahalliy ijro va vakillik organlari hamda mahalla instituti faoliyatini tubdan takomillashtirishga oid yangi qonun loyihalarini ishlab chiqsin.

Ushbu hujjatlarda, hokimlar, ularning oʻrinbosarlari va maslahatchilarining vakolat chegarasi, vazifa va funksiyalari aniq belgilanishi lozim.

Toʻrtinchidan, korrupsiyaning har qanday koʻrinishiga murosasiz boʻlish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shart.

Bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi zarur. Korrupsiya oʻta ogʻir jinoyat ekani va unga nisbatan murosasiz boʻlish gʻoyasini farzandlarimizga yoshlik davridan boshlab singdirishimiz, ularga faqat halol mehnat va tadbirkorlik orqali daromad topishni oʻrgatishimiz lozim.

Shuningdek, korrupsiyaning oldini olishda barcha davlat organlarida qaror qabul qilish jarayonlari ochiq va faqat ochiq boʻlishini taʼminlash hal qiluvchi ahamiyatga ega.

Masalan, fuqarolarimiz joriy yildan boshlab, ochiq eʼlon qilinayotgan davlat xaridlariga oid maʼlumotlardan foydalanib, oʻrinli masalalarni koʻtarmoqda.

Moliya vazirligi uch oy muddatda davlat idoralari byudjetdan tashqari jamgʻarmalarining daromad va xarajatlari, davlat ulushiga ega boʻlgan tashkilotlar xaridlari, davlat subsidiya va grantlariga oid maʼlumotlarni eʼlon qilish amaliyotini yoʻlga qoʻysin.

Bundan tashqari, oxirgi ikki yilda hokimlarning 2,5 mingga yaqin qarori sudlar tomonidan bekor qilingani bundan buyon ularning qaror qabul qilishida ochiqlikni taʼminlash zarurligini taqozo etmoqda.

Shuning uchun, mahalliy davlat hokimiyati idoralarining qarorlarini hisobga qoʻyish va eʼlon qilish boʻyicha elektron axborot tizimi joriy etiladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bir oy muddatda ochiq eʼlon qilinishi lozim boʻlgan maʼlumotlar roʻyxatini kengaytirish boʻyicha taklif kiritsin.

Korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali vositalaridan biri kadrlarni tanlash va ishga qabul qilishning ochiq tizimini yoʻlga qoʻyishdan iborat.

Ushbu tizim asosida kadrlarni tanlashda eski usullardan voz kechib, ularning intellektual salohiyatini, maʼnaviy fazilatlarini baholaydigan ochiq va oshkora tanlov tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, korrupsiyaning oldini olish boʻyicha davlat xizmatchilarini muntazam oʻqitish va bilimini baholab borish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.

Beshinchidan, islohotlarimiz har bir insonga yetib borishi uchun qabul qilinayotgan hujjatlar ijrosini oʻz vaqtida va samarali taʼminlash lozim.

Soʻnggi 4 yilda barcha sohalarda keng koʻlamli oʻzgarishlarni amalga oshirish boʻyicha 150 ta qonun, 2 mingga yaqin farmon va qarorlar qabul qilindi.

Lekin, joylarda barcha rahbarlar ham ushbu hujjatlar mazmun-mohiyatini tushunib, berilgan imkoniyatlardan foydalanmoqda, aholi va tadbirkorlarga zarur shart-sharoit yaratmoqda, deb ayta olmaymiz.

Amaldagi nazorat tizimi esa koʻproq formal tusga ega boʻlib, ijroni tashkil etishdagi muammolarni aniqlash va hal qilishga yoʻnaltirilmayapti.

Shuning uchun, kelgusi yilda bu borada yangi ish tizimi joriy etiladi. Endi Adliya vazirligi, uning hududiy boshqarma va boʻlimlarining asosiy vazifasi qabul qilingan hujjatlarni masʼullarga yetkazish, tushuntirish, amaliyotda qoʻllashga koʻmaklashish va nazorat qilishdan iborat boʻladi.

Shu maqsadda, Adliya vazirligiga zarur vakolat va resurslar beriladi. Shuningdek, qabul qilingan hujjatlar ijrosini tashkil etishda, jamoatchilik ishtiroki va nazorati keng yoʻlga qoʻyiladi.

Jumladan, “jamoatchilik eshituvlari” va “jamoatchilik monitoringi” tizimi joriy qilinadi. Bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar ham faol jalb etiladi.

Shuningdek, tahlillar asosida ijroga xalaqit berayotgan ortiqcha vazifa va funksiyalar qisqartiriladi.

Davlat idoralaridagi ijro sifati va holatini viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari kengashlarida, respublika darajasida esa – Vazirlar Mahkamasida har oyda tanqidiy muhokama qilib borish amaliyoti joriy etiladi.

Hukumat, Adliya vazirligi, Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Davlat boshqaruvi akademiyasi bilan birga bir oy muddatda ushbu tizimni joriy etish boʻyicha zarur chora-tadbirlarni belgilasin.

Adliya vaziri barcha ommaviy axborot vositalari, jumladan televideniye orqali “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda”, degan mavzuda koʻrsatuv va chiqishlar tashkil etib, xalqimizga islohotlar mohiyati va natijalarini yetkazib borish tizimini joriy etsin.

Oltinchidan, davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning oʻrni va mavqeini yana-da mustahkamlash – islohotlarimizning eng ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.

Xabaringiz bor, ayni paytda Kasaba uyushmalari federatsiyasi boshchiligida mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar tomonidan joylarda uyma-uy yurib, 6 milliondan ortiq xotin-qizlarning muammolari puxta oʻrganildi.

Achchiq boʻlsa ham toʻgʻrisini tan olib aytishimiz kerak, bu oʻrganishlarimiz natijasida birinchi marta joylardagi ayollarimiz dardu hasratlariga toʻla boʻlgan adolatli haqiqat yuzaga chiqdi.

Shular asosida “Ayollar daftari” shakllantirilmoqda, ularni qiynayotgan koʻplab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga amaliy yechim topilmoqda. Bu ishlarga mahallalarda yangi tashkil etilgan “Ayollar maslahat kengashlari” ham yaqindan koʻmak bermoqda.

Lekin bu hali ayollar muammolarini yechish uchun biz bajarishimiz shart va zarur boʻlgan ishlarning boshlanishi xolos.

Biz mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 17 milliondan ziyod opa-singillarimiz, qizlarimiz, onaxon va momolarimiz yuragidagi orzu-umidlarini roʻyobga chiqarish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berishimiz lozim.

Ayollarning andisha qilib, biz erkaklarga ayta olmagan dardu tashvishlari, kundalik muammolari, orzu-niyatlarini ularning oʻzidan yaxshi tushunadigan inson yoʻq. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish boʻyicha olib borgan islohotlarimiz natijasida Parlamentimiz yangi tarkibining 30 foizi ayollardan iborat boʻldi.

Viloyat, shahar va tuman hokimlarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Endi xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi oʻrni va nufuzini oshirish, ularga yangi imkoniyatlar yaratish boʻyicha navbatdagi qadam sifatida, hayotni va ayollar muammolarini yaxshi biladigan, faol va tashabbuskor opa-singillarimizdan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etishni taklif qilaman.

Kengashga bu borada katta tajribaga ega boʻlgan Senatimiz Raisi Tanzila Kamolovna Norboyeva rahbarlik qilsa, degan taklifni bildirsam, oʻylaymanki, barchangiz meni qoʻllab-quvvatlaysiz.

Joylardagi xotin-qizlar kengashlari faoliyatiga esa hokimlarning ushbu masalalar boʻyicha maslahatchilari rahbarlik qilishi eng toʻgʻri yoʻl boʻladi.

Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha respublika va hududiy jamgʻarmalarni yangi tashkil etiladigan kengashlar ixtiyoriga oʻtkazib berish maqsadga muvofiq boʻladi, deb hisoblayman.

Ayollarning biznes-loyihalarini qoʻllab-quvvatlash hamda joylarda aniqlangan xotin-qizlar muammolarini hal etish uchun byudjetdan qoʻshimcha ravishda 1 trillion soʻmdan ziyod (100 million dollar) mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Buning uchun, “Xalq banki” tomonidan joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka oʻqitish, namunaviy biznes-rejalarini ishlab chiqish va kredit olishda ularga amaliy yordam koʻrsatishning yangi tizimi joriy etiladi.

Oliy Majlis palatalari va Hukumat bir oy muddatda xotin-qizlarning jamiyatdagi va davlat boshqaruvidagi mavqeini yana-da oshirishga qaratilgan yaxlit tizim yaratish boʻyicha taklif ishlab chiqsin.

Yana bir muhim masala – nuroniy otaxon va onaxonlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashimiz ham qarz, ham farzdir.

Respublika “Nuroniy” jamgʻarmasi tomonidan keksalarga doimiy yordam koʻrsatilishi uchun uning moliyaviy imkoniyatlari yana-da kengaytiriladi. Buning uchun keyingi yilda ushbu jamgʻarmaga byudjetdan 100 milliard soʻm ajratiladi.

Oʻzgalar parvarishiga muhtoj boʻlgan 16 mingdan ziyod keksalarga yordam berish, ularning hayotini mazmunli tashkil etish uchun toʻlovlar miqdori oshiriladi hamda ularga koʻrsatiladigan ijtimoiy xizmatlar koʻlami kengaytiriladi.

Shuningdek, Buxoro, Qarshi va Urganch shaharlarida yangidan tashkil etiladigan sihatgohlarda hamda mavjud dam olish maskanlarida jami 25 mingdan ortiq nuroniylarning sogʻligʻi tiklanadi.

Markaziy telekanallarimizda namoyish etilayotgan “Otalar soʻzi – aqlning koʻzi” koʻrsatuvi soni koʻpaytirilib, mazmunan boyitilsa, shuningdek, yangi “Nuroniylar maslahati”, “Mahallada gurung” kabi yangi koʻrsatuvlar tashkil etilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.

Yettinchidan, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlashni davom ettiramiz.

Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini joylardagi dolzarb muammolarni hal etishga qaratish zarur.

Ayniqsa, mavjud muammolarni aniqlash, ularni chuqur tahlil qilish, yechimlari boʻyicha taklif ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlashga ijtimoiy buyurtma asosida nodavlat notijorat tashkilotlari keng jalb etiladi.

Bunday hamkorlikni, eng avvalo, taʼlim, madaniyat, tibbiyot, ekologiya, qurilish, kadastr, transport, kommunal xoʻjaligi, bandlik, ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish kabi muammoli sohalarda keng joriy etish maqsadga muvofiq boʻladi. Bu ishlarni tashkil etish uchun, kelgusi yilda byudjetdan 60 milliard soʻm yoʻnaltiriladi.

Shu bilan birga, Qonunchilik palatasida nodavlat notijorat tashkilotlarining doimiy vakili institutini joriy etishni taklif qilaman. Ushbu vakil, quyi palata yigʻilishlarida ishtirok etish, qabul qilinayotgan qonunlarga taʼsirchan jamoatchilik nazorati va ijtimoiy sheriklik masalalarini kiritish boʻyicha takliflar berish vakolatiga ega boʻlishi zarur, deb hisoblayman.

Navbatdagi muhim masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.

Ommaviy axborot vositalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli oʻzgarishlarni xolis yoritish bilan birga joylardagi mavjud dolzarb muammolarga davlat idoralari va jamoatchilik eʼtiborini qaratib, ularni bartaraf etishga barcha darajadagi rahbarlarni daʼvat etib, undab kelayotganini alohida taʼkidlab oʻtmoqchiman.

Ular tom maʼnoda “toʻrtinchi hokimiyat”ga aylanib bormoqda. Achchiq va tanqidiy materiallar joylardagi koʻplab amaldorlarga yoqmasligi, ularning tinchini va halovatini buzayotgani ham bor gap.

Lekin oshkoralik va soʻz erkinligi bu – davr talabi, bu – Oʻzbekistondagi islohotlarning talabi.

Biz oʻtgan toʻrt yil davomida jamiyatimizda oshkoralik va ochiqlik, soʻz erkinligi muhitida yashash va ishlashga asta-sekin oʻrganib borayapmiz. Adolatli jurnalist va blogerlarning tanqidiy chiqishlari eskicha qolipda ishlaydigan rahbarlarning faoliyatidagi xato-kamchiliklarni koʻrsatib, ularni ish uslubini oʻzgartirish va masʼuliyatini oshirishga majbur qilmoqda.

Bundan buyon har bir davlat organi oʻz kundalik faoliyatida ommaviy axborot vositalari bilan yaqin muloqot va hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi zarur va shart.

Bu boradagi mavjud qonunchilikni liberallashtirish yoʻlida tashlangan dadil qadamlarimizning dalili sifatida kuni kecha Jinoyat kodeksining matbuot orqali “tuhmat” va “haqorat qilish” kabi moddalari boʻyicha ozodlikdan mahrum qilish shaklidagi jazo choralari bekor qilindi.

Kelgusi yilda ham soʻz erkinligini taʼminlash, ommaviy axborot vositalarini har tomonlama rivojlantirish, jurnalist va blogerlarning erkin faoliyat yuritishi uchun huquqiy asoslar yana-da kuchaytiriladi.

Mamlakatimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarishning dastlabki davrida ommaviy axborot vositalarini keng qoʻllab-quvvatlash, ularni himoya qilish, davlat idoralarida axborot xizmatlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish va rivojlantirish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashkil etilgan edi.

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari sohasidagi islohotlarni yangi bosqichga koʻtarish, ularni yana-da rivojlantirish, mustaqil faoliyat yuritishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida Agentlik faoliyatini tanqidiy qayta koʻrib chiqish lozim, deb hisoblayman.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?