Shavkat Mirziyoyev: Ipoteka krediti boʻyicha moliyaviy resurslardan yetishmovchilik boʻlmaydi

20:24 03 Mart 2021 Siyosat
1001 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 3-mart kuni uy-joy qurilishi va ipoteka bozorini rivojlantirish chora-tadbirlari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Aholi soni oʻsishi bilan uy-joyga ehtiyoj ham oshishi tabiiy. Shavkat Mirziyoyev Prezident vazifasiga kirishgan ilk pallalardanoq bu dolzarb masalani alohida eʼtiborga olib, odamlarni uy bilan taʼminlash choralarini koʻrdi. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 21-oktyabrdagi qaroriga koʻra, qishloqlarda, 22-noyabrdagi qarori bilan esa shaharlarda arzon uy-joylar qurish boʻyicha dasturlar qabul qilindi. Ular asosida, oʻtgan toʻrt yilda 140 mingta uy-joy barpo etildi. Yiliga qurilgan uylarning oʻrtacha soni taqqoslanganda, bu avvalgi davrdagi koʻrsatkichdan 4-5 baravar koʻpdir.

Lekin, shu bilan cheklanib qolinmaydi. Uyga ehtiyoji bor oilalar hali ham koʻp. Bu boʻyicha xalqdan murojaatlar boʻlmoqda. Yana minglab uy-joylar barpo etish, loyiha va qurilish sifatini oshirish, malakali mutaxassislar tayyorlashni hayotning oʻzi talab qilmoqda.

Videoselektor yigʻilishida shu boradagi vazifalar muhokama qilindi.

Prezident aholining barcha qatlamlarini uy-joy bilan taʼminlash, bu borada tanlash imkoniyatini kengaytirish zarurligini taʼkidladi.

Shu maqsadda joriy yilda 54 ming oilani uy-joy bilan taʼminlash moʻljallanmoqda. Jumladan, davlat ipoteka dasturi doirasida jami 45 mingta uy quriladi.

Shundan “Qishloq qurilish invest” va “Oʻzshahar qurilish invest” injiniring kompaniyalari tomonidan 12 mingta uy, Moliya vazirligi tijorat banklariga joylashtiradigan resurslar hisobiga 26 ming 500 ta kvartira, xususiy tadbirkorlar tomonidan qurilayotgan 8 mingta xonadon foydalanishga topshiriladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi va barcha viloyatlarda yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun 500 tagacha, jami 6,5 mingta oilaga kredit beriladi. Bundan tashqari, ogʻir turmush sharoitiga tushib, boshpanasiz qolgan mingta oila, ayniqsa, ayollarga ijara asosida ijtimoiy uy-joylar ajratiladi.

Hududlar miqyosida aytganda, Qoraqalpogʻistonda 2290 ta, Andijonda 4665 ta, Buxoroda 3220 ta, Jizzaxda 1670 ta, Qashqadaryoda 3710 ta, Navoiyda 1836 ta, Namanganda 4025 ta, Samarqandda 4479 ta, Surxondaryoda 3989 ta, Sirdaryoda 1414 ta, Toshkent viloyatida 4046 ta, Fargʻonada 4530 ta, Xorazmda 3016 ta va Toshkent shahrida 7556 ta uy-joy qurib bitkaziladi.

– Bugungi kungacha bunday hajmdagi qurilish dasturini amalga oshirmaganmiz. Shuning uchun, har bir viloyat hokimi uy-joy masalasi bilan chuqur shugʻullanib, aniq hisob-kitobga ega boʻlishi kerak. Eng katta masala – bu uy-joylarning narxini adolatli shakllantirish. Bugungi narx-navodan odamlarimiz rozi emas, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuning uchun viloyat, tuman va shahar hokimlariga qurilish materiallarini arzonroq va yaqinroqdan olib, bir kvadrat metr uy narxini 4 million soʻmdan oshirmaslik choralarni koʻrish vazifasi qoʻyildi.

Masalan, gazobeton bloklarini joylarda ishlab chiqarish orqali tannarxni kamaytirish mumkin. Shu bois “Oʻzstandart” agentligiga har bir hududda gazobeton ishlab chiqaruvchilarni standartlarga oʻrgatib, mahsulotlarini sertifikatlash boʻyicha topshiriq berildi.

Yigʻilishda qurilish ishlarining moliyaviy manbalari ham koʻrib chiqildi. Joriy yilda aholini uy-joy bilan taʼminlash dasturi doirasida 11 trillion 500 milliard soʻm mablagʻ ajratilishi taʼkidlandi.

– Bu yildan boshlab, ipoteka krediti boʻyicha moliyaviy resurslardan yetishmovchilik va cheklovlar boʻlmaydi, hududlar qoʻshimcha taklif bilan chiqsa, ijobiy hal qilinadi, – dedi davlatimiz rahbari.

Fuqarolarga yakka tartibda uy qurish va rekonstruksiya qilish uchun ham kredit ajratilishi belgilandi. Bunday kreditlar 20 yilga ajratiladi, ehtiyojmand aholi uchun foizning bir qismi subsidiya sifatida toʻlab beriladi. Moliya vazirligiga ushbu yoʻnalish uchun 1,5 trillion soʻm resurs ajratish, viloyat hokimlariga qaysi tumanda qancha oilaga koʻmak berish masalasini hal etish vazifasi qoʻyildi.

Uy-joylar qurilishi uchun davlat tomonidan ham aholiga, ham quruvchilarga katta imtiyozlar berilmoqda. Jumladan, joriy yilda ipoteka krediti boʻyicha 6 oylik imtiyozli davr kiritiladi. Shaharlarda dastlabki badal miqdori 20 foizdan 15 foizga tushiriladi.

Past daromadli, uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj oilalarga 15 foizlik dastlabki badalning 10 foizi subsidiya sifatida toʻlab beriladi. Yaʼni, aholi uy olish uchun dastlabki badalning 5 foizini toʻlaydi, xolos.

Kredit olgan aholi uchun foiz toʻlovlarining Toshkent shahrida 12 foizi, boshqa hududlarda 10 foizidan yuqori qismiga subsidiya beriladi.

Shuningdek, quruvchi tashkilotlarga pandemiya davrida berilgan imtiyozlar joriy yil yakunigacha uzaytirilishi maʼlum qilindi. Jumladan, Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan quruvchi tashkilotlarga uy-joy qurish uchun jalb qilgan kreditlar boʻyicha 20 milliard soʻmgacha kafillik hamda Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismiga kompensatsiya beriladi.

Yigʻilishda ogʻir turmush sharoitidagi oilalarni ijtimoiy ijara asosida uy bilan taʼminlash masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Buning uchun hududlarga mingta kvartira sotib olish uchun mablagʻ ajratilishi qayd etildi.

Lekin, shu bilan cheklanib qolmay, ijtimoiy ijarani kengaytirish zarurligi taʼkidlandi. Misol uchun, xususiy uylar ijara haqining bir qismiga subsidiya berish yoki foydanilmayotgan yotoqxonalarni taʼmirlab, ijtimoiy ijaraga ajratish mumkin.

Mutasaddilarga bu boradagi tartibni ishlab chiqish va eng muhtoj oilalar ruyxatini shakllantirish boʻyicha topshiriq berildi.

– Eng muhim masala, berilayotgan imtiyozlarni halol-pok qoʻllash boʻyicha adolatli tizim yaratish, bu borada odamlarimizning xabardorligini oshirish zarur, – dedi Prezident.

Shu maqsadda mahalliy kengash deputatlari, jamoat faollari ishtirokida “xalqparvar komissiya” tashkil etish taklifi bildirildi. Ular quruvchiga yerning adolatli ajratilishi, imtiyozga mos ehtiyojmand oilalar roʻyxatining shakllanishi va qurilishlar sifati ustidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatadi. Yangi tizim asosida, sohada yaratilayotgan imkoniyatlar mahallalarda keng aholiga yetkaziladi.

Moliya vazirligiga 1-iyunga qadar subsidiya toʻlanadigan fuqarolarni ijtimoiy mezonlar asosida tanlash va subsidiya toʻlash jarayonlarini avtomatlashtirish vazifasi yuklatildi. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga 1-maygacha kredit berish va subsidiya olish tartiblari, uy-joylar hamda quruvchilar haqidagi maʼlumotlarni qamrab oluvchi ipoteka veb-portalini ishga tushirish boʻyicha topshiriq berildi.

Davlatimiz rahbari qurilish sifati masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Har bir loyiha ipoteka veb-portaliga joylashtirilishi va barcha uchun ochiq eʼlon qilinishi, uylarning boʻlajak egasi sifatni nazorat qilish imkoniga ega boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.

Uylar qurilishiga salohiyatli mutaxassislar, zamonaviy moddiy-texnik bazaga ega, moliyaviy barqaror pudrat tashkilotlarini reyting tizimi asosida jalb qilish muhimligi koʻrsatib oʻtildi. Yangi tartib asosida quriladigan uylar boʻyicha texnik nazoratni amalga oshirish hududlardagi Yagona buyurtmachi xizmatiga yuklatildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan soha va hududlar rahbarlari axborot berdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?