Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedovni 65 yillik yubileyi bilan tabrikladi

15:16 29 Iyun 2022 Siyosat
635 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-iyun kuni Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlatimiz rahbari Gurbanguli Berdimuhamedovni 65 yillik yubileyi bilan samimiy qutlab, unga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, birodar Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.

Gurbanguli Berdimuhamedovning zamonaviy Turkmanistonni barpo etish va mamlakatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish, Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qoʻshgan katta hissasi alohida qayd etildi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning Oʻzbekistonga boʻlajak tashrifiga tayyorgarlik doirasida ikki mamlakatning koʻp qirrali hamkorligini yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Savdo va sanoat, transport va logistika, energetika, qishloq xoʻjaligi sohalarida qoʻshma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb jihatlari, shu jumladan Afgʻonistonda mustahkam tinchlikni taʼminlashga va ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga koʻmaklashish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Oʻzbekiston yetakchisi shu kunlarda Turkmaniston poytaxtida oʻtkazilayotgan oltinchi Kaspiy sammiti muvaffaqiyatli oʻtishini tiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?