Shavkat Mirziyoyev davlat tashrifi bilan Qozogʻistonga boradi

17:53 06 Avgust 2024 Siyosat
329 0

Foto: Prezident matbuot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan 7-9-avgust kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, tashrif dasturiga muvofiq, ikki mamlakat rahbarlarining muzokaralari va Prezidentlar raisligida Oliy davlatlararo kengashning birinchi yigʻilishi oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada chuqurlashtirish masalalari, xalqaro va mintaqaviy kun tartibining dolzarb jihatlari koʻrib chiqiladi.

Asosiy eʼtibor savdo, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi hamda boshqa ustuvor yoʻnalishlardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalariga qaratiladi.

Ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga qaratilgan hujjatlar toʻplamini qabul qilish kutilmoqda.

Taʼkidlash joizki, davlat tashrifi doirasida Qozogʻiston poytaxtida ishbilarmonlik va madaniyat tadbirlari oʻtkazilmoqda. Buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy haykalining ochilishi koʻzda tutilgan.

Oʻzbekiston Prezidenti 9-avgust kuni Ostona shahrida boʻlib oʻtadigan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi va “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammitida ham ishtirok etadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?