Shavkat Mirziyoyev 14-15-oktyabr kunlari YEOII va MDH sammitlari ishida ishtirok etadi

20:28 13 Oktyabr 2021 Siyosat
872 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14-15-oktyabr kunlari YEOII va MDHning videoaloqa shaklidagi sammitlari ishida ishtirok etadi.

14-oktyabr kuni davlatimiz rahbari Qozogʻiston raisligida oʻtkaziladigan Oliy Yevroosiyo iqtisodiy kengashining navbatdan tashqari majlisida kuzatuvchi maqomida nutq soʻzlaydi.

Rossiya, Belarus, Qozogʻiston va Qirgʻiziston Prezidentlari, Armaniston Bosh vaziri Kengash aʼzolari hisoblanadi. Yigʻilishda kuzatuvchi sifatida Kuba Prezidenti ham soʻzga chiqishi kutilmoqda.

Yigʻilish kun tartibiga muvofiq Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi doirasidagi koʻp tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari koʻrib chiqiladi.

Oʻzbekiston yetakchisi oʻz nutqida YEOII bilan amaliy hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini belgilab beradi.

Tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlat maqomi mamlakatimizga oʻtgan yil dekabr oyida berilganini taʼkidlash joiz. Joriy yil aprel oyida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum hamda 2021-2023-yillarga moʻljallangan Qoʻshma tadbirlar rejasi qabul qilindi.

15-oktyabr kuni esa Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashining yubiley majlisi boʻlib oʻtadi. Uning ishida Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Oʻzbekiston yetakchilari ishtirok etishi koʻzda tutilgan.

Belarus raisligida oʻtkaziladigan tadbirda tashkilotning 30 yillik faoliyatidagi koʻp tomonlama hamkorlik yakunlari, shuningdek, savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, transport, migratsiya, madaniy-gumanitar almashinuv sohalaridagi sheriklikni yanada kengaytirish borasidagi qoʻshma rejalar koʻrib chiqiladi.

Xavfsizlikka tahdid solayotgan zamonaviy xavf-xatarlarga qarshi kurashish hamda keng mintaqada barqaror taraqqiyotni taʼminlash masalalari muhokama qilinadi.

Hamdoʻstlikda hamraislik qilayotgan Oʻzbekiston Prezidenti MDHni rivojlantirishning uzoq muddatli konsepsiyasi maqsad va vazifalariga erishish boʻyicha qator muhim tashabbuslarni ilgari suradi.

Tadbir yakunida MDH makonida oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan koʻp tomonlama hujjatlar toʻplami qabul qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?