“Shanxay ruhi” — hamkorlikning noyob tajribasi

11:53 12 Noyabr 2020 Siyosat
251 0

Markaziy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash borasida Oʻzbekiston mustahkam xavfsizlik, izchil va baquvvat iqtisodiy taraqqiyot uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratish, aholi turmush darajasini koʻtarish, konstitutsion tuzum asoslarini mustahkamlash, millatlar ahilligini, xalqlar doʻstligini taʼminlash, fuqarolar erkinliklari va haq-huquqlarini muhofaza qilish respublikamiz tashqi siyosatining asosiy maqsadlari hisoblanadi. Ana shu maqsadlarni roʻyobga chiqarish jarayonida jahon hamjamiyati bilan aloqalarni yoʻlga qoʻyish uchun tashqi siyosiy faoliyatning milliy mexanizmlari tashkil qilindi.

Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati va davlatlararo xavfsizlik tizimida munosib oʻrinni egallashi, mamlakat milliy xavfsizligini taʼminlash ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda davlatlararo tashqi siyosatni rivojlantirish, barcha xorijiy davlatlar bilan har tomonlama oʻzaro hamkorlik qilish, milliy manfaatlarni ifodalash va himoya qilish kabi yoʻnalishlar asos qilib olindi.

Tan olish kerakki, har qanday xalqaro va davlatlararo munosabatlarda Oʻzbekistonning oʻz oʻrni bor, uning qarashlari doimo eʼtiborga molik, har qanday xalqaro muammolarni yechishda Oʻzbekistonning roʻyi-xohishi eʼtiborga olinmoqda. Albatta, tarix nigohida bu aql bovar qilmas taraqqiyot, oldinga intilish, inson salohiyatining yaratuvchilik kuch-qudratini namoyon boʻlishi, fidoyilik va bunyodkorlikning oliy namunasidir.

Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokidagi mintaqaviy tashkilotlardan eng istiqboli va hozirgi kundagi katta ahamiyatga ega boʻlgani Shanxay hamkorlik tashkiloti (SHHT)dir. SHHTda mintaqa davlatlarining ishtiroki tashkilotning asl maqsadlarini amalga oshirishda aʼzo davlatlarning siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy sohalarda, taʼlim, energetika, transport, sayyohlik, atrof muhitni muhofaza qilish borasida samarali hamkorlikni taʼminlash, harbiy resurslarini Markaziy Osiyo hududiga jalb qilib, diniy ekstremizm va terrorizm kabi tahdidlarga qarshi tura olish imkoniyatini beradi.

Kuni kecha Shanxay hamkorlik tashkilotiga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi videoanjuman shaklida oʻtdi.

Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida oʻtgan majlisda Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Imron Xon, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin, Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Bosh vaziri Sadir Japarov, Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Hindiston Respublikasi Bosh vaziri Narendra Modi ishtirok etdilar.

Bundan tashqari, sammit ishida SHHT huzuridagi kuzatuvchi davlatlar vakillari – Afgʻoniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf Gʻani, Moʻgʻuliston Prezidenti Xaltmaagiyn Battulgʻa, Eron Islom Respublikasi Prezidenti Hasan Ruhoniy, Belarus Respublikasi Bosh vaziri Roman Golovchenko qatnashdilar.

Uchrashuv kun tartibidagi yangi global xatar va tahdidlarning kuchayishi sharoitida SHHT doirasidagi koʻp qirrali hamkorlikni yana-da mustahkamlash masalalari sammit ishtirokchilari tomonidan keng va atroflicha muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida aynan mana shu ustuvor yoʻnalishlarda koʻp tomonlama munosabatlarning bugungi holatini tahlil qilib, Shanxay hamkorlik tashkiloti oʻz taraqqiyotining prinsipial jihatdan yangi bosqichida turganini alohida taʼkidlar ekan, yaxshi qoʻshnichilik, teng huquqlilik, oʻzaro ishonch va manfaatlarni hisobga olish anʼanalarini asrash va koʻpaytirishga chaqirdi.

Bir qarashda taklif etilayotgan tavsiyalar oddiydek tuyuladi. Qalqib turgan dunyo tinchligi, xalqlar osoyishtaligi haqida gap ketar ekan, har qanday kuchli davlat, gegemonlikka daʼvogar mamlakat «manmanlikni» chetga surib, “umumiy qadriyatimiz, birgalikda rivojlanishga intilishimiz, madaniyatlar xilma-xilligiga hurmatimizni ifoda etish bugun har qachongidan muhim” ekanini eʼtirof etmogʻi lozim.

Binobarin, savdo-iqtisodiy aloqalarning keskin qisqarishi, ishlab chiqarish hajmlarining kamayishi, ishsizlikning ortishi, dunyoning ayrim mintaqalarida harbiy-siyosiy vaziyatning keskinlashuvi, millatlararo va dinlararo ziddiyatlarning kuchayib borayotgan bir davrda Yevroosiyo makonida xavfsizlik, barqaror taraqqiyotni taʼminlashning birdan bir sharti - oʻzaro qoʻllab-quvvatlash va birgalikda murosa izlashdir. Boshqa yoʻl yoʻq. Buning uchun SHHTning barcha aʼzo davlatlari kuchli boʻlishi, muammolar yechimida yakdil boʻlishi, ezgu maqsad yoʻlida hamfikr boʻlishi lozim.

Shu munosabat bilan, Prezidentimiz tomonidan Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan qator dolzarb tashabbuslar ilgari surildi. Xususan, pandemiya salbiy oqibatlarini yumshatish maqsadida SHHTning savdo-iqtisodiy hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi va sanoat kooperatsiyasini ragʻbatlantirish boʻyicha uzoq muddatli hujjatlarini qabul qilish orqali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kuchaytirish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda axborot texnologiyalarining roli ortib borayotganini qayd etib, yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash va aholini oʻqitishga qaratilgan SHHTning raqamli savodxonlikni rivojlantirish boʻyicha dasturini ishlab chiqish taklifini ilgari surdi.

Taʼkidlash joizki, pandemiya davrida ehtiyojmand aholining safi yana-da kengaydi. Ularni qoʻllab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish va kambagʻallikni qisqartirishning maqsadli aniq tizimini yaratish vaqt talabi boʻlib qoldi. Chunki, pandemiya chegara bilmas, millat tanimas, tibbiyot, iqtisodiyot, siyosatni tan olmas kutilmagan, talafotli jarayon ekanligini isbotladi.

Mazkur masalada ilmiy izlanishlarni olib borish, hamkorlik dasturini ishlab chiqish maqsadida Oʻzbekistonda xalqaro forumni oʻtkazish taklifining berilishi hukumatning xavfli infeksion kasalliklarning tarqalishiga qarshi hamkorlikni yana-da faollashtirish, yuqumli kasalliklar boʻyicha tibbiyot muassasalari tarmogʻini yaratish, Telemeditsina sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini ishlab chiqishga tayyor ekanligini bildiradi.

Oʻzbekiston doim tinchlik tarafdori boʻlgan. Azal azaldan xalqimiz “Qoʻshning tinch- sen tinch” maqoliga rioya etib kelgan. Yillar davomidagi Afgʻon xalqining figʻoni, otishmalar “allasi”da voyaga yetgan avlodi uzoq kutilgan tinchlikka erishish boʻyicha tarixiy imkoniyatini qoʻldan boy bermasligi har qachongidan muhimdir. Tinchlikka erishish, Afgʻoniston xalqiga iqtisodiy yordam koʻrsatish, mintaqaviy savdo-iqtisodiy jarayonlarga jalb etilishi, shubhasiz, ushbu mamlakatning tinch, barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.

Shu maqsadlarda, Oʻzbekiston Prezidenti “SHHT – Afgʻoniston” muloqot guruhi doirasida Afgʻonistonga uning Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlab turuvchi koʻprik sifatidagi tarixiy rolini qaytarishga xizmat qiladigan transport yoʻlaklarini barpo etish tashabbuslariga alohida eʼtibor qaratdi va 2021-yilning aprel oyida Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Xatar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasini oʻtkazish tashabbusini ilgari surdi.

Sammit yakunida SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlari kengashining Moskva deklaratsiyasi qabul qilindi hamda tashkilot doirasidagi oʻzaro manfaatli koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan hujjatlar toʻplami imzolandi.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan sammitda SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining Raqamli iqtisodiyot sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi bayonoti qabul qilindi.

XXI asr voqealari shundan dalolat bermoqdaki, bugun biror bir davlat yoxud mintaqa oʻz xavfsizligi,barqarorligi hamda taraqqiyotini faqat oʻz imkoniyatlariga tayangan holda uzoq muddatga taʼminlashi qiyin. Bundan kelib chiqqan holda, global xavfsizlikning asosini tashkil etadigan mintaqa doirasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bu muammolarni hal etishning eng samarali yoʻli sifatida eʼtirof etish mumkin.

Gulruh AGZAMOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
“Adolat” SDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?