Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik

11:07 12 Sentyabr 2022 Siyosat
506 0

Foto: president.uz

Oʻzbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotiga raisligi dunyo miqyosida shiddatli jarayonlar kechayotgan oʻziga xos “tarixiy evrilish” pallasiga toʻgʻri keldi – bir tarixiy davr nihoyasiga yetmoqda hamda bashorat qilish mushkul boʻlgan yangi bir davr boshlanmoqda.

Xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotgani bugungi kun haqiqatidir. Buning asosiy sabablaridan biri – global darajada davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonchning chuqur tanazzulga yuz tutayotgani bilan bogʻliq. Bu esa oʻz navbatida geosiyosiy qarama-qarshiliklarga ragʻbat berib, “bloklarga mansublik” stereotiplarining qayta tugʻilish xavfini yuzaga keltirmoqda. Davlatlar oʻrtasidagi bunday oʻzaro ishonchsizlik jarayoni jahon iqtisodiyotining avvalgi taraqqiyot yoʻliga qaytishini va global taʼminot zanjirlarining tiklanishini murakkablashtirmoqda.

Dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini taʼminlash borasidagi muammolarini yanada keskinlashtirmoqda.

Shu bilan bir qatorda, global iqlim oʻzgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligining ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi jamiyatlarimizning zaif tomonlarini yanada yaqqolroq koʻrsatib bermoqda. Bu muammolar insoniyat taqdiriga bevosita daxldor boʻlgan mushtarak qadriyat va neʼmatlarning yemirilishiga olib kelib, odamlar hayoti va faoliyatiga tahdid solmoqda, ularning daromad manbalarini qisqartirmoqda.

Bunday murakkab sharoitda bir haqiqat aniq: hech bir mamlakat yolgʻiz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab oʻtish yoki bartaraf etishga qodir emas.

Bugun biz yashayotgan, jarayonlar oʻzaro chambarchas bogʻlangan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yoʻli – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan koʻp tomonlama hamkorlikdir. Aynan inqiroz va boʻhronlar davrida mamlakatlar, ular xoh katta, oʻrta yoki kichik boʻlsin, oʻzlarining tor doiradagi manfaatlarini ustun qoʻymasdan, aksincha, asosiy eʼtiborni global hamjihatlikka qaratishlari lozim. Tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga xavf tugʻdirayotgan, har qaysi mamlakatga raxna soladigan tahdid va xatarlarga qarshi umumiy saʼy-harakat va imkoniyatlarni birlashtirish va safarbar etish barchamiz uchun birdek manfaatlidir.

Samarali xalqaro hamkorlik – bu dunyoda barqaror, ishonchli va farovon taraqqiyotning eng muhim omilidir. Aynan shunday yondashuv zamonamizning dolzarb muammolarini bahamjihat hal etish, yangi xavf-xatar va ijtimoiy larzalardan himoyalanish uchun eng aniq, maqbul va samarali yoʻl hisoblanadi.

 

Muvaffaqiyatli mintaqaviy hamkorlik modeli

Barchaning va har bir tomonning manfaatlariga javob beradigan xalqaro hamkorlikni koʻp tomonlama institutlarsiz amalga oshirib boʻlmaydi. Ushbu institutlar faoliyatidagi muayyan kamchiliklarga qaramasdan, ular mintaqaviy va global miqyosda davlatlararo hamkorlikning eng muhim vositasi boʻlib xizmat qilishda davom etmoqda. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar mamlakatlar oʻrtasidagi turli kelishmovchiliklarni yengib oʻtish, oʻzaro anglashuvni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, savdo-sotiqni kengaytirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvni ragʻbatlantirishga yordam beradi.

Koʻp tomonlama faoliyatga asoslangan eng yosh institutlardan biri – Shanxay hamkorlik tashkiloti aynan mana shunday maqsad va vazifalarni koʻzlaydi. Bu tashkilot madaniy-sivilizatsion qarashlari turlicha, oʻz tashqi siyosiy yoʻnalishlari va milliy taraqqiyot modellariga ega mamlakatlarni birlashtira olgan oʻziga xos davlatlararo tuzilmadir. Tarixan qisqa davrda SHHT katta yoʻlni bosib oʻtib, global siyosiy va iqtisodiy tizimning ajralmas qismiga aylandi, deb qatʼiy ishonch bilan aytish mumkin.

Bugungi kunga kelib SHHT hamjamiyati – ulkan geografik makonni qamrab olgan va sayyoramiz aholisining qariyb yarmini birlashtirgan, dunyodagi eng yirik mintaqaviy tashkilotdir.

SHHTning xalqaro tashkilot sifatidagi jozibadorligi uning faoliyati asosini tashkil etadigan quyidagi tamoyillarda namoyon boʻlmoqda: Shanxay hamkorlik tashkilotining turli bloklardan xoli maqomga ega ekani, ochiqlik, uchinchi mamlakatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi qaratilmagani, barcha ishtirokchi tomonlarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashmaslik, siyosiy qarama-qarshilik va ixtilofli raqiblikka yoʻl qoʻymaslik.

Shanxay hamkorlik tashkilotining muvaffaqiyat garovi – mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash orqali koʻp tomonli hamkorlikni ilgari surishdadir.

SHHT oʻz mohiyatiga koʻra, tinchlik, hamkorlik va taraqqiyot yoʻlida birlashishga, ayirmachilik unsuridan xoli boʻlgan jozibador makonga aylanishi lozim.

Shu sababli ham SHHT faoliyatiga qoʻshilish istagidagi davlatlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Bu tendensiya xalqaro va mintaqaviy munosabatlar tizimi transformatsiya jarayonini boshidan kechirayotgan bugungi sharoitda yaqqol koʻzga tashlanmoqda.

SHHT makonidagi davlatlarning yuksak insoniy, intellektual va texnologik salohiyatga, jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotlarga va hali toʻlaqonli foydalanilmagan tabiiy zaxiralarga ega ekani tashkilotning iqtisodiy ahamiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Bugungi kunda SHHTga aʼzo davlatlar yalpi ichki mahsulotining umumiy hajmi jahon koʻrsatkichining qariyb chorak qismini tashkil qilmoqda. Bu esa endigina 20 yoshga toʻlgan ushbu mintaqaviy Tashkilot tomonidan dunyoning barqaror rivojlanishiga qoʻshilayotgan hissasining salmogʻi yuksak ekanidan dalolat beradi.

Yangi sinovlar va imkoniyatlar vujudga kelayotgan bugungi dunyoda SHHTning transformatsiyasi va yuksalishi uchun nafaqat aʼzolar sonining koʻpayishi hisobiga, balki tashkilot rivojining yangi strategik yoʻnalishlarini ilgari surish orqali keng istiqbollar mavjud. Bu oʻrinda gap transport
va oʻzaro bogʻliqlik, energetika, oziq-ovqat va ekologiya xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli transformatsiya va “yashil” iqtisodiyot kabi muhim yoʻnalishlar haqida bormoqda.

 

Oʻzbekistonning SHHTdagi raisligi: birgalikda rivojlanish orqali umumiy muvaffaqiyat sari

Oʻzbekiston Respublikasi Shanxay hamkorlik tashkilotiga raislik qilishdek masʼuliyatli vazifani oʻz zimmasiga olgach, asosiy eʼtiborni hamkorlikning yangi ufqlarini ochish va har bir ishtirokchi mamlakatning foydalanilmagan rezervlarini ishga solish orqali Tashkilotni jadal rivojlantirish strategiyasiga qaratdi.

Bizning asosiy shiorimiz – «Har birimiz kuchli boʻlsakkina SHHT kuchli boʻladi». Uni amalda roʻyobga chiqarish yoʻlida Tashkilotni yanada kuchli va xalqaro hamkorlarimiz uchun yanada jozibador boʻlishiga erishish uchun jiddiy harakat qildik.

Yil davomida oʻtkazilgan saksondan ortiq yirik tadbirlar doirasida SHHT uchun keng qamrovli kun tartibi shakllantirildi. Bunda xavfsizlik sohasidagi aloqalarni yanada kengaytirish, transport va iqtisodiy oʻzaro bogʻliqlikni kuchaytirish, Tashkilotning xalqaro maydondagi oʻrnini mustahkamlash, rivojlanishning yangi yoʻllari va nuqtalarini izlash kabi koʻplab muhim masalalar qamrab olindi.

Oʻz taraqqiyotining yangi tarixiy bosqichida turgan SHHT uchun katta istiqbolga ega bu yoʻnalishlar Oʻzbekistonning raisligi davrida tayyorlangan oʻttizdan ortiq konseptual dastur, kelishuv va qarorlarda oʻz aksini topdi.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, mamlakatimizning SHHTga raisligi yurtimizda keyingi olti yilda amalga oshirib kelinayotgan faol va ochiq tashqi siyosatning mantiqiy davomi boʻldi. Bu siyosat, eng avvalo, SHHTning geografik oʻzagi boʻlmish, bugungi kunda yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlikni mustahkamlash borasida ijobiy va ortga qaytmas jarayonlar roʻy berayotgan Markaziy Osiyo mintaqasida amalga oshmoqda.

SHHTga aʼzo barcha davlatlar – eng yaqin qoʻshnilarimiz, doʻstlarimiz va strategik hamkorlarimizdir.

Tashkilotga raislik bizga ular bilan koʻp tomonlama kooperatsiyani yanada mustahkamlash barobarida har bir davlat bilan ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish hamda yanada keng qamrovli sheriklik uchun yangi yoʻnalishlarni belgilab olish uchun yaxshi imkoniyatlar berdi.

Shunga ishonchim komilki, bugun SHHT doirasida shakllangan mana shunday ijobiy va muvaffaqiyatli tajribadan Afgʻonistonni rivojlantirish masalasida ham foydalanish oʻta muhim va dolzarbdir. Shak-shubhasiz, Afgʻoniston SHHT makonining ajralmas qismi sanaladi. Bugun afgʻon xalqi qoʻshni va xayrixoh davlatlar koʻmagiga har qachongidan ham muhtoj. Afgʻonistonga birgalikda yordam qoʻlini choʻzishimiz, mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga, mintaqaviy va global taraqqiyot jarayonlariga integratsiyalashuviga koʻmaklashishimiz va shu orqali ushbu davlatning koʻp yillik inqirozdan chiqishi uchun qulay sharoit yaratib berish bizning maʼnaviy burchimizdir.

Asrlar davomida global miqyosdagi davlatlar va mintaqaviy kuch markazlari oʻrtasidagi qarama-qarshiliklarda bufer rolini oʻtab kelgan Afgʻoniston endilikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi koʻprik vazifasini bajarishdek yangi tinchlik missiyasida oʻzini namoyon etmogʻi lozim.

Bunday oʻzaro manfaatli mintaqalararo hamkorlikning namunaviy ramzi sifatida Transafgʻon koridorining qurilishi loyihasini aytish mumkin. Shuni ham anglash muhimki, «Termiz – Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yoʻli kabi qoʻshma infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali, biz ijtimoiy-iqtisodiy va transport-kommunikatsiya vazifalarini hal etibgina qolmasdan, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlashga ham salmoqli hissa qoʻshishimiz mumkin.

Oʻzaro pozitsiyalarimizni yaqinlashtirib, tinch, barqaror va farovon Afgʻoniston uchun SHHTning yangi kun tartibini birgalikda ishlab chiqa olishimizga aminman. Shundagina tom maʼnoda barqaror va izchil rivojlanayotgan, yaxlit xavfsizlikka ega boʻlgan SHHT makonini barpo eta olamiz.

 

“Samarqand ruhi” – hamkorlik, oʻzaro anglashuv va doʻstlik ifodasi

Savdo-iqtisodiy va ishlab chiqarish aloqalarining jiddiy uzilishiga olib kelgan uch yillik “pandemiya tanaffusidan” soʻng SHHT mamlakatlari va xalqlariga toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot zarur.

Buyuk Ipak yoʻlining durdonasi boʻlgan qadimiy Samarqand shahri jahonning oʻn toʻrtta mamlakati yetakchilarini Tashkilotning va unga aʼzo har bir davlatning farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladigan yangi va ilgʻor taklif hamda tashabbuslari bilan kutib olishga tayyor.

Ushbu afsonaviy shahar Shanxay hamkorlik tashkiloti tarixida muvaffaqiyatning yana bir sahifasini ochishiga shubha yoʻq. Samarqandning shonli tarixiy merosi bunga xizmat qiladi. Koʻp asrlar mobaynida bu shahar Yevropadan Xitoygacha boʻlgan mamlakatlarni mustahkam rishtalar bilan bogʻlab, Shimol va Janubni, Sharq va Gʻarbni yagona chorrahada tutashtirgan.

Azal-azaldan Samarqand turli gʻoya va bilimlar “qaynagan” makon boʻlib, bu maskanda insoniyatning tinch va farovon yashash, oʻz kuch va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish, baxtli hayot kechirish kabi mushtarak maqsadlari mujassam boʻlgan. Bu tabarruk zaminda yashaydigan har bir odam, yaxshi qoʻshni – bu Xudo insonga ato etgan baxtning bir boʻlagi ekanini, tinch-totuv qoʻshnichilik esa barakot manbai ekanini chuqur anglagan. Zero, hamkorlik, savdo, ijod, ilm-fan va sanʼat, insoniy gʻoyalar ustuvor boʻlgan joyda ezguliklar koʻpayadi, xalqlar farovon va oʻzaro ahil yashaydi.

Bugun zamonaviy va jadal rivojlanayotgan infratuzilmalarga ega boʻlgan Samarqandning bunday noyob jihatlari uni mintaqaviy va global xatarlarni birgalikda muhokama qilish, bu borada zarur yechimlarni izlab topish uchun eng qulay va maqbul maydonga aylantirmoqda.

Insoniyatning bir butunligi va oʻzaro bogʻliqligi shu darajada yuqoriki, mavjud xatarlarning aksariyati nafaqat mintaqalar, balki umumjahon miqyosida hamkorlik qilishni taqozo etmoqda.

Koʻp yillik birgalikdagi ishlarimiz tajribasiga tayanib ishonch bilan aytamizki, SHHTning Samarqand sammiti umumiy xavfsizlik va taraqqiyot yoʻlidagi oʻzaro hurmat, ishonch, konstruktiv hamkorlik prinsiplariga asoslangan yangi, inklyuziv muloqotni yoʻlga qoʻyish borasida oʻziga xos namuna boʻla oladi.

Samarqand tashqi siyosat bobida ustuvor yoʻnalishlari turlicha boʻlgan davlatlarni birlashtirish va murosaga keltirishga qodir aynan shunday platformaga aylana oladi.

Tarixan shakllangan tushunchaga koʻra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va boʻlinmas boʻlib koʻrinadi. “Samarqand ruhi” degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam boʻlib, u xalqaro hamkorlikning, jumladan, SHHT doirasidagi sheriklikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish borasida mustahkam poydevor boʻlishi mumkin.

Aslini olganda, “Samarqand ruhi” bundan 20 yil avval mamlakatlarimizning davr talablariga mos, yangi tashkilotni yaratishiga turtki bergan “Shanxay ruhi”ni uygʻun ravishda toʻldirib turadi.

Shu sababdan aminmizki, Samarqandda SHHT hayotining yangi bosqichi boshlanishiga guvoh boʻlamiz – Tashkilotning tarkibi kengayib, uning kelajak kun tartibi shakllanadi va bunda chuqur ramziy maʼno mujassam.

Ishonchimiz komilki, Shanxay hamkorlik tashkilotining boʻlajak sammitida qabul qilinadigan qarorlar mintaqaviy darajada ham, global miqyosda ham muloqot, oʻzaro anglashuv va hamkorlikni mustahkamlashga salmoqli hissa qoʻshadi.

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?