Shahrisabzda “Moʻynoqqa madad” xayriya velomarafoni oʻtkazildi
Shahrisabz shahrida Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Qashqadaryo viloyat Kengashi faollari, deputatlar, Shahrisabz shahar hokimligi, viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, turizm va sport, xalq taʼlimi, ichki ishlar, madaniyat boshqarmalari, Yoshlar ishlari agentligi hamda boshqa qator tashkilotlar hamkorligida “Moʻynoqqa madad” xayriya velomarafoni oʻtkazildi.
Tadbir doirasida shaharning “Tutzor” mahallasida karnay-surnay sadolari ostida “Koʻchat ekish” aksiyasi — obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari olib borildi. Qadimiy va navqiron Shahrisabz shahriga yana-da koʻrkamlik baxsh etish maqsadida markaziy koʻchalar boʻylab turli anvoyi gullar ekildi.
“Moʻynoqqa madad” xayriya velomarafoni boshlanishi oldidan shaharning Amir Temur xiyoboni bayramona tus oldi. Start “Koʻkgumbaz” tarixiy obidasi oldida oʻrnatilib, velosportchilar va mahalliy havaskorlar Buyuk ipak yoʻli hamda Bahodir Taragʻay koʻchalari boʻylab “Oqsaroy” maydonida oʻrnatilgan “finish” arkasigacha yetib kelishdi.
Ushbu xayriya velomarafonda Shahrisabz shahar hokimi Akram Sulaymonov hamda hokimlik vakillari, faxriy sportchilar, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari hamda turli yoshdagi oʻgʻil-qiz ishtirokchilar qatnashib, oʻz imkoniyatlarini sinab koʻrishdi.
“Moʻynoqqa madad” xayriya velomarafoni doirasida Amir Temur xiyoboni boʻylab, Prezidentimiz tomonidan hayotga joriy etilgan beshta muhim tashabbus doirasida Shahrisabz shahrida koʻrgazmali chiqishlar uyushtirildi. Jajji bolajonlar taekvondoda oʻz mahoratlarini namoyish qilishgan boʻlishsa, xotin-qizlar qoʻl mehnati mahsuli boʻlmish milliy hunarmandchilik mahsulotlari koʻrgazmasini tashkil etishdi. Ayniqsa, yosh maqomchilar ijrosidagi diltortar qoʻshiqlar barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.
— “Moʻynoqqa madad” xayriya velomarafonni oʻtkazishdan asosiy maqsad mamlakatimizda velosportni ommalashtirish, yoshlarning sport bilan shugʻullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, Orolboʻyi hududida yashayotgan aholining turmush sharoitlarini yaxshilash hamda keng jamoatchilik eʼtiborini dolzarb ekologik muammolar yechimini topishga qaratishdan iborat, — dedi Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengash raisi Narzulla Oblomuradov. — Shuni alohida taʼkidlash joizki, Ekologik velomarafon doirasida jalb etilgan xayriya va homiylik mablagʻlari Ekologik partiya tashabbusi bilan Moʻynoq tumani Ali ovul qishlogʻini obod qilish, sugʻorish-irrigatsiya tizimlarini yaxshilash, toza ichimlik suvi tarmogʻini tortish, ish oʻrinlari yaratish va aholining boshqa muammolarini hal etish boʻyicha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirildi.
Gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ishtirokchilarga turli darajali diplom va faxriy yorliqlar hamda homiy tashkilotlar tomonidan tayyorlangan qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.
Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Inson Faxri” milliy mukofoti sohiblari taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring