Shahrisabz tumanida ikkita mikroGES quriladi

11:07 13 Sentyabr 2019 Jamiyat
857 0

“Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati 2020-yilning oxirigacha viloyatimizda ikkita yangi mikroGESni qurib foydalanishga topshirishni rejalashtirmoqda. Ularning umumiy quvvati 2260 kilovattga teng boʻlib, qurilish xarajatlari 1 million 460 ming AQSH dollarini tashkil qiladi. Bu haqda “Qashqadaryo” gazetasi saytida xabar berildi.

Aksiyadorlik jamiyatidan olingan maʼlumotlarga qaraganda, 2017-2021-yillarda qayta tiklanuvchi energetikani yanada rivojlantirish, iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish chora-tadbirlari dasturi doirasida Qashqadaryoda qurilajak bu mikroGESlarning ikkalasi ham Shahrisabz tumani hududida - sobiq “Oqsuv” kichik gidroelektrstansiyasida va “Hisorak GES” unitar korxonasi qoshida bunyod etiladi.

“Oqsuv” mikroGESining hisob-kitob quvvati soatiga 1260 kilovattni tashkil qilib, loyiha qiymati 760 ming dollar atrofida boʻlishi kutilmoqda. U yerda suv oqimi rejimining davomiyligi bir yilda 10 oydan iborat deb baholanmoqda. Hisorak gidroelektrstansiyasi qoshida quriladigan mikroGESda mazkur koʻrsatkich 6 oyga teng boʻlib, quvvati 1000 kilovattga yetishi nazarda tutilgan. Ushbu inshootni barpo qilishga 700 ming dollar miqdorida investitsiyalar yoʻnaltirish moʻljallanmoqda.

Oʻtgan oyning oxirida “Oʻzbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati viloyatimizda quriladigan bu ikki obyekt uchun gidroenergetik asbob-uskunalar, shu jumladan, gidroturbinalar va gidrogeneratorlar, shuningdek, mikroGESdagi texnologik jarayonlarning avtomatlashirilgan boshqaruv tizimi jihozlarini sotib olish boʻyicha eng yaxshi takliflar tanlovini eʼlon qildi. Unda gʻolib chiqqan kompaniyalar zimmasiga moliyalashtirish amalga oshirilgan kundan boshlab 8 oy ichida asbob-uskunalarni olib kelib oʻrnatish va montaj qilish, shuningdek, mahalliy mutaxassislarni oʻqitib, mikroGESni ishga tushirish va sinovdan oʻtkazish majburiyati yuklanadi.

Umuman olganda, mamlakatimiz gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida respublika miqyosida mikroGESlar qurish boʻyicha jami 19 ta pilot (tajriba) loyihasini amalga oshirish koʻzda tutilgan boʻlib, ularning umumiy hisob-kitob quvvati 10 ming kilovattdan ortiq. Qurilishiga jami 12 million dollardan ziyod mablagʻ ajratiladi. Joriy yilning toʻrtinchi va kelgusi yilning uchinchi-toʻrtinchi choraklarida Fargʻona viloyatida bitta, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida ikkitadan, Jizzaxda uchta, Samarqandda beshta, Andijon viloyatida esa oltita mikroGESni ishga tushirish moʻljallanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?