“Seni eslaymiz, unutmaymiz, kitob” yoki bolaga kitob berish esdan chiqyaptimi?

16:39 31 Avgust 2020 Jamiyat
615 0

Foto: O'zA

Qoʻshni qizga bagʻishlayman

Norvegiyaning kichik shaharchalaridan birida kitobga haykal oʻrnatilibdi. Ajabo! Haykalga “seni eslaymiz, unutmaymiz, kitob” deb yozilgan. Bu goʻyoki xotirlashga oʻxshaydi. Ular-ku kitobga boʻlgan munosabatini shu tariqa bildirdi, biz nima qildik? Yosh boladay hali ham kitobmi, telefon deb tortishib yuribmiz. Vaholonki, bolaga kitob bermayapmiz... avvalgiday koʻp kitob yozmayapmiz ham...

Bugun “Bolam telefon koʻp koʻradi, kitob oʻqimaydi. Hozirgi kitoblar boʻlmabdi, shu ham kitobmi?” deya taʼna qiladigan odamlar koʻpayib ketgan. “Oʻgʻlim, kitob oʻqi”, deydigan ota-onalar serob. Telefon “moda”ga kirgan mahal oyoq ostidan chiqib, kitob haqida yozishim koʻpchilikka yoqmaydi. Chunki ularning oʻzlari ham kitob oʻqimaydi.

Mazkur maqolani yozishimga qoʻshni qiz sabab boʻldi. Bir safar undan qanday kitob oʻqiyotganini soʻrasam, gʻalati qilib ustimdan kuldi, bu kulguni hecham unutmayman. Darslikdan boshqa kitob ochib koʻrmagan shu avlod vakili meni tinchsizlantirib qoʻydi. Hozir xalovatim oʻzimda emas. Kitobda...

Kitobning qadri, uning naqadar inson maʼnaviyati uchun ozuqa ekanligi toʻgʻrisida yozib oʻtirmayman. Negaki, bu haqda koʻp bitilgan. Jorj Luis Borxesning fikriga qoʻshilgan holda jannat kitobga oʻxshagan joy boʻlsa kerak, deb oʻylayman. Sababi koʻpchilik odamlar jonsiz deb bilgan kitoblar ularga qanchalik savodsiz ekanliklarini isbotlab bera oladi. Bugun bunday misollar juda koʻp...

Yaqinda 35 ming auditoriyasi bor kontentda “Karantin vaqtida bolangiz, nima bilan mashgʻul?” soʻrovnomasi oʻtkazildi. Unda 44 foiz respondent oʻgʻlining telefon ushlayotgani, atigi 10 foizi kitob oʻqish bilan band ekanligini maʼlum qilgan. Kitobni telefon deb bilib, uni oʻqiyotgan shu avlodga kelajak taqdirimiz bogʻlanganini unutib qoʻymaylik. Zero, biz faqat bugun emas, kelajakda ham yashaymiz.

“Bolaning qoʻliga kitobni maktabda berish kerak. Agar u kitob bilan birga ulgʻaysa, katta boʻlsa ham u doʻsti boʻlib qoladi. Men “Kitosevarlar” toʻgaragiga rahbarlik qilaman. Toʻgaragimga qatnayotgan aksar yoshlar kitobni maʼnaviy zavqqa emas, maqsad uchun oʻqiydi. Kimdir “Spark” yutmoqchi, boshqasi oʻqishga kirish niyati bor. Bu moddiyat uchun kitobga ehtiyojdan qoʻrqaman... Ayrim davlatlarning hali ham kitobdan voz kechmayotgani meni hayron qoldiradi. Italiyaliklar 5 yoshdan soʻng bolalariga televizor koʻrishni cheklar ekan. Yaponiyada 7 yashar bola kamida 10 ta ertak bilishi shart hisoblanadi. Kitob oʻqishga imkon qoldirayotgan, yaratayotgan davlatlarning bu usullarni qoʻllashi bizga ham joriy etilsa, oʻz samarasini berar, balki ”, deydi kutubxonachi Raoʻshan Qutlimuratova.

Fahmlashimcha, Raoʻshan opa kitob oʻqishni anʼana, qadriyatga aylantirish kerak demoqchi. Bolani sunnat qilish, oʻz vaqtida maktabga berish, 40 kun goʻdakni choʻmiltirish dasturiga oʻxshab 5 yoshdan ertak oʻqishini ham dasturga qoʻshib, ommalashtirsak, kun kelib bu ishimiz samara berar. Vaqt koʻrsatar...

“Kitobsiz bilim yoʻq, bilimsiz kitob yoʻq”. Biz aksar hollarda farzandimizni kitobga qaytarish uchun nasihat usulidan keng foydalandik. “Kitob oʻqi, oʻqisang odam boʻlasan” deya qulogʻiga quydik. Oqibatda, taftologik soʻzimizda qadr qolmadi. Janubiy korealik bolalarning yangi texnologiyalar davrida ham kitob mutolaa qilishi sirini izlab topdim. Internetda oʻqigan koreyalik ota gaplaridan buni anglagandayman. Ushbu kichik hikoyaning soʻzma-soʻz tarjimasini keltiraman: “Bolam kitob oʻqimay qoʻydi. Darsdan kelsa, kompyuteri oldidan siljimaydi. Uning kelajagi meni tashvishga soladi. Oʻgʻlimga kitoblar sovgʻa qilaman, qiziq voqealar aytib beraman. U maʼnosiz eshitardi meni. Bir kuni men ota sifatida bolam tarbiyasida qattiq yanglishayotganimni sezdim. Ishdan kelsam, kitob oʻqishni odat qildim oʻzimga. Toʻgʻri, yumushdan charchab kelib, dam olgim, choʻzilib yotgim keladi. Ammo bu xalovatdan ham muhimroq narsa bor edi. Har kuni kitob oʻqidim. Bolam betashvish, beparvo edi. Oradan 2 oy oʻtib, u mendan “nima qilyapsiz”, deb soʻray boshladi. 4 oy oʻtgach “qanday kitob bu”, dedi. 6 oy oʻtib, “ichida nima bor”, 2 yil oʻtganda oʻzi ham kitob oʻqiy boshladi. Bu kichik eksperimentni barcha otalarga tavsiya qilaman. Sinalgan”...

Kitob oʻqishga qiziqtirishning usullari bor. Nasihat, koʻrsatish, isbotlash metodlari doimo oʻzini oqlay bermaydi. Bugungi kungacha hamma uchun yagona, samarali usul oʻylab topilmagan. Olimlarning aytishicha, bolaga koʻproq taʼsir koʻrsatuvchi shaxs — ona. Demak, kitobga ham mehrni ona uygʻotadi. Negaki, bola uchun onasidan kuchli, undan ideal odam boʻlmaydi dunyoda. Ona kitob oʻqimasa, bolada ayb yoʻq. Ularni koyishga hojat ham...

Oʻtgan oy jurnalistlar yigʻilgan veb-guruhda kitob mutolaasi haqida fikrlashdik. Quoʻatbay Xojanov degan jurnalist 2-sinf oʻgʻliga doʻkondan yoshiga yarasha sotib olgan kitoblarini choy ustida turmush oʻrtogʻi bilan reklama qilishini aytdi.

— Bu kitobni onang bilan oʻqishga vaqt yoʻq, ishdan ortmaymiz. Sen oʻsha ertaklarni oʻqib, bizga aytib bergin”, deb oʻgʻlimga topshiriq beramiz. U tunda bizga ertak aytadi. Bu oilamiz uchun zoʻr tajriba boʻldi, — deydi jurnalist.

Xoʻjaylidagi 33-maktab oʻqituvchisi Nurzada Serjanova oʻzining oʻquvchilar uchun sinf kutubxonasini ochganini yozdi.

— Maktabimiz kutubxonasida qoraqalpoqcha kitoblar kamnamo, bolalar izlagan asarini topolmay halak, — deydi u. — Bu muammoni tegishli odamlarga aytib charchadik. Non pishmagach, uydagi bor kitobimni sinfga olib keldim. Qoʻl-oyogʻi chaqqon bir bolani sinf kutubxonachisi etib sayladim. Bolalar bir biridan rang olar ekan, kitob oʻqiyapti. Ularga dars vaqtida bir asarni hikoya qilib, eng qiziq joyiga kelganda toʻxtataman. Oʻquvchilar oʻzlari qiziqib, shu kitobni topib oʻqishadi. 25 yillik pedagog sifatida bolaga oʻzimiz namuna boʻlsak, ota-onalari ham bizga yordam bersalar bolalar kitobga, albatta qaytadi.

Bolani kitobga olib kirishning usullari turfa. Aslida, kitobga qiziqmaydigan bola boʻlmaydi, qiziqtira olmaydigan “kattalar” boʻladi. Har qanday davrda, sharoitda ham kitob oʻqilgan, oʻqilaveradi. Internet 10 “G”da ishlasa ham, hamma narsa elektronlashsa ham, kitob arxivlashmaydi. Kitob oʻqimaslikka ming bahonalar topilganda ham, uni oʻqish uchun yagona chora topiladi.

"Ishim kir yuvish. Kun boʻyi ishlab toliqaman. Kelsam, qizim darsda bilmagan narsalarini mendan soʻraydi. Charchab turibman, deb qaytargan vaqtlarim boʻlgan. Oʻgʻlim ertak kitoblarga qiziqardi. Undagi voqealar boʻyicha izoh soʻrasa, boshimni ogʻritma», deb jerkib berganlarim yodimda. Hozir pandemiya sababli uydaman, ammo oʻsha yoʻqotilgan vaqtimni ortga qaytara olmayapman, na oʻgʻlim, na qizim mendan hozir soʻraydi. Ular kitob oʻqimay qoʻygan”, — deydi T. Aytmuratova.

Shu oʻrinda bir ekolog oʻqituvchining aytgan gaplari esga tushadi. Ayni paytda bir kunlik 24 soat 18 soatga qisqaribdimish. Yer oʻz oʻqidan chiqib ketganga oʻxshaydiki, vaqtni ushlab boʻlmayapti. Ota-onalar ishda, uyga kelib ham hech narsaga ulgurmayotgandek. Koʻcha tozalaydigan opaning taʼbiri bilan aytganda, «oʻgʻlimdan kitob soʻrash tugul, choyimni bazoʻr ichaman». Demak, ota, ona ishda boʻlsa, ularga tarbiya berish zimmasi biz, jurnalistlarning yelkasiga ham “oʻtyapti”. Bolalarning televizor koʻp koʻrishini hisobga olsak, kitobga chaqiradigan koʻrsatuvlar koʻpayishi kerak. Sifatli, qiziqarli, interaktiv dasturlar, albatta, boʻlishi shart...

— Yaqinda darsimda talaba qizning gapini eshitib, hayron qoldim, — deydi ona tili va adabiyoti fani oʻqituvchisi G.Bekniyazova. — Aytishicha, oʻqiyotgan kitoblaridan oʻzi, hayoti va doʻstlari taqdirini koʻrmasmish. Yana bir talaba esa “hadeb tarixga qaytaveramizmi endi, bugunning haqiqati qayerda kitoblardagi”, deya piching qiladi menga. Ularga hech narsa deyolmadim. Deyolmasdim ham. Qachonki, bugun kitoblarga tushmasa, bolalarni kitobda uzoq vaqt olib qolish amri mahol. Shu oʻrinda yana bir gap: “Agar siz oʻqishni xohlagan kitob hali yozilmagan boʻlsa, demak, uni yozishni boshlashingiz kerak.

“Bugungi yoshlarning ichida gap turmaydi, shartta aytadi”, deb shuni aytsalar kerak odamlar. Bilishimcha, nashr qilinayotgan kitoblar yetarli. Muqovasidan qoʻling koʻrinadigan kitoblar ham bor orasida. Nashriyotlardan chiqayotgan kitoblarning sifati, maʼnosiga javobgarlik qay darajada ekanligi qiziqtiradi koʻpchilikni...

N.Bern “Yoʻqotilgan avlod” asarida kelajakni faqat tarbiya qutqara oladi, degan yechimga keladi. Tarbiyani esa uchtalik tashkil etadi: ota-ona, jamiyat, kitoblar.

Fikrlarimni ortiq davom ettirolmayman. Chunki aytilajak gap koʻp, vaqt yoʻq. Oxirgi gap: “Agar oʻzingizni kelajakda baxtiyor koʻrishni xohlasangiz, bolangizga kitob bering”... Kitob...

Qumar Begniyazova,
jurnalist

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?