Senatorlar Toshkent viloyatidagi dolzarb masalalarni oʻrganishdi

21:24 12 Fevral 2021 Jamiyat
1223 0

Joriy yilning 10 — 12-fevral kunlari Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qoʻmitasi raisi Qutbidin Burxonov va Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova Toshkent viloyatining bir qator tuman va shaharlar aholisi va yoshlar vakillari bilan uchrashdi. Samimiy va oshkora oʻtgan suhbatlarda senatorlar kishilarni qiynab kelayotgan muammolar yechimini topishga alohida eʼtibor qaratdi. Senatorlarning birinchi va ikkinchi ish kunlari Nurafshon shahrida yakun topdi. Ohangaron, Piskent Boʻka tumanlari, Olmaliq va Ohangaron shaharlaridan tashrif buyurgan kishilar joylardagi mahalliy hokimlik mutasaddilari, korxona va tashkilotlar rahbarlarining masʼuliyatsizligi bois yillar davomida hal etilmagan ijtimoiy masalalar, turmush qiyinchiliklari yuzasidan murojaat qilishdi.

Uchrashuvlarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn ikkinchi yalpi majlisida koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi. 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi ijrosini taʼminlash borasidagi Davlat dasturining mazmun-mohiyati atroflicha muhokama qilindi.

— Viloyat hududidagi barcha uchrashuvlarda mahallabay ishlash tizimni izchil yoʻlga qoʻyish, kishilar eʼtiroz bildirayotgan ijtimoiy muammolarni tezkor hal qilishga tegishli soha vakillarini jalb etish, bu borada ularning masʼuliyatini oshirish lozimligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda, — deydi Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi kotibiyat mudiri Sayyora Fayziyeva. — Yoshlar muammolarini oʻrganish, ular bandligini taʼminlashda viloyat Kengashi zimmasida ham tegishli vazifalar mujassam. Shu bois, senatorlarning bu galgi tashrifida joylardagi muammolarni hal etishda mahalliy kengashlar deputatlarining faoliyatiga ham baho berilmoqda. Ayni damda, aholi eʼtirozlariga sabab boʻlayotgan ayrim qonunlarni koʻrib chiqish, saylov qonunchiligini takomillashtirish, jinoyat kodeksi va boshqa hujjatlarga kiritilayotgan oʻzgartishlar, voyaga yetmagan yoshlar huquqlarini mustahkamlash borasida ham hali koʻplab dolzarb masalalar borligi bayon etildi.

— Oliy Majlis Senatiga Toshkent viloyatidan tushgan 11 ta murojaatni olib kelgandim, — deydi, Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonova. — Bu yerdagi yuzma-yuz muloqotlarda esa yana-da gʻayrat bilan ishlashga toʻgʻri kelyapti. Shu tufayli 20 dan ortiq bandlik, uy-joy, kredit olish, ijtimoiy himoya va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha fuqarolar, jumladan, ayollar murojaatlarini koʻrib chiqdik. “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” borasida hali muammolar, yechim topmagan masalalar juda koʻp. Tadbirkorlikka moyilligi bor yoshlar boshqaruv quyi boʻgʻinlarida byurokratik munosabatlarga duch kelishmoqda. Bunda albatta ularning huquqiy savodxonligi yoʻqligi pand berayotir. Joylarda Bandlik boʻlimi tomonidan yoshlarni qayta oʻqitish, biror bir kasbga yoʻnaltirish borasida ham hali koʻp mehnat qilishimiz kerakligi yuzaga chiqyapti.

Senatorlar bilan uchrashuvlarda oshkoralik mezonlariga alohida eʼtibor qaratilgani tufayli yoshlar oʻzlarini qiynab kelayotgan masalalarni roʻyi- rost ilgari surishdi. Ohangaron shahridagi “Iloq” mahallasidan tashrif buyurgan Shohruh Gʻofurov tadbirkorlik qilish uchun kredit olishda muammolarga duch kelayotganini bayon qildi. Ohangaron tumanidagi “Yangiobod” mahallasida istiqomat qiluvchi Nuriddin Qoʻshmatov esa yangi ish oʻrinlari yaratish hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarish faoliyatini yoʻlga qoʻymoqchi. Biroq unga mazkur hududdan yer maydoni ajratish masalasi muammoligicha qolmoqda. Piskentlik Shohruh Anvarov Geodeziya va kartografiya yoʻnalishi boʻyicha kasb-hunar kollejini bitirgan. Zaruriy mutaxassislikka ega boʻlsada, sohada ishlashga vakant oʻrin yoʻqligi bois ishsizlar safida yuribdi.

Senatorlar bilan yuzma-yuz muloqot qilgan ohangaronlik Ziyoda Eshmurodova, Bilol Hamzayev, Abdugʻofir Dehqonov,  Doston Elamasov, Otabek Yoʻldoshev kabi oʻnlab yoshlar chorvachilik, quyonchilik, baliqchilik kabi yoʻnalishlarda ish boshlashga moyiligini bildirishdi. Evaleyk qishlogʻidan tashrif buyurgan Shiringul Ismoilova esa lalmi maydondan 50 gektar yer olgan. Biroq uning  na texnikasi bor, na biznes rejasi. Buning ustiga u dehqonchilik qilmoqchi boʻlgan hududda sugʻorish tarmogʻi mavjud emas. U ishni nimadan boshlashini bilmasdan ovora. Yonidagi fermer xoʻjaligi rahbari esa unga qayishmayotir. Ayol boshi bilan tashabbus koʻtarib chiqqan Shiringul singari yoshlar viloyatda juda koʻp. Biroq ularning pinjiga kirib qoʻllab-quvvatlaydiganlar kam. Aksariyat yoshlarda biznesning nozik sir-sinoatlarini ilgʻash salohiyati hali shakllanmagan. Shu bois mukammal reja asosida ish boshlash, bir soʻm sarflab, ikki soʻm foyda topish uddaburonligi yetishmaydi. Senatorlar  muloqotlarda bildirilgan barcha masalalarni diqqat bilan tinglab, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi mutasaddilariga yoshlarni kasbga yoʻnaltirish, huquqiy bilim va tajribasini oshirish, ulardagi tadbirkorlik koʻnikmalarini rivojlantirish, bankdan kredit va subsidiyalar olishda amaliy yordam koʻrsatish yuzasidan tegishli koʻrsatmalar berishdi.

Oʻrta Chirchiq tumanidagi muloqotlarda ayollarning tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, xotin-qizlar bandligini taʼminlash, mahallabay va oilabay ishlash tizimini yoʻlga qoʻyish borasidagi muammolarni bartaraf etish yoʻl-yoʻriqlari koʻrib chiqildi. Bugun ushbu tumanda istiqomat qilayotgan 153 ming nafardan oshiqroq kishilarning 77 ming nafari mehnatga layoqatli, deb qayd etilgan. Xotin-qizlar ilgari surgan muammolar zamirida 2 ming nafarga yaqin beva hamda 410 nafar yolgʻiz ayollarning dardu tashvishlari mujassam. Hozir tumanda 437 nafar ayollar temir daftarda qayd etilgan. Demak ularning buguni va ertasi haqida oʻylash mahalliy rahbarlar zimmasidagi birlamchi vazifadir. Tumanda istiqomat qilayotgan 29 ming nafardan oshiq ayollarning bor-yoʻgʻi 276 nafari tadbirkorlikka jazm etishgan.

  — “Ayollar daftari” boʻyicha muayyan ishlar natijasida koʻplab xotin-qizlarni kasbga yoʻnaltirishga erishdik,-deydi Oʻrta Chirchiq tumani Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Gulmira Beysenova. —Ishbilarmonlik istagidagi 74 nafar ayollarga imtiyozli kreditlar ajratish ustida ish olib boryapmiz. Xalq banki, Savdo-sanoat palatasi, Hunarmandlar uyushmasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi, Bandlikka koʻmaklashish markazi kabi tashkilotlar bilan Markazimiz oʻrtasida tegishli memorandum imzolanmoqda. Tez kunlarda “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlar sartaroshlik, tikuvchilik, pazandachilik, kompyuter savodxonligi, biznes asoslari kabi yoʻnalishlarda oʻquv kurslariga qatnay boshlaydi. Ularga maxsus sertifikatlar berilib, muayyan ish bilan taʼminlanadi.

Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi Malika Qodirxonovaning Oʻrta Chirchiq tumani ayollari bilan uchrashuvi nihoyatda sermazmun oʻtdi. Tikuvchilik, qandolatchilik, kasanachilik, zardoʻzlik, pazandalik yoʻnalishlarida ish boshlash ilinjidagi tadbirkor ayollar imtiyozli kredit olish borasidagi mavjud muammolarga yechim topishdi. Tumandagi chekka qishloqlardan biri Qoragʻoʻylida yashovchi Dildora Oʻsarovaning hunarmandlik borasidagi ish namunalari uchrashuvga kelgan yuz nafarga yaqin ayollarda katta qiziqish uygʻotdi. U tayyorlagan turli xil suvenirlar nafaqat qishloqda balki Toshkentda ham xaridorgir.

Shodiyor MUTAHAROV,
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер