Senatorlar parlament soʻroviga berilgan javobdan qoniqdimi?

13:58 21 Oktyabr 2020 Jamiyat
232 0

Oliy Majlis Senatining ikkinchi yalpi majlisida tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va ularning nogironligini aniqlash masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan edi.

Bugun, 16-oktyabr kuni boʻlib oʻtayotgan Senatning sakkizinchi yalpi majlisida mazkur parlament soʻrovi natijalari muhokama qilindi.

Majlisda Vazirlar Mahkamasi tomonidan parlament soʻrovi natijalari yuzasidan taqdim etilgan axborotda parlament soʻrovida qoʻyilgan vazifalar ijrosi yetarlicha aks ettirilmaganligi taʼkidlandi.
Xususan, tibbiy-mehnat ekspert komissiyalar tomonidan fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish va ularning nogironligini aniqlash masalalari normativ-huquqiy hujjatlarda yetarlicha tartibga solinmagan, nogironlik profilaktikasi, nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy va kasb boʻyicha reabilitatsiya qilish boʻyicha yaqin, oʻrta yoki uzoq muddatli strategiya qabul qilinmagan.

Shu bilan birga, nogironlikni aniqlash uchun tibbiy-ijtimoiy ekspertiza oʻtkazishda qoʻllanilayotgan mezonlar qirq yil avval ishlab chiqilgan uslubiyotga asoslangan boʻlib, yangi tartib haligacha ishlab chiqilmagan.

Tibbiy-mehnat ekspertiza komissiyalarning nogironlarga xizmat koʻrsatish yuklamasi belgilanmagan, 18 yoshgacha boʻlgan bolalarda va undan katta yoshdagi shaxslarda nogironlikka olib keluvchi asosiy kasalliklar roʻyxati va ushbu kasalliklarda nogironlik belgilash mezonlari, nogironligi boʻlgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya qilishning zamonaviy usullarini joriy etgan holda tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan oʻtkazish mezonlari ishlab chiqilmagan.

Yana bir jihat. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-dekabrdagi “Nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar dasturida nogironlikni aniqlash bilan bogʻliq qator vazifalar bajarilmayapti.

Jumladan, Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimining tibbiy-maslahat komissiyalari va tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari faoliyati tanqidiy qayta koʻrib chiqilmagan, nogironlikni belgilash mexanizmlari va uning muddatlari, shu jumladan, hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi takomillashtirilmagan. Nogironlikni belgilash tizimiga belgilari yaqqol koʻrinib turgan murojaat qiluvchini nogironlik belgilangunga qadar qoʻllab-quvvatlash mexanizmi joriy qilinmagan, ayrim toifadagi nogironligi boʻlgan shaxslar uchun tibbiy tekshiruv oʻtkazmasdan aniqlanishi mumkin nogironlik toifalari uchun statsionar davolanishda majburiy boʻlish tartibi bekor qilinmagan, yordamga juda muhtoj boʻlgan shaxslar uchun sirtdan nogironlik toifasi belgilash hanuzgacha joriy etilmagan.

Ushbu vazifalarni bajarish boʻyicha aniq asos va muddatlar belgilab qoʻyilganligiga qaramay, nogironligi boʻlgan shaxslar nogironligini belgilashda, tibbiy-ijtimoiy xizmatlardan foydalanishda koʻplab ovoragarchilikka duch kelishiga sabab boʻlmoqda.

Majlisda parlament soʻrovida keltirilgan masalalar yuzasidan yetarli darajada amaliy choralar koʻrilmaganligi, tegishli ishlar subyektiv sabablarga koʻra amalga oshirilmaganligi taʼkidlandi.

Shuning uchun Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovida belgilangan vazifalarni ijrosini toʻliq taʼminlash hamda bu haqda kelgusida aniq maʼlumotlar taqdim etish vazifasi yuklandi hamda uning ijrosi Senatning doimiy nazoratida qoldirilishi belgilandi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?