Senatorlar Oʻzbekiston Respublikasida 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasini tasdiqladi

13:39 28 May 2021 Siyosat
501 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn beshinchi yalpi majlisida Oʻzbekiston Respublikasida 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi koʻrib chiqildi.

Maʼlumki, mamlakatimizda soʻnggi yillarda Gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga koʻtarilib, sohaga oid 25 ta qonun hujjati qabul qilindi.

Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi, Senat Raisi rahbarligida Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi tashkil etilishi Oʻzbekistonda gender tenglik masalalariga katta eʼtibor qaratilayotganini ifodalaydi.

Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi.

Siyosiy partiyalardagi xotin-qizlar ulushi 44 foizga, oliy taʼlim sohasida 40 foizga, tadbirkorlikda 35 foizga yetdi, xotin-qizlar axborot-kommunikatsiya, innovatsiya, energetika, muhandislik sohalariga keng jalb etilmoqda.

Boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga yetdi. 81 ta vazirlik va idorada ilgʻor va bilimli ayollardan iborat 15 ming nafardan ortiq kadrlar zaxirasi shakllantirildi.

Xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash, ular bilan manzilli ishlash maqsadida “Ayollar daftari” tizimi joriy etildi.

Ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollarning oʻqish toʻlovlarini qoplab berish tizimi joriy etildi, oliy oʻquv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni ikki baravarga ortdi;

Ayollar tadbirkorligini rivojlantirish uchun 224 mingdan ortiq xotin-qizga jami 6,9 trln. soʻm miqdorida imtiyozli kredit ajratildi, ularga Xalq banki biriktirildi, 14 ta hududda Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi tashkil etildi.

Zoʻrlik ishlatishdan jabr koʻrgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish tizimi tubdan qayta koʻrib chiqildi.

Sohada olib borilayotgan islohotlar xalqaro reytinglardagi mamlakatimiz oʻrniga ijobiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Xususan, Jahon bankining Ayollar, biznes va qonun indeksida Oʻzbekiston 2020-yilda xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik boʻyicha ahamiyatga molik islohotlarni amalga oshirgan 27 ta davlat qatoriga kiritildi va 5 pogʻonaga yuqorilab, 190 ta davlat orasidan 134-oʻrinni (2019-yilda 139-oʻrin) egalladi.

Oʻzbekiston Respublikasida 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining, “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunning tegishli qoidalari asosida Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan mamlakatning uzoq muddatli maqsadlari va ustuvorliklariga muvofiq ishlab chiqilganligi bilan ahamiyatlidir. Mazkur hujjat qarorlar qabul qilish va ijro etishning barcha sohalarida hamda darajalarida xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasida tenglik tamoyilini tatbiq etishga keng qamrovli yondashuvni nazarda tutadi.

Shuningdek, Strategiya erkaklar va ayollarning teng huquqlari va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish hamda insonning fundamental huquqlariga rioya qilish maqsadida iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotda gender tenglik targʻib qilinishini taʼminlashga xizmat qiladi.

Strategiyada barcha uchun teng huquqli va sifatli taʼlimli taʼminlash, qishloq joylarida qizlarning oliy maʼlumotga ega boʻlishi, xotin-qizlar gender tengligiga erishish, zoʻravonlikka yoʻl qoʻymaslik, odam savdosining oldini olish kabi masalalar qamrab olingan.

Eʼtiborli jihatiga shundan iboratki, mazkur strategiyadagi yoʻnalishlar BMTning 2030-yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq holda belgilangan.

Gender tenglikka erishish strategiyasi asosan, uzoq istiqboldagi maqsadli vazifalardan kelib chiqib, qator ustuvor yoʻnalishlarda amalga oshiriladi. Davlat xizmatida, ijtimoiy-iqtisodiy, oilaviy munosabatlar hamda bolalar tarbiyasi sohasida, saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash shular jumlasidan. Shuningdek, strategiyada gender tenglikni taʼminlash tadbirlarini hisobga olgan holda davlat dasturlarini byudjetlashtirish va moliyalashtirish ham koʻzda tutilgan.

Gender strategiyasini amalga oshirishdan salmoqli natijalarga erishish kutilmoqda. Xususan, yuqori va quyi tizimdagi davlat organlarining rahbarlik lavozimlariga xotin-qizlarni tayinlash amaliyotini kengayadi. Gender nomutanosiblik mavjud boʻlgan davlat organlarida vaqtinchalik kvotalash tizimini joriy qilish orqali xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasidagi mutanosiblik taʼminlanadi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam taʼminlangan, ayniqsa qishloq joylaridagi oilalar xotin-qizlarini ish bilan taʼminlash, ularga munosib mehnat sharoitlarini yaratish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasidagi ishlarning samaradorligini oshirish, shuningdek, oʻzini oʻzi band qilishga erishiladi. Eng asosiysi – xotin-qizlarga nisbatan ish joylaridagi tazyiq va zoʻravonlik holatlarining oldi olinib, jamiyatda ularga nisbatan shakllangan salbiy qarashlarga barham beriladi.

Gender strategiyani amalga oshirish Oʻzbekistonning inson huquqlarini taʼminlash sohasidagi strategik maqsadlar kontekstida qabul qilingan milliy va xalqaro majburiyatlar (Pekin Deklaratsiyasi va Harakatlar rejasi, Xotin-qizlar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish toʻgʻrisidagi Konvensiya, Barqaror rivojlanish maqsadlari va boshqalar) ni bajarishga koʻmaklashadi.

Senatorlar tomonidan jamiyatda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy faolligini oshirish kabi murakkab masalalar birgina davlat hamda jamoat tuzilmalari zimmasiga yuklatilgan vazifa emasligi, bu borada barchaning faol ishtirokini kuchaytirish muhimligi borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Bildirilgan fikr-mulohazalardan kelib chiqqan holda Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?