Senatorlar fuqarolar murojaatlari asosida joylarga chiqib oʻrganishlar oʻtkazmoqda

15:51 02 Fevral 2026 Siyosat
448 0

Oliy Majlis Senati aʼzolari fuqarolar murojaatlarini oʻrganish, mahalliy darajada mavjud muammolarga yechim topish maqsadida bevosita hududlarga borib ishlash amaliyotini izchil davom ettirmoqda. Bu jarayonda mahalliy Kengashlar deputatlari, “mahalla yettiligi”, jamoatchilik vakillari hamda aholi bilan bevosita muloqotlar tashkil etilmoqda.

Kelib tushayotgan murojaatlarning bir qismi joyida hal etilayotgan boʻlsa, murakkab va qoʻshimcha oʻrganish talab etuvchi masalalar Senat nazoratiga olinib, ularni koʻrib chiqishga tegishli davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari jalb etilmoqda.

Shu munosabat bilan, Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi aʼzosi Malika Qodirxonova hamda Yoshlar parlamenti raisi Laylo Aslonova Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan “Yunus Rajabiy” mahallasiga tashrif buyurib, aholi tomonidan bildirilgan murojaat asosida noqonuniy qurilish holatini joyida oʻrgandi.

Fuqarolar tomonidan bildirilgan murojaatda mahalla hududida olib borilayotgan qurilish ishlari shaharsozlik talablariga zid ekani, shuningdek, madaniy meros obyektlari roʻyxatiga kiritilgan Amaliy sanʼat muzeyiga zarar yetkazishi mumkinligi taʼkidlangan.

Oʻrganish jarayonida masʼul tashkilotlar va mahalliy organlar vakillari ishtirokida qurilish ishlarining huquqiy asoslari, belgilangan normalarga muvofiqligi hamda madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish talablariga amal qilinishi yuzasidan kompleks tahlil oʻtkazildi.

Oʻrganish yakunlariga koʻra aniqlangan holatlar boʻyicha tegishli davlat organlariga huquqiy choralar koʻrish, qurilish faoliyatini qonunchilikka muvofiqlashtirish hamda madaniy meros obyektlarini asrashni taʼminlashga qaratilgan taklif va taqdimnomalar kiritilishi belgilandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?