Senator Fargʻonadagi oilaviy bolalar uylarida boʻldi

18:12 19 May 2022 Jamiyat
780 0

Foto: Халқ сўзи

Bolalar, ayniqsa, ota-ona qaramogʻidan bebahra oʻgʻil-qizlarning boshini silab, mehr koʻrsatish xalqimizga xos ezgu qadriyat. Bu borada soʻnggi yillarda milliy mentalitetimizga uygʻun ravishda hayotbaxsh islohotlar roʻyobga chiqarilishi, yaʼni Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari oilaviy bolalar uylariga oʻtkazilishi yuzlab koʻngli oʻksik bolajonlarning oila muhitida kamol yetishiga zamin yaratmoqda.

Ayni kunlarda Oliy Majlis Senati aʼzosi Manzura Salimova Fargʻona viloyatida tashkil etilgan oilaviy bolalar uylarida boʻlib, tarbiyalanuvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni yaqindan oʻrganmoqda.

Taʼkidlash oʻrinliki, bugungi kunda viloyatning Qoʻqon shahri, Dangʻara, Quva, Qoʻshtepa, Toshloq, Oʻzbekiston, Fargʻona va Furqat tumanlarida 16 ta oilaviy bolalar uylari tashkil etilgan va ularda 100 nafar oʻgʻil-qiz tarbiyalanyapti.

— Qoʻqon va Margʻilon shahrida joylashgan Mehribonlik uylaridan turli millatga mansub 7 nafar qizlarni qabul qilganmiz, — deydi Fargʻona tumanidagi “Kelajak va baxt” oilaviy bolalar uyi rahbari Maftuna Teshaboyeva. — Hozirda oilamizning yangi aʼzolari Fargʻona shahri va Fargʻona tumanidagi maktablarda aʼlo baholarga oʻqishyapti. Ularning sport sohasida erishayotgan yutuqlaridan ona sifatida behad quvonaman. Oʻz navbatida oilaviy hayotga tayyorlash maqsadida qizlarimizda milliy qadriyat va anʼanalarimiz, kasb-hunar, mehnat qilish koʻnikmalarini uygʻotishga harakat qilyapman.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?