Senator Amudaryo tumanida amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari bilan tanishdi

18:02 24 Noyabr 2020 Siyosat
232 0

Oliy Majlis Senati Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Bahodir Tajiyev Qoraqalpogʻiston Respublikasi Amudaryo tumanida ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi loyihalarning olib borilishi bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan 2020-2022-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasida roʻyobga chiqariladigan investitsiya loyihalarining manzilli roʻyxati tasdiqlangan. Senator B.Tajiyev boshchiligidagi Ishchi guruh “Amudaryo sohili” fermer xoʻjaligida chorvachilikni rivojlantirish loyihasi bilan tanishdi.

“Toʻlqin” ovulida faoliyat yuritayotgan “Amudaryo sohili” fermer xoʻjaligi tomonidan chorvachilikni rivojlantirish loyihasi doirasida Niderlandiyadan 95 bosh zotdor chorva mollari olib kelingan. Yil yakuniga qadar yana 251 bosh mol olib kelinishi rejalashtirilgan. Qiymati 9 mlrd. soʻmni tashkil etadigan mazkur loyiha tadbirkorning 1 mlrd. soʻmlik oʻz mablagʻi va bankning 8 mlrd. soʻmlik krediti hisobidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, senator va deputatlar investitsiya loyihalarning manzilli roʻyxatiga kiritilgan “Erkin Rasulov asalchi” fermer xoʻjaligi tomonidan amalga oshirilayotgan parrandachilikni rivojlantirish hamda sovutgichli sigʻim tashkil etish loyihasini ham koʻzdan kechirdi. Qiymati 500 mln. soʻm boʻlgan mazkur loyiha ishga tushirilishi natijasida 10 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Qolaversa, meva-sabzavot va poliz mahsulotlarining narxi qish faslida ham barqaror boʻlishiga zamin yaratiladi.

Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi B.Tajiyev mazkur loyihalarni belgilangan muddatlarda toʻliq amalga oshirish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish oʻrinlarini tashkil qilish va aholining turmush farovonligini yana-da yaxshilashga zamin yaratishni taʼkidlab, bu boradagi ishlar maxsus shtab tomonidan muvofiqlashtirilib, yuzaga kelgan muammolar oʻz vaqtida hal etib borilishini qayd etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?