Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining faoliyati tahlil qilindi

12:41 05 Noyabr 2020 Siyosat
206 0

Yaqinda Oliy Majlis Senati Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining videokonferensaloqa tarzida majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Qoʻmitaning joriy yilning oʻtgan davri mobaynidagi faoliyati tahlil qilindi.

Qoʻmita tomonidan 2020-yilning oʻtgan vaqti mobaynida 15 ta Qoʻmita majlisi oʻtkazilib, ularda 50 yaqin masala muhokama etildi. Senat yalpi majlislarida qonunchilik faoliyatini amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan va maʼqullash uchun Senatga kiritilgan Qoʻmita yoʻnalishiga taalluqli 4 ta qonun koʻrib chiqildi hamda 2 marotaba hukumat aʼzolarining axboroti eshitildi.

Bundan tashqari, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus hamda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturining Surxondaryo viloyatida ijro etilishi oʻrganildi. Ushbu yoʻnalishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatlari tuman va shaharlar sektor rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Qolaversa, Buxoro va Qashqadaryo viloyatida “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi holati tahlil qilindi.

Yana bir jihat. Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar hamda oʻrganishlar davomida aniqlangan masalalar yuzasidan davlat boshqaruvi organlariga Qoʻmita aʼzolari tomonidan 30 ga yaqin senator soʻrovi yuborildi.

Majlisda bugungi shiddatli rivojlanish vaqtida bu kabi raqamlar bilan kifoyalanib boʻlmasligi, Qoʻmita aʼzolari faoliyatini yana-da jonlantirish davr talabi ekanligini taʼkidlandi. Ayniqsa, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining qonun loyihalari muhokamalarida yana-da faol ishtirokini taʼminlash hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlayotgan holatlarga oʻz vaqtida munosabat bildirish, Senat huzurida tashkil etilgan Yoshlar parlamenti aʼzolari bilan “ustoz-shogird” anʼanasi asosida yaqin hamkorlik qilish masalalariga urgʻu berildi.

Shuningdek, Qoʻmita aʼzolari oʻz faoliyatlarini tanqidiy-tahliliy jihatdan koʻrib chiqishlari, yana-da faolroq boʻlishlari taʼkidlab oʻtildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?