Senatning oʻn toʻqqizinchi yalpi majlisi 29-sentyabr kuni boʻlib oʻtadi

20:00 28 Sentyabr 2021 Siyosat
527 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi boʻlib oʻtdi. Uni Senat Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn toʻqqizinchi yalpi majlisini 2021-yil 29-sentyabr kuni chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Videokonferensaloqa tarzida oʻtkaziladigan yalpi majlisda “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi, “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi, “Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar muhokama qilinishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunlar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.

Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2021-yil birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha ijrosi hamda Qashqadaryo viloyati hokimining hududlarni rivojlantirish haqidagi hisobotlari, Ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qoʻmitasi raisining faoliyati toʻgʻrisidagi axborot eshitilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlashdagi dolzarb muammolar yuzasidan hukumatga yuborilgan parlament soʻrovi natijalari, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining 2020-yildagi va 2021-yilning oʻtgan davridagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti hamda boshqa masalalar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?