Senatda “Uzbekistan Airways”, “Uzbekistan Airports”, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” hamda “Oʻzmetkombinat” AJning monopol faoliyati tanqidiy muhokama qilindi 

16:55 05 Oktyabr 2020 Siyosat
489 0

2020-yil 5-oktyabr kuni Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasining videokonferensaloqa tarzidagi sayyor majlisi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasida boʻlib oʻtdi. Unda “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports”, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” hamda «Oʻzmetkombinat» aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan ijro etilishi holati muhokama qilindi.

Majlisda Senat aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, majlisda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonun ijrosi holatiga eʼtibor qaratildi.

Temir yoʻl sohasida raqobatbardoshlikni oshirish va raqobat muhitini rivojlantirish holatiga salbiy taʼsir etuvchi bir qator omillar mavjudligi toʻgʻrisida soʻz yuritildi.

Qayd etilganidek, ichki bozorda raqobatning mavjud emasligi sababli “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ xizmatlar sifatini oshirish va moslashuvchan tarif siyosatini qoʻllashdan manfaatdor emas.

“Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJda ixtisosli boʻlmagan aktivlarning mavjudligi temir yoʻl sanoatini rivojlantirish boʻyicha loyihalarni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan katta hajmdagi moliyaviy mablagʻlarni jalb etish imkoniyatini cheklamoqda.

Shu bilan birga, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tomonidan bugungi kunda mijozlar uchun nihoyatda koʻp qulaylik yaratadigan raqamli mahsulotlarni qoʻllash tizimi sust tashkil etilgan.

Yana bir jihat. Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ inventar parkining eskirish darajasi yuqori boʻlib, vagonlar yetishmaydi. Mavjud barcha vagonlarning 80 foizidan koʻprogʻining yosh tarkibi 30 yildan ortiqni tashkil etadi.

Bundan tashqari, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ tizimida raqobatni cheklashning turli shakllari qoʻllanib kelinmoqda. Xususan, jamiyat faqat 4 ta ekspeditorlik tashkiloti bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar tuzgan. Boshqa ekspeditorlarning faqat ushbu tashkilotlar orqali faoliyat olib borishlari tashkil etilib, bu esa ishtirokchilarga tovar, moliya va xizmatlar bozorlarida tengsizlikni keltirib chiqarmoqda.

Aholiga xizmat koʻrsatish tizimida vokzallarga kirish tartibi haddan tashqari tartibga solinib, byurokratik tamoyillarning kuchaytirib yuborilganligi natijasida vokzallarning oʻzini-oʻzi taʼminlashi uchun imkoniyatlardan yuqori darajada foydalanish mumkin boʻlgan xalqaro tajribalar amalga qoʻllanilmasdan kelinmoqda.

Bundan tashqari, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tegishli boshqarmalari buyruqlari bilan “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tizimidagi xalqaro aeroportlar mazkur yoʻnalishdagi xizmatlarni koʻrsatish boʻyicha tabiiy monopoliya subyekti sifatida davlat reyestriga kiritilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK direksiyasi negizida “Uzbekistan Airways” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan. Qolaversa, “Oʻzbekiston havo yoʻllari” MAK tarkibiga kiradigan 14 ta davlat unitar korxonasini masʼuliyati cheklangan jamiyatlarga aylantirilib “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati tashkil etilgan.

Oʻtkazilgan tahlillar jarayonida havo transporti sohasining ichki va tashqi bozorda raqobatbardoshlik holatiga salbiy taʼsir etuvchi bir qator omillar aniqlangani majlisda qayd etildi. Jumladan, “Uzbekistan Airways” AJ mintaqaviy va xalqaro darajadagi parvozlarni amalga oshiruvchi yagona milliy kompaniya ekanligidan raqobat muhiti boʻlmagan sharoitda kompaniyaning faoliyat samaradorligini oshirishga qiziqishi mavjud emas.

2010-yildan buyon kompaniyaning parvozlar soni bor-yoʻgʻi 15 foizga oshgan. Havo texnikasining kam miqdordaligi yangi yoʻnalishlarni oʻzlashtirish, parvozlar sonini koʻpaytirish hamda kompaniya samaradorligini oshirish imkoniyatini cheklaydi.

Shu bilan birga, parvozlar sinflarini tanlashning murakkab tizimi, xarid qilinayotgan xizmatlarning muhim shartlari haqida isteʼmolchilarning axborotga ega boʻlishiga salbiy taʼsir etmoqda.

Qolaversa, “Uzbekistan Airways” AJ tizimida yuk tashishni rivojlantirish qoʻshimcha daromad manbai sifatida koʻrib chiqilmagan. Koʻrsatilgan xizmatlar umumiy hajmida yuk tashish 0,03 foiz ulushni tashkil etadi, bu esa jahon miqyosidagi 35 foizdan ancha past boʻlib, yuk tashish salohiyatidan yetarlicha foydalanilmayotganini koʻrsatadi.

Shuningdek, aeroportlarning zamonaviy ixtisoslashgan uskunalar bilan yetarli darajada jihozlanmaganligi samolyotlarni yuqori sifatli qabul qilish va texnik xizmat koʻrsatish darajasi pastligiga olib kelmoqda. Natijada aeroportlarning hamkor sifatida jozibadorligi pasaymoqda.

Shuningdek, majlisda “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunning «Oʻzmetkombinat» aksiyadorlik jamiyati tomonidan ijro etilishi holatiga urgʻu berildi.

Taʼkidlanganidek, «Oʻzmetkombinat» aksiyadorlik jamiyati 1994-yilda maydalovchi poʻlat soqqalar mahsuloti boʻyicha va 2020-yilda lom va qora metallar chiqindilarini (xarid qilish) tayyorlash xizmati boʻyicha Tovar yoki moliya bozorida ustun mavqeni egallab turgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar davlat reyestriga kiritilgan.

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 20-iyuldagi «Oʻzmetkombinat» AJni boshqarish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qaroriga muvofiq «Oʻzmetkombinat» AJning ustav kapitalidagi davlat ulushini ishonchli boshqarishga “SFI Management Group” MCHJ XK kompaniyasi jalb qilingan.

Mazkur qarorga asosan «Oʻzmetkombinat» AJ respublika hududida qora metall parchalari va chiqindilarni tayyorlash (xarid qilish) boʻyicha yagona vakolatli organ hisoblanadi hamda respublika hududida yigʻilgan metallolom faqat kombinatga topshirilishi lozim.

Shu bilan birga, qora metallardan metall mahsulotlarini ishlab chiqarish bozorida import qilingan metall parchalari va boshqa metall mahsulotlaridan foydalanib faoliyat yuritayotgan 1,2 mingdan ortiq xoʻjalik yurituvchi subyektlar mavjud boʻlsa-da, har yili metalldan tayyorlangan mahsulot ishlab chiqarish va sotish uchun tuziladigan xom-ashyo bazasining moddiy balans jadvali boshqa metall quyuvchi korxonalarning ehtiyojlarini hisobga olmagan holda tuziladi.

Bunda metall parchalarini qabul qilish faqatgina «Oʻzmetkombinat» AJning tizimidagi «Ikkilamchiqorametallar» boʻlinmalari tomonidan amalga oshiriladi. Qora metall parchalari va chiqindilarining xarid qiymatining past narxlarda ekanligi sababli tadbirkorlar va aholi ularni «Oʻzmetkombinat» AJ taklif etayotgan narxlarda topshirishdan manfaatdor emas.

Qolaversa, Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasining 2020-yil 13-maydagi 06/1-783-sonli bayonnomasi bilan joriy yilning 1-iyunidan yil oxirigacha «Oʻzmetkombinat» AJda ishlab chiqariladigan tovarlarning analogini respublikaga import qilishning taqiqlanishi ham raqobat muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Buning oqibatida qurilishda ishlatiladigan metall mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida 8 yil davomida faoliyat yuritib kelgan “MODERN METALL” MCHJ korxonalar guruhi ishlab chiqarishni toʻxtatishi va 700 ga yaqin ish oʻrinlari yoʻqotilishi mumkin.

«Oʻzmetkombinat» AJda mavjud individual imtiyoz va preferensiyalar bozorning boshqa ishtirokchilari uchun teng boʻlmagan sharoit yaratmoqda.

Shuningdek, «Oʻzmetkombinat» AJda katta miqdordagi sohaga taalluqli boʻlmagan aktivlarining mavjudligi moliyaviy mablagʻlar va vaqt resurslarining notoʻgʻri yoʻnaltirilishiga olib kelmoqda.

Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Senat qoʻmitasining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?