Senatda nogironligi boʻlgan bolalar oʻrtasida “Huquq bilimdoni” Ombudsman viktorinasining final bosqichi boʻlib oʻtdi

11:41 25 Dekabr 2025 Siyosat
313 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini, jumladan nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlarini taʼminlash, inklyuziv rivojlanishni kengaytirish hamda taʼlim olishda teng imkoniyatlarni yaratish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu yoʻnalishda nogironligi boʻlgan bolalarning huquqiy bilimlarini oshirish, ularning jamiyat hayotidagi faol ishtirokini taʼminlash muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur maqsadlardan kelib chiqqan holda, joriy yilning 24-dekabr kuni Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman), Oliy Majlis Senati hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasi hamkorligida 3-dekabr — Xalqaro nogironlar kuni, shuningdek Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 77-yilligi munosabati bilan tayanch-harakat aʼzolari shikastlangan bolalar oʻrtasida “Huquq bilimdoni” Ombudsman viktorinasining final bosqichi oʻtkazildi.

Tadbirda Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi Baxrom Abdullayev inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, nogironligi boʻlgan bolalarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish hamda ularning ijtimoiy moslashuvini qoʻllab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanini taʼkidladi. Ishtirokchilarga bilim olish yoʻlida qatʼiyat, oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarish va kelgusidagi hayot faoliyatida yuksak natijalarga erishish tilaklari bildirildi.

Taʼkidlanganidek, mazkur viktorina ishtirokchi bolalar uchun maʼnaviy ragʻbat boʻlib, ularning huquq sohasidagi bilimlarini mustahkamlash, intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda oʻziga boʻlgan ishonchini oshirishga xizmat qildi.

Tadbir doirasida “Huquq bilimdoni” viktorinasi final bosqichi gʻoliblari va sovrinli oʻrin sohiblarini taqdirlash marosimi oʻtkazilib, ishtirokchilarga diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?