Senatda muhim qonun maʼqullandi. U emlash jarayonlari bilan ham bogʻliq 

12:53 31 Iyul 2021 Jamiyat
481 0

Oliy Majlis Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganlar soni dunyo miqyosida 193 mln.dan oshgan boʻlib, kunlik kasallanish holatlari soni oʻrtacha 500 mingdan ortiqni tashkil etmoqda.

Xususan, respublikamizda mazkur infeksiya bilan kasallanganlar soni tobora ortib, ayni vaqtda (2021-yil 27-iyul) umumiy kasallanganlar soni 126 ming nafardan oshgan (vafot etganlar soni 853 nafar). Kunlik kasallanish holatlari 843 ta (+556 ta pnevmoniya)ni tashkil etmoqda.

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hamda xalqaro ekspertlar tomonidan koronavirusga qarshi kurashish va uning yangi toʻlqinlarining oldini olish ommaviy vaksinatsiya orqali muvaffaqiyatli tashkil etilishi mumkinligi yuzasidan tavsiyalar berilgan.

Hozirgi kunga qadar majburiy vaksinatsiya amaliyoti Fransiya, Gretsiya, Avstraliya, Italiya, Latviya, Rossiya, Qozogʻiston, Tojikiston va boshqa davlatlarda joriy etilgan.

“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar doirasida profilaktik emlashlar oʻtkazishni joriy etishi mumkinligi nazarda tutilgan.

Shu bilan birga, “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunda fuqaro yoki uning qonuniy vakili tibbiy aralashuvni rad etish yoki uning toʻxtatilishini talab qilish huquqiga ega ekanligi belgilangan (atrofdagilar uchun xavfli kasallikka chalingan shaxslarga mazkur roziliksiz tibbiy yordam koʻrsatilishi bundan mustasno).

Biroq ushbu Qonunda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud boʻlgan taqdirda aholini profilaktik emlashdan oʻtkazish joriy etilishi mumkinligi yuzasidan norma mavjud emas.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud boʻlgan taqdirda profilaktik emlashdan bosh tortgan shaxslarga nisbatan cheklov choralari nazarda tutilmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Qonunda quyidagilar nazarda tutilmoqda:

birinchidan, “Fuqarolar sogʻligʻini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunning 28-moddasida karantinli va inson uchun xavfli boʻlgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud boʻlgan taqdirda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida aholini profilaktik emlashdan oʻtkazish joriy etilishi mumkinligi toʻgʻrisida aniq norma kiritilmoqda;

ikkinchidan, Mehnat kodeksining 113-moddasida xodim yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud boʻlgan taqdirda joriy etiladigan profilaktik emlashdan oʻtishni rad etgan taqdirda (sogʻligʻining holatiga koʻra qarshi koʻrsatma mavjud boʻlmaganda) ish beruvchi uni ishga qoʻymaslikka haqli ekanligi nazarda tutilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi natijasida koronavirus infeksiyasining yangi toʻlqinlarining oldini olish uchun aholi oʻrtasida ommaviy vaksinatsiyani tashkil etishning qonuniy asoslari yana-da mustahkamlanadi hamda yuqumli kasalliklar tarqalishi xavfi mavjud boʻlgan taqdirda profilaktik emlash oʻtkazishni joriy etish yuzasidan amaldagi qonunchilikdagi mavjud ziddiyatlar bartaraf etiladi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?