Senatda yer maydonlarini oʻzboshimchalik bilan oʻzlashtirish, test va Sardobadagi suv toshqini bilan bogʻliq masalalar tanqidiy muhokama qilindi  

10:36 26 May 2021 Jamiyat
367 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi oʻtkazildi. Majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.

Unda Senat aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda bir qator masalalar muhokama qilindi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksiga muvofiq, Toshkent viloyatida yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar kafolatlari taʼminlanishi holatini oʻrganish natijalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari hamda Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitalari tomonidan ushbu masala oʻrganilgan.

Toshkent viloyatida tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarining kafolatlari taʼminlanishi, yerdan maqsadli foydalanish yuzasidan amalga oshirilgan salmoqli ishlar bilan bir qatorda, ushbu yoʻnalishda muayyan kamchiliklarga ham yoʻl qoʻyilgan.

Xususan, viloyatda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar kafolatlarining taʼminlanishi oʻrganilganda 9 ming 614 ta holatda 1618 ga. yer maydoni oʻzboshimchalik bilan egallab olinganligi aniqlangan.

Shuningdek, viloyat hokimi qarori bilan tadbirkorlik subyektlariga yer ajratib berishda Qibray, Quyi Chirchiq, Ohangaron, Parkent, Yuqori Chirchiq va Boʻstonliq tumanlarida Yer kodeksi talablari bajarilmagan, berilgan yer maydonlaridan tadbirkorlarning qanday foydalanayotgani yetarlicha nazoratga olinmagan.

Bundan tashqari, yer uchastkalari davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyilishidan oldin yetkazilgan zararni qoplash choralari koʻrilmagan va ayrim shaxslarga yetkazilgan zararlar bugungi kungacha ham toʻla qoplanmagan.

Senat Kengashi majlisida hokimiyat va mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining oʻrganish natijalari boʻyicha tayyorlangan maʼlumotnomada keltirilgan holatlar boʻyicha axboroti eshitildi hamda jiddiy xato-kamchiliklarga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslar masalasini koʻrib chiqish va ularga tegishli choralar koʻrish toʻgʻrisida viloyat hokimligi hamda vazirlik va idoralar rahbarlariga koʻrsatmalar berildi.

Kengash majlisida ayrim byudjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalar mablagʻlari shakllantirilishi va ulardan foydalanish samaradorligini oʻrganish natijalari toʻgʻrisidagi masala ham koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, 2018 — 2020-yillarda test sinovlari shaffof va adolatli oʻtkazilishini taʼminlash uchun jamgʻarma hisobidan 93,3 mlrd soʻm sarflangan. Shunga qaramay 2019-2020 oʻquv yili qabuli test sinovlarida ishtirok etish uchun ariza bergan abituriyentlardan 896,4 mln. soʻm ortiqcha toʻlov undirilgan, 30 mlrd. soʻm mablagʻ tijorat banklari depozitlariga elektron saralash tizimisiz toʻgʻridan-toʻgʻri tuzilgan kelishuv asosida joylashtirilgan.

Shuningdek, “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonun talablariga rioya qilmasdan 11,2 mlrd. soʻmlik xaridlar amalga oshirilgan.

Jamoat ishlari jamgʻarmasi mablagʻlaridan 26 ta tuman (shahar) aholi bandligi markazlariga haq toʻlanadigan jamoat ishlarining 2020-yil uchun xarajatlar smetasiga nisbatan jami 259,5 mln soʻm mablagʻ ortiqcha sarflangan.

Bandlik markazlari tomonidan amalda ishsiz deb eʼtirof etilmagan va haqiqatda ish bilan band boʻlgan fuqarolarga 93 mln. soʻm jamgʻarma mablagʻi noqonuniy berilgan. Oxirgi 2 yilda jamgʻarmaning 10 mlrd. soʻmdan ortiq mablagʻi noqonuniy sarflangan.

Majlisda Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba suv ombori” toʻgʻonida yuz bergan texnogen holat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha amalga oshirilishi lozim boʻlgan qoʻshimcha chora-tadbirlar ham koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, texnogen holatdan zarar koʻrgan Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlari aholisiga tezkorlik bilan zarur yordam koʻrsatilgan edi.

Shuningdek, Senat aʼzolari joylarga chiqib tadbirkorlik subyektlari, fuqarolardan kelib tushgan murojaatlar asosida mavjud holatni oʻrganib chiqqan edi. Bu masala Oliy Majlis Senati tomonidan doimiy nazoratga olingan.

Joriy yil aprelida Sirdaryo viloyatida suv toshqini talafotlarini bartaraf etish boʻyicha amalga oshiriladigan chora-tadbirlar doirasida Hukumat komissiyasi tomonidan baliqchilik, chorvachilik va parrandachilik yoʻnalishlariga ixtisoslashgan tadbirkorlik subyektlariga yetkazilgan zarar miqdorini qoplash hamda irrigatsiya va melioratsiya tarmoqlarini qurish-taʼmirlash ishlari uchun zarur boʻladigan mablagʻ miqdori (126 mlrd. soʻm) hisoblab chiqilgan.

Senat Kengashi talab etiladigan mablagʻlarni Oʻzbekiston Respublikasi respublika byudjetidan bosqichma-bosqich ajratish taklifini maʼqulladi.

Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn beshinchi yalpi majlisini 2021-yil 28-may kuni chaqirish toʻgʻrisida Oliy Majlis Senati Kengashining tegishli qarori qabul qilindi.

Videokonferensaloqa shaklida ikki kun (28 – 29-may kunlari) davomida boʻlib oʻtadigan yalpi majlisda bir qator masalalar koʻrib chiqilishi rejalashtirilgan. Shu jumladan, “Transport toʻgʻrisida”gi, “Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sanʼat xodimlari kunini belgilash toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi va boshqa qator qonunlar muhokama qilinishi koʻzda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasida 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi toʻgʻrisidagi masala koʻriladi hamda Vazirlar Mahkamasining Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2020-yil va 2021-yil birinchi choragi yakuni boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlarni eshitiladi.

Yalpi majlisda taʼlim muassasalari bitiruvchilari bandligini taʼminlash bilan bogʻliq muammolar hamda koronavirus pandemiyasidan keyin turizmni tiklash va rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovlari yuborish, shuningdek, boshqa masalalar koʻrib chiqilishi ham rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?