Senatda Buyuk Britaniya parlament delegatsiyasi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

17:37 02 Oktyabr 2023 Siyosat
218 0

Joriy yilning 26-sentabr kuni Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Parlamentlararo Ittifoqdagi Britaniya guruhi raisi Karen Bredli boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.

Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya siyosiy-diplomatik muloqotini kengaytirish, parlament diplomatiyasini faollashtirish, xalqaro maydonda konstruktiv hamkorlikni davom ettirish, xamda savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va tovar ayirboshlash hajmini oshirish yuzasidan fikr almashildi.

Jumladan, Buyuk Britaniya Oʻzbekistonga UK GSP Enhanced Framework Umumiy imtiyozlar tizimi boʻyicha benefitsiar mamlakat maqomini taqdim qilganiga alohida eʼtibor qaratildi. Eslatib oʻtish joizki, ushbu tizim boʻyicha oʻzbek tovarlariga imtiyozlar 2021-yil 1-noyabrdan boshlab qoʻllanilmoqda. Natijada 2022-yilda Oʻzbekistondan Buyuk Britaniyaga eksport hajmi 35 foizga oshdi.

Imtiyozlar tizimining barcha afzalliklaridan samarali foydalanish savdo-iqtisodiy aloqalarni, hamda ishbilarmon doiralar oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishiga alohida urgʻu berildi.

Oʻzbekistonning yaqin kelajakda Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlishi boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar ham muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Buyuk Britaniyaning yirik korporatsiya va kompaniyalarini mamlakatda togʻ-kon sanoati, neft-gaz, telekommunikatsiya, infratuzilma, fintech, farmatsevtika va taʼlim kabi sohalarda loyihalarni amalga oshirishidan manfaatdor.

Tomonlar Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalar izchil rivojlanayotgani qayd etilib, oʻzaro aloqalar va yaqin muloqotni mustahkamlash uchun ikki mamlakat parlamentlari aʼzolarining tashriflarini faollashtirish zarurligiga eʼtibor qaratildi.

Bundan tashqari, ikki mamlakat oʻrtasidagi taʼlim va madaniy-gumanitar aloqalar sohasida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi. Maʼlumki, hozirgi vaqtda Buyuk Britaniyaning yetakchi institutlari bilan kelishilgan holda ilmiy izlanishlar olib borish, mutaxassislarni qayta tayyorlash, qoʻlyozma va artefaktlar bilan ishlash boʻyicha faol hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.

Uchrashuv yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikni kengaytirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер