Senat Vazirlar Mahkamasiga parlament soʻrovi yuborishga qaror qildi

13:46 29 May 2021 Siyosat
318 0

Senatning oʻn beshinchi yalpi majlisida senatorlar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlashdagi dolzarb muammolar toʻgʻrisida parlament soʻrovi yuborish masalasini koʻrib chiqdilar.

Mamlakatimizda joriy etilgan “Yoshlar daftari”, “Ayollar daftari”, “Temir daftar” kabi yangi tizimdan koʻzlangan asosiy maqsad ham aholi, ayniqsa, yoshlar bandligini taʼminlashdan iborat.

“Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasida aholi bandligi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biri etib yoshlarni, ayniqsa qishloq joylardagi yoshlarni, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlari, kasb-hunar maktablari, kasb-hunar kollejlari, texnikumlar, oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ishga joylashtirishni taʼminlash boʻyicha choralarni amalga oshirish belgilangan.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi tomonidan taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash borasida oʻtkazilgan oʻrganishlar hozirda nafaqat oʻrta, balki oliy maʼlumotli yoshlar bandligini taʼminlashda ham hal qilinishi zarur boʻlgan ayrim masalalar borligini koʻrsatdi.

Respublikamizda 2021-yil 1-yanvar holatiga mavjud boʻlgan 19,1 mln nafar mehnat resursining 14,8 mln nafari iqtisodiy faol aholi hisoblanadi. Shundan 13,2 mln nafari oʻz ish-joyiga ega, 1,6 mln aholi bandligini taʼminlash talab etiladi. Ulardan 805,2 ming kishidan ortigʻi 16-30 yoshdagi ishsizlardir.

Shuningdek, mehnat bozoriga 2021-yilda jami 560 ming bitiruvchi kirib keladi. Yaʼni, oliy taʼlim muassasalarini 103,1 mingdan ortiq, umumtaʼlim maktablarini 440 mingga yaqin, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini 18 mingdan ziyod yoshlar tamomlaydi. Natijada 2021-yilda yoshlar bandligini taʼminlash uchun ehtiyoj 1 365,2 ming nafarni tashkil qiladi.

Respublikada 131 ta OTMda bakalavriatda 134 ta taʼlim yoʻnalishi, magistraturada 147 ta mutaxassislik yangidan tashkil qilingan. Oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasida yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini 2030-yilga qadar 50 foizga yetkazish belgilangan.

Mamlakatimizda 2020/2021 oʻquv yilidan faoliyat boshlagan kollej va texnikumlarga qabul qilingan dastlabki oʻquvchilar 2022-yilda mazkur muassasalarni bitiradi.

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, taʼlim muassasalari bitiruvchilari bandligini taʼminlash yil sayin yana-da dolzarb ahamiyatga ega boʻlib boradi.

Lekin hozirda respublikada aynan tarmoqlar kesimida kvalifikatsion va oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan talabni oʻrganish tizimi joriy etilmagan. Oliy oʻquv yurtlariga qabul kvotalarini belgilash va kadrlar tayyorlashda mehnat bozori talablariga yetarlicha eʼtibor qaratilmayotgani oqibatida aksar bitiruvchilar oʻz kasbi boʻyicha ishlamayapti. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan oʻgʻil-qizlarning 27,9 ming nafari ishsiz bitiruvchilardan iborat.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tomonidan yuritiladigan Yagona Milliy Mehnat Tizimida korxona va tashkilotlarda kadrlarga boʻlgan ehtiyoj bilan bogʻliq jami 116 mingdan ortiq boʻsh ish oʻrni (Toshkent shahrida 23 417, Toshkent viloyatida 21 449, Andijon viloyatida 10 634, Fargʻona viloyatida 9 460, Samarqand viloyatida 8 644, Buxoro viloyatida 8 524) qayd etilgan. Biroq, mazkur tizimdan yoshlar yetarli darajada xabardor emas. Qolaversa, mavjud boʻsh ish oʻrinlarida taklif qilanayotgan maosh katta mablagʻ sarflab kontrakt asosida taʼlim olgan bitiruvchilarni qanoatlantirmaydi. Jumladan, ayni paytda oliy maʼlumot talab etadigan 19 177 ta boʻsh ish oʻrni uchun 1 mln soʻmgacha, 26 754 ta boʻsh ish oʻrni uchun 2 mln soʻmgacha maosh taklif etilyapti.

2020-yilda respublikada jami band boʻlganlarning 82 foizi yoki 11,1 mln. nafar aholi xususiy sektorda mehnat faoliyatini olib bormoqda. Bu esa tadbirkorlik subyektlari va oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida maqsadli kadrlar tayyorlash, kadrlarga buyurtma berish tizimida bevosita toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yana-da kengaytirish zarurligini anglatadi.

Respublikamizda davlat grantlari asosida tahsil olayotgan bitiruvchilarni ishga taqsimlash OTMni tamomlashdan bir oy avval komissiya tomonidan amalga oshiriladi. Lekin, toʻlov-kontrakt asosida taʼlim olayotganlarni ish bilan taʼminlash masalasi bilan shugʻullanish boʻyicha aniq maqsadli choralar belgilanmagan.

OTMda davlat granti asosida tahsil olgan bitiruvchilar diplom olishi uchun kelgusida faoliyat olib boradigan ish joyidan uch tomonlama (talaba, OTM, ishga qabul qiluvchi) shartnoma olib kelishi talab etilayotgan boʻlib, mazkur jarayon koʻp hollarda soxta maʼlumotlar ortishigagina xizmat qilyapti.

Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati uchun zarur qonun va huquqiy kafolatlarning hayotga toʻliq tatbiq etilmaganligi, byurokratizm, mahalliy rahbarlarning qarshiligi, korrupsiya, tanish-bilishlik, ijtimoiy adolat tamoyilining buzilishi, dastlabki mablagʻning yoʻqligi, imtiyozli kredit mablagʻlarining oʻz vaqtida berilmayotgani, bozor va biznes haqidagi maʼlumotlarning kamligi, tadbirkorlik koʻchmas mulki obyektlarini buzish holatlari mavjudligi kabi masalalar yoshlar tadbirkorligiga toʻsiq boʻlayotganligi aytib oʻtildi.

Senatorlar bitiruvchilar bandligini taʼminlash masalasida ilgʻor xorijiy davlatlardagi ijobiy tajribalarni ham oʻrganish zarurligini ham taʼkidladilar. Xususan AQSH universitetlaridagi “Rekruting markazlari”, Yaponiyadagi “umrbod bandlik tizimi”, Finlyandiyaning har bir oliy taʼlim muassasasi tarkibidagi maxsus bandlik xizmati, Qozogʻistondagi “Diplom bilan qishloqqa” kabi dasturlarni ham oʻrganish maqsadga muvofiqligini taʼkidladilar.

Yuqoridagilarni inobatga olib, taʼlim muassasalari bitiruvchilarini ish bilan taʼminlash masalasida hukumatga Parlament soʻrovi yuborish yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?