Senat tomonidan ikkita muhim xalqaro konvensiya ratifikatsiya qilindi

13:07 29 May 2021 Siyosat
412 0

2021-yil 28-may kuni Oliy Majlis Senatining oʻn beshinchi yalpi majlisi davomida parlament aʼzolari XMTning Mehnat xavfsizligi va gigiyenasiga koʻmaklashish asoslari toʻgʻrisidagi 187-sonli konvensiyasini koʻrib chiqdilar va maʼqulladilar.

Ushbu Konvensiya 2006-yil 31-may kuni XMT Bosh konferensiyasining 95-sessiyasida qabul qilinganligi taʼkidlandi. Konvensiyaning asosiy maqsadi – ishlab chiqarishda jarohat olish, kasb kasalliklariga chalinish va inson oʻlimining oldini olish uchun mehnat xavfsizligi va gigiyenasini doimiy ravishda takomillashtirib borishdir.

Taʼkidlanganidek, XMT Konvensiyasi ustuvor konvensiyalardan biri hisoblanadi, Konvensiyaga muvofiq milliy qonunchilikda ish beruvchilar va ishchilarning eng nufuzli tashkilotlari bilan kelishgan holda milliy siyosat, milliy tizim va milliy dasturni ishlab chiqish orqali kasb kasalligiga chalinish, ishlab chiqarishda jarohat olish va inson oʻlimining oldini olish maqsadida mehnat xavfsizligi va gigiyenasini doimiy takomillashtirishga koʻmaklashish nazarda tutilmoqda.

Muhokama doirasida senatorlar Oʻzbekistonda mehnat xavfsizligi va gigiyenasi talablariga rioya etish holati, ushbu yoʻnalishdagi asosiy muammoli jihatlar toʻgʻrisida oʻz fikrlarini bildirdilar. Shuningdek, XMTning 187-sonli Konvensiyasini 49 ta davlat, shu jumladan bir qator MDH davlatlari tomonidan ratifikatsiya qilinganligi qayd etildi.

Bunda majlis doirasida Konvensiyaning aksariyat normalari va qoidalari milliy qonunchilikka tatbiq etilganligi alohida taʼkidlandi.

Senatorlarning fikricha, XMTning 187-sonli Konvensiyasi ratifikatsiya qilinishi mehnat xavfsizligi va gigiyenasi sohasidagi xalqaro standartlarni samarali tatbiq etishga koʻmaklashishini, ishchilar uchun qoʻshimcha kafolatlar yaratishini, shuningdek, Oʻzbekistonning mehnatkashlar huquqlarini taʼminlash boʻyicha asosiy xalqaro prinsiplar va standartlarga sodiqligini koʻrsatadi.

Yalpi majlisda, shuningdek, Nogironlar huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya senatorlar tomonidan koʻrib chiqildi va maʼqullandi.

Senatorlar ushbu Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi Oʻzbekistonda nogironlar huquqlarini himoya qilishni taʼminlash uchun qoʻshimcha kafolatlar yaratish imkonini berishini, qonunchilikni yana-da takomillashtirish uchun dastur boʻlib xizmat qilishini, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish va ular uchun teng imkoniyatlarni taʼminlash nuqtayi nazaridan davlat organlarining javobgarligini kuchaytirishini taʼkidladilar.

Konvensiya qabul qilinishi:

birinchidan, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish milliy tizimini ilgʻor xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish;

ikkinchidan, nogironlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish uchun xalqaro va xorijiy grant mablagʻlarini jalb qilish imkoniyatlarini yaratish;

uchinchidan, aholini ijtimoiy himoya qilish borasida Oʻzbekistonning xalqaro imijini yaxshilash imkonini beradi.

Konvensiya nogironlarning huquqlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash, ularga nisbatan kamsitishga barham berish, ularning mehnat qilish, oʻz sogʻligʻini asrash, taʼlim olish va jamiyat hayotida toʻlaqonli ishtirok etish huquqini taʼminlash, odil sudlovga erishish, shaxsiy daxlsizligi, ekspluatatsiya qilinishdan va suiisteʼmollikdan himoyalanishini, erkin harakatlanishini, shaxsiy mobilligini taʼminlashga qaratilgan 50 ta moddadan iborat.

Senatorlar Konvensiyani ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida qabul qilingan Qonun jamiyatda nogironlikka ijtimoiy-huquqiy yondashuvni mustahkamlashga xizmat qilishi kerakligini taʼkidladilar.

Boʻlib oʻtgan muhokamalar davomida senatorlar Oʻzbekiston ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilib, nogironlar uchun tegishli infratuzilmani takomillashtirish (turar joy va jamoat binolarini, transportni, bir qator xizmatlarni moslashtirish), shuningdek aholi oʻrtasida yanglish fikrlar va stereotiplarni yoʻq qilishni nazarda tutadigan axloqiy-maʼnaviy yoʻl-yoʻriqlarni shakllantirish boʻyicha xalqaro majburiyatlarni oʻz zimmasiga olishini taʼkidladilar.

Shunday qilib, mazkur Qonunning qabul qilinishi Oʻzbekiston rahbariyatining fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, shuningdek, teng ishtirok etish va resurslardan foydalanish, fuqarolarning siyosiy va fuqarolik huquqlarini kamsitishlarsiz amalga oshirish tamoyillariga rioya qilishga qatʼiy sodiqligini va bu borada muntazam saʼy-harakat olib borayotganligini koʻrsatadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?