Senat Raisining Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi delegatsiyasi bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi

19:41 23 Mart 2022 Siyosat
657 0

2022-yil 23-mart kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyevaning mamlakatimizga Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan Turkiy davlatlar tashkiloti (TDT) Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Senat Raisi mehmonlarni qutlar ekan, TDT va Turkiyaning nufuzli delegatsiyasining mazkur tadbirda ishtirok etishi Oʻzbekiston bilan koʻp qirrali munosabatlarni yanada izchil rivojlantirishga va hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Muloqot chogʻida mamlakatimiz va Turkiy davlatlar tashkiloti oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.

Binali Yildirim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida mamlakatimizda soʻnggi olti yil mobaynida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning natijalarini koʻrishdan baxtiyor ekanligini izhor etdi. Ayniqsa, Prezident Shavkat Mirziyoyevning konstruktiv siyosat yuritishi Oʻzbekiston va Turkiya oʻrtasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirishning asosi ekanini taʼkidladi.

Uchrashuvda Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo mamlakatlar oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash, shu jumladan savdo va transport sohalarini rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

Suhbat chogʻida Turkiy davlatlar tashkiloti oldida turgan vazifalarini amalga oshirishda parlament aʼzolarining rolini kuchaytirish muhimligiga ham eʼtibor qaratildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?