Senat Raisi va BAA Federal milliy kengashi raisi hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandumni imzoladilar

14:40 03 Fevral 2023 Siyosat
485 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya Birlashgan Arab Amirliklarida rasmiy tashrif bilan boʻlib turibdi.

Taʼkidlash joiz, keyingi yillarda Oʻzbekiston va BAA oʻrtasida koʻp qirrali hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga koʻtarildi. Davlatimiz rahbarining ushbu davlatga rasmiy tashrifi ikki mamlakatning doʻstlik hamda sheriklik munosabatlari tarixida yangi sahifa ochdi, keng qamrovli hamkorlikni kengaytirishga kuchli turtki berdi. Tashrif doirasida savdo, iqtisodiyot, investitsiyalar, energetika, qishloq xoʻjaligi, turizm masalalari boʻyicha hujjatlar, shuningdek, 10 mlrd AQSH dollaridan ortiq miqdorda savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalaridagi bitimlar imzolandi.

Ayni paytda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalar ham jadal rivojlanmoqda. Senat Raisi boshchiligidagi delegatsiyaning BAA Federal milliy kengashi Raisi Saqr Gʻobash bilan uchrashuvi ham boʻlib oʻtdi.

Muloqot chogʻida Oʻzbekiston va BAA parlamentlari oʻrtasidagi munosabatlar izchilligini taʼminlash, xususan, qonun ijodkorligi va parlament nazorati yoʻnalishlarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish yuzasidan fikr almashildi. Shuningdek, gender tenglik va yoshlar masalalari boʻyicha oʻzaro tajriba almashish maqsadga muvofiq ekanligi bildirildi.

Senat Raisi T.Narbayeva parlamentlararo hamkorlik mamlakatlarimiz oʻrtasidagi barcha darajadagi aloqalarni rivojlantirishda muhim mexanizmlaridan biri hisoblanishi, oliy darajada erishilgan kelishuvlar asosida qabul qilingan “yoʻl xaritalari”da belgilangan vazifalar ijrosi ustidan tizimli parlament nazoratini oʻrnatish hamda bu sohada Amirliklar parlamenti bilan oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish va “xalq diplomatiyasi”ning muhim jihati hisoblangan “doʻstlik guruhlari” faoliyatini jonlantirish lozimligini taʼkidlab oʻtdi.

Ikki davlat parlamentlari aʼzolari hamkorlikning turli yoʻnalishlarida hali ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligini, iqtisodiyotning turli sohalaridagi tajribadan keng foydalanish zarurligini taʼkidladi. Bunda parlamentlarning birgalikda savdo-iqtisodiy, investitsiya, xizmatlar sohasidagi erishilgan kelishuvlarning amalga oshirilishiga xizmat qiladigan qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish taklif etildi.

Oʻz navbatida, BAA Federal milliy kengashi Raisi Saqr Gʻobash Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamli, avvalambor, aholini ijtimoiy himoyalash, iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirish yoʻnalishidagi islohotlarni yuqori baholadi. S.Gʻobash ikki tomonlama munosabatlarda savdo-iqtisodiy, investitsiya sohasidagi hamkorlik Amirliklar uchun ustuvorligini aytib oʻtdi. Prezident Sh.Mirziyoyev ushbu muhim masalaga alohida eʼtibor berayotganini inobatga olib, BAA Federal milliy kengashi Oʻzbekistonda investitsiya qonunchiligini takomillashtirish sohasida Oliy Majlis vakillari bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini maʼlum qildi.

Suhbat davomida keng qamrovli hamkorlik, shu jumladan, parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishdan ikki tomon ham birdek manfaatdor ekanligi bildirildi. Xususan, Oliy Majlis Senati Federal milliy kengashi bilan oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, tegishli qoʻmitalar oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish, elektron parlament joriy etishda tajriba almashish kabi masalalar boʻyicha kelishib oldilar.

Uchrashuv yakunida ikki davlat oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar, turistik va boshqa aloqalarni rivojlantirishga hamda mustahkamlashga qaratilgan parlament faoliyatini, parlamentning qonun ijodkorligi va nazorat funksiyalarini samarali amalga oshirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy, turistik va boshqa sohalarda qonun hujjatlarini qoʻllash amaliyotini rivojlantirish borasida axborot va tajriba almashishni kengaytirish kabi masalalarni qamrab olgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Birlashgan Arab Amirliklari Federal milliy kengashi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?