Senat Raisi Toshloq tumaniga bordi

18:48 29 Aprel 2021 Jamiyat
459 0

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva Toshloq tumanidagi uchrashuvlarni shaharsozlik meʼmorchiligi anʼanalari asosida qurib bitkazilgan Hunarmandlar markazi faoliyati bilan tanishishdan boshladi.

Maʼlumki, toshloqliklar azaldan chorhunar boʻlib, hunarmandchilik anʼanalari qadriabad meros sifatida avloddan-avlodga oʻtishini taʼminlab kelmoqdalar.

Hunarmandchilik markazida baxmal, atlas-adras, gilam toʻqish, chevarchilik faoliyati yoʻlga qoʻyilib, asosan “ayollar daftari”, “yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar ishga jalb etildi. Ayni paytda 300 ta ish oʻrni yaratilgan markazda yaqinda istiqbolda yangi biznes-loyihalar hayotga tatbiq etilishi natijasida qoʻshimcha ish oʻrinlari tashkil etish rejalashtirilgan.

Gulzoda Mamatova 15 yillik tajribaga ega tajribali hunarmand. Bugun u markazda “Ustoz-shogird” anʼanasi asosida yoshlarga hunar oʻrgatmoqda.

— Yaqinda “Ishga marhamat” monomarkazida oʻquv kursini tamomlab, maxsus sertifikatga ega boʻldim va markazga ishga joylashdim, — deydi Oʻlmasxon Navroʻzova. – Bu yerda yetarli tajribaga ega boʻlgach, tadbirkorlik faoliyati bilan mustaqil ravishda shugʻullanishni maqsad qilganman.

Zarkent qishlogʻi tumanning eng fayzli goʻshalaridan biri boʻlib, keyingi yillarda xususiy va kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik jadal rivojlanyapti. Zarkentliklar tomorqadan foydalanish borasida ham juda mirishkor hisoblanadi

Oʻtgan yili Zarkentda oʻz faoliyatini boshlagan “MarTash spesodejda”, “Sarvinoz Mashhura Shod Dil” MCHJlarida yuz nafardan ziyod xotin-qizlar ish bilan taʼminlangan. Tanzila Norboyeva korxonada ishlovchi ayollar bilan yaqindan tanishib, ishlariga rivoj, oilaviy baxt tiladi. Shuningdek, 2-umumtaʼlim maktabida oʻquvchilar bilan uchrashuv ham juda maroqli oʻtdi.

Toshloq tumani hokimligida mahalliy Kengash deputatlari ishtirokida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish borasida hayotiy muammo va masalalarni hal etish, ayni jarayonda deputatlik va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazildi.

Botir Madiyorov,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?