Senat Raisi Sirdaryo viloyatining qator shahar va tumanlarida aholi bilan bevosita muloqotda boʻldi

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati
Joriy yilning 30-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Sirdaryo viloyatining bir qator shahar va tumanlarida boʻlib, mahalliy Kengash deputatlari, mahalla raislari, xotin-qizlar faollari, tadbirkorlar, aholi vakillari hamda talaba yoshlar bilan uchrashdi.
Uchrashuvlar davomida soʻnggi yillarda respublikamizda amalga oshirilgan islohotlar, yirik ijobiy oʻzgarishlar, inson qadrini ulugʻlash, inson, jamiyat va davlat tamoyiliga oʻtilgani, yoshlar va xotin-qizlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, nuroniy onaxon va otaxonlarga berilayotgan eʼtibor, ayniqsa ushbu jarayonlarning huquqiy asoslarini yaratishi, mavjudlarini takomillashtirish borasidagi ishlarga, xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarining mazmun-mohiyatiga toʻxtalib oʻtildi.
Dastlab, Senat Raisi viloyatdagi uchrashuvlarni Xovos tumanining “Chamanzor” MFY aholisi bilan uchrashuvdan boshladi. U yerda yurtimizda soʻnggi yillarda yoshlar va xotin-qizlarga yaratilayotgan keng imtiyoz hamda imkoniyatlar, nuroniy otaxon va onaxonlarga qilinayotgan gʻamxoʻrlik, mahallalarning yil sayin ortib borayotgani, xususan, yangilanayotgan Konstitutsiyada ham mahallaga bildirilayotgan yuksak ishonch va yangi vakolatlar xususida soʻz yuritildi.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtadigan boʻlsak, yangilanayotgan Konstitutsiyada mahallalarga aholining kundalik muammolarini hal qilish boʻyicha mustaqil qaror qabul qilish vakolatlari berish, buning uchun tashkiliy va moliyaviy imkoniyatlar yaratish belgilanmoqda.
Bularning barchasi, davlat hokimiyatida hisobdorlik, shaffoflik, samarali qaror qabul qilish va uning natijadorligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, T.Narbayeva “Chamanzor” MFY aholisi bilan birga “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida tashkil etilgan “Onalar bogʻi”dagi koʻchat ekish ishlarida faol ishtirok etdi.
Shundan soʻng tumandagi tadbirkorlik subyektlari, oilaviy korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Ularga bugun davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida tushuntirishlar berdi. Biznes vakillari faoliyatini rivojlantirishda toʻsiq boʻlayotgan muammoli masalalar yuzasidan tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berilib, tadbirkorlarni qiynayotgan masalalar nazoratga olindi.
Bundan tashqari, Senat Raisi tumanning Yangiyer MFYda istiqomat qiluvchi nuroniylar bilan uchrashdi hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar xonadoniga tashrif buyurdi. Jumladan, G.Toirova xonadonida boʻlib, holidan xabar olindi. Maʼlum boʻlishicha, ayol oʻz uyi boʻlmagani bois, 4 nafar farzandi bilan ijarada yashab kelgan. Oʻz navbatida T.Narbayeva tuman hokimining eʼtiborini mazkur masalaga qaratdi. Ayol hududdagi, yangi taʼmirlangan ijtimoiy uylardan biriga joylashtiriladigan boʻldi.
Soʻngra T.Narbayeva Yangiyer shahrining Davlatobod mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib MFYning yangi qurib bitkazilgan binosidagi shart-sharoitlar bilan tanishdi. Shuningdek, u yerda “Davlatobod”, “Yuksalish”, “Shodiyona”, “Maʼrifat” mahallalari raislari, xotin-qizlar faollari, yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari hamda profilaktika inspektorlari bilan muloqot qildi.
Suhbat chogʻida mahallalar faoliyatini yanada jadallashtirish, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar bilan manzilli ish olib borish, davlat rahbarining tashabbusi bilan tashkil etilgan “Temir”, “Yoshlar” va “Ayollar” daftarlariga kiritilgan fuqarolar muammolarini toʻliq hal etish, oila turmush darajasida xotin-qizlarga boʻlayotgan zoʻravonliklarning oldini olish, ajrim masalalari, ayollar jinoyatchiligini kamaytirish borasida uning oqibatlari emas, aksincha sabablari bilan kurashish, profilaktik tadbirlarni jadallashtirish, ularga toʻgʻri yoʻl koʻrsatish kerakligi taʼkidlandi.
Shuningdek, referendumga qoʻyilgan yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida ham yoshlar va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, inson huquq va erkinliklarini sezilarli darajada kengaytirish, gender tenglik masalalari, mahallaga yangi vakolatlar beruvchi normalar kiritilganiga eʼtibor qaratilib, 30-aprelda boʻladigan referendum barcha uchun muhim siyosiy tadbir ekanligi aytib oʻtildi.
Shu bilan birga Senat Raisi Yangiyer shahridagi “Eco Grand Fruits” gidroponika issiqxonasi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. U yerda bugun respublikamizda tadbirkorlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlanayotgani, ishchilarga munosib mehnat sharoitini yaratish va mehnatga haq toʻlash borasidagi ishlarga toʻxtaldi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ham tadbirkorlik faoliyati kafolatlarini kuchaytirish, bozor munosabatlarini rivojlantirish, halol raqobat uchun shart-sharoit yaratish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlash, adolatli soliq tizimini yoʻlga qoʻyish, monopolistik faoliyatni cheklash orqali tom maʼnoda erkin bozor iqtisodiyotini shakllantirish uchun barqaror asos yaratilayotganligini alohida qayd etib oʻtdi.
Mazkur issiqxona 10 gektar maydonni egallagan boʻlib, yillik 2,5 mln dollarlik pomidor mahsulotini yetishtirib, 70 foizini tashqi bozorga, 30 foizini ichki bozorga yetkazib bermoqda. Ayni vaqtda korxonada 150 nafarga yaqin Yangiyer shahri va Xovos tumanida istiqomat qiluvchi fuqarolar doimiy ish bilan taʼminlangan.
Bundan tashqari, T.Narbayeva Guliston shahridagi Monomarkaz, Guliston davlat universiteti, dori-darmon ishlab chiqarishga ixtisoslashgan farm korxonada ham boʻldi. U yerda zamonaviy kasblarga oʻqitilayotgan aholi vakillari, talaba yoshlar, ishchi xodimlar bilan suhbatlashib, yangi tahrirdagi Konstitutsiya mazmun-mohiyatini, xususan, davlat oʻz zimmasiga ulkan ijtimoiy masʼuliyatlarni olayotganligini, Konstitutsiyada yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilganini, ular nimalardan iborat ekanligini xalqona, sodda tilda tushuntirdi. Shu yilning 30-aprel kuni boʻlib oʻtadigan referendumda faol ishtirok etib, oʻzlari hamda farzandlarining taqdiriga befarq boʻlmaslikka chaqirdi.
Shuningdek, tashrif doirasida Senat Raisi viloyat hokimligida mahalliy Kengashlar deputatlari bilan uchrashdi. Uchrashuvda yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan normalarga muvofiq Senatga berilayotgan yangi vakolatlar, xususan, uning mahalliy Kengashlarga koʻmaklashish boʻyicha vakolati Konstitutsiyada mustahkamlab qoʻyilayotganligi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Bundan tashqari, mahalliy darajada hokimiyatlar boʻlinishi prinsipini amalga oshirish, hokimlarning xalq deputatlari Kengashlariga rahbarlik qilish institutini tugatish davlat boshqaruvi tizimi yangilanishining mantiqiy davomi boʻlishi qayd etildi.
Shu bilan Senat Raisining Sirdaryo viloyatiga qilgan tashrifi yakunlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti qoʻshma korхonalarni ishga tushirdi va Xitoy ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashdi
- “O‘zbekiston neft va gazi – OGU 2023” xalqaro ko‘rgazmasining tantanali ochilish marosimi o‘tkazildi
- “Markaziy Osiyo - Xitoy” birinchi sammiti. Ikkinchi kundan fotoreportaj
- Oʻzbekiston Prezidentining Xitoyga tashrifi samarali boʻldi
- Oʻzbekistonning aksariyat hududlarida 20-may kuni qisqa muddatli yomgʻir yogʻadi
- Namanganda gullar festivali (fotoreportaj)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring