«Mahallabay» ishlash orqali aholi bandligi taʼminlanmoqda

19:42 05 May 2021 Jamiyat
742 0

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan "mahallabay" ishlash tizimi joylarda qanday amalga oshirilmoqda? Ayni yoʻnalishdagi saʼy-harakatlar, shuningdek, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” kiritilgan fuqarolar bilan ishlashning ahvolini oʻrganish maqsadida Namangan viloyatiga tashrif buyurgan Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva dastlab Pop tumanida boʻldi. Birinchi uchrashuv Chodak qishlogʻida barpo etilayotgan 100 gektarli bogʻning sohibiga aylangan yoshlar bilan kechdi.Qamchiq dovonidan tushaverishdagi adirliklar bagʻrida oʻzlashtirilgan bu yerlar “Yoshlar daftari” roʻyxatidan oʻrin olgan yigit-qizlarning har biriga bir gektardan boʻlib berilgan. Ular ortiqcha muammolarsiz ishni boshlashlari uchun ajratilgan yerlar oʻz egalariga mevali koʻchat yoki poliz ekinlari ekish uchun tayyor holatda topshirilgan.

— Boʻsh yotgan yerlarni bogʻ-rogʻlarga aylantirish harakati juda yaxshi ish boʻlibdi, — dedi T. Norboyeva boʻlajak bogʻbonlar bilan muloqot chogʻida. — Vaholonki, yaqin vaqtlargacha ham dehqonchilik yoki bogʻdorchilik uchun joy olish masalasi anchagina murakkab boʻlganligini koʻpchiligingiz yaxshi bilasiz. Bugun esa bu yerlar sizlarga hech qanday shartlar va tanlovlarsiz taqdim etilmoqda. Buni Prezidentimizning yoshlarga gʻamxoʻrligi va ishonchining amaliy ifodasi, desak toʻgʻri boʻladi. Oʻylaymanki, natija ham shunga yarasha boʻladi, albatta. Chunki, ajratib berilgan bir gektar yerda hech boʻlmaganda besh kishi mehnat qiladi, bu oila aʼzolaringiz, boʻsh yurgan yaqinlaringiz ishli boʻladi, degani. Agar meva yoki poliz mahsulotlari yetishtirishning oʻzi bilan cheklanib qolmasdan ularni qayta ishlashni ham yoʻlga qoʻysangiz nur ustiga aʼlo nur, yana qancha mehnat oʻrinlari yuzaga keladi, eksport faoliyati bilan shugʻullanishingizga imkoniyat yaratiladi.

Yakkatut mahallasida yaqinda ish boshlagan tikuvchilik sexi hududda istiqomat qilayotgan xotin-qizlardan oʻn besh nafarini bagʻriga oldi. Uni tashkil etish tashabbusi bilan chiqqan qoʻli gul chevar Mastura Niyozmatova mahalladoshlarini ijtimoiy foydali mehnatga jalb etganligidan mamnun. Kechagina roʻzgʻor yumushlari bilangina shugʻullanib kelgan ayollar Senat raisiga oʻzlari tikkan bejirim kiyimlarni koʻrsatishdi. Andozasi, choki joyida boʻlgan bu liboslar ichki bozorda sotilib, bir qator uy bekalarining xonadoniga daromad olib kirmoqda.

— Yil boshida 89 fuqaro “Ayollar daftari”ga kiritilgan edi, — deydi Yakkatut mahalla fuqarolar raisi oʻrinbosari Gulzoda Abdullayeva. — Endilikda ularning 30 nafari roʻyxatdan chiqarilgan. Qisqa vaqt orasida 10 nafar ayolga bepul tikuv mashinasi, 3 kishiga ikkitadan qoramol, bir fuqaroga ikki bosh qoʻy olib berdik. Uch oilaning turarjoyi taʼmirlab berildi. Bir qator xotin-qizlarga turli jamgʻarmalar mablagʻi bilan yordam koʻrsatildi.

— Ayol kishining kayfiyati butun oilaga taʼsir qiladi, — dedi oʻzaro muloqot chogʻida T.Norboyeva. — Shundan kelib chiqib, nozik xilqat vakillari qadrini joyiga qoʻyish, ular mehnatini yengillashtirish, bilim olish, kasb-hunar egallashlariga hukumat darajasida eʼtibor qaratilayotganligidan foydalanib, har bir ayolni baxtli qilishning barcha imkoniyatlarini ishga solishimiz zarur.

Qoʻshtepa mahallasidagi suhbat yangi taʼmirdan chiqarilgan Madaniyat uyida tashkil etildi. Unda bir qator ishtirokchilarning bandlik, kredit olish va boshqa yoʻnalishdagi muammolari mutasaddilar tomonidan hal qilindi. 

Pop tumani hokimligida mahalliy Kengash deputatlari va sektor rahbarlari bilan muloqot oʻtkazildi. Unda soʻz olgan Senat raisi T. Norboyeva deputatlar faolligini oshirish, doimiy komissiyalar ishini jonlantirish, aholi ijtimoiy himoyasining yangi tizimi boʻlgan daftarlarga kiritilgan fuqarolar bilan ishlashda deputatlar ishtirokini kuchaytirish, “yoʻl xarita”larida belgilangan dasturlar ijrosi boʻyicha Kengashlar nazoratini taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratdi.

Chust tumanidagi oʻrganishlar viloyat yengil sanoatida oʻz oʻrniga ega boʻlgan “Chust tekstil” korxonasi faoliyati bilan tanishuvdan boshlandi. Mahsulotining asosiy qismini eksportga yoʻnaltirayotgan bu korxona yaqinda tumandagi erkin iqtisodiy zonada yangi ishlab chiqarish quvvatlarini foydalanishga topshirdi. Unda mehnat qilayotganlarning koʻpchiligi “Yoshlar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan boʻlib, endilikda doimiy daromad manbaiga ega boʻldilar.

Tumandagi Bibiona ziyoratgohida esa onkologik xastalikka chalingan va ijtimoiy himoyaga muhtoj 11 nafar ayol bilan suhbat boʻlib oʻtdi. Aytish lozimki, ularning davolanishlari, turmush sharoitlarini yaxshilashga har tomonlama yordam koʻrsatilmoqda. Biroq, hududda bu singari kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan mutaxassislar taqchilligi sezilmoqda. Aholining onkoehtiyotkorligini taʼminlash ham dolzarb vazifa boʻlib turibdi. Zero, kasallikni erta bosqichida aniqlash orqali davolashda ijobiy natijaga erishish mumkinligi tajribada isbotlangan.

Senat raisining tashrifi davom etmoqda.

Qudratilla NAJMIDDINOV
(“Xalq soʻzi”),

Anvar UBAYDULLAYEV olgan suratlar.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?