Senat Raisi murojaatlar bilan ishlashda rahbarlar masʼuliyati haqida toʻxtalib oʻtdi

12:53 30 Iyul 2021 Siyosat
344 0

Xabar berilganidek, ayni daqiqalarda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisi oʻtkazilmoqda. Yalpi majlisni parlament yuqori palatasi Raisi Tanzila Narbayeva olib bormoqda.

Senat Raisi oʻz nutqida butun dunyoda pandemiya xavfi hukmron boʻlib turgan bir sharoitda davlatimiz rahbari boshchiligida xalqimiz hayotini farovonlashtirish, hayoti va sogʻligini kafolatli himoya qilish, har bir yurtdoshimizning hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun barcha imkoniyatlar safabar etilyotganini taʼkidladi.

– Uzoqni koʻzlab olib borilayotgan ichki va tashqi siyosat samaralarini bugun koʻplab jabhalarda erishilayotgan ijobiy natijalar misolida koʻrishimiz mumkin, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichi ostonasida hurmatli Prezidentimiz xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak, deya qatʼiy taʼkidlagan edilar. Soʻnggi yillarda barcha sohalarda amalga oshirilgan islohotlar va erishilgan natijalarni koʻp jihatdan aynan shu talab samarasi deyish mumkin. Xalq bilan muloqot, jumladan, murojaatlar bilan ishlash jamiyat hayotining barcha sohalariga doir muhim qarorlar qabul qilishning asosiy manbasiga aylandi, desak xato qilmagan boʻlamiz.

Yaqinda davlatimiz rahbari huzurida oʻtkazilgan yigʻilishda aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari belgilandi. Bunda asosiy eʼtibor aholiga maksimal darajada qoʻlaylik yaratgan holda murojaatlarni imkon qadar joyida, mahallaning oʻzida hal qilish masalasiga qaratildi. Ayniqsa, hudud rahbarlarining masʼuliyati va javobgarligi keskin oshirildi. Endilikda har bir rahbarning aholi murojaatlaridan kelib chiqadigan vazifalarga doir oʻz strategiyasi boʻlishi lozimligi qayd etildi.

Tizimda raqamlashtirish darajasini oshirish, xususan, murojaatlarni yagona elekron bazaga jamlash va ular bilan ishlash boʻyicha yagona onlayn platformani ishga tushirishga doir belgilab berilgan aniq vazifalar tizimda tezkorlik va samaradorlikni oshirishi tabiiy. Bu borada Senat va mahalliy Kengashlar ishtiroki va taʼsirini kuchaytirish, xususan, ijro organlarining murojaatlar bilan ishlash samaradorligini nazorat qilib borishga doir vazifalar barchamizdan alohida masʼuliyat va faollikni talab qiladi.

Aholi murojaatlarida koʻtarilayotgan masalalarni hal etish boʻyicha vazirlik, idora va hudud rahbarlarining hisobotini har chorakda Senatda, mahalliy hokimliklar hisobotini esa har oyda mahalliy Kengashlarda eshitish orqali parlament nazorati kuchaytiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?