Senat Raisi Kogonda ijtimoiy yotoqxona ochilish marosimida qatnashdi

13:44 23 Avgust 2021 Jamiyat
202 0

Ehtiyojmand aholi, xususan, xotin-qizlarni ijtimoiy himoya ostiga olish, ularning oʻz hayotlaridan rozi boʻlib yashashlari uchun zarur shart- sharoitlar yaratish ustuvor vazifalardan biri boʻlib turibdi. Ayniqsa, turmush sharoiti ogʻir ayollarni uy-joy bilan taʼminlash masalasi alohida eʼtiborda.

Kogon shahrida bu muammoga A. Qodiriy mahalla fuqarolar yigʻini “Madaniyat” koʻchasida joylashgan, qarovsiz yotgan sobiq yotoqxona binosini mukammal taʼmirlash orqali yechim topildi. Binoni taʼmirlash uchun jami 2,8 milliard soʻm miqdorida mablagʻ yoʻnaltirildi. Yotoqxonada yashash uchun barcha shart-sharoit yaratildi.

— Qarovsiz qolgani tufayli bino tashlandiq holga tushgandi. Uzoq- yaqindan mehmon kelganida oʻzimiz ham xijolat chekardik, — deydi mahalla faollaridan biri Xolboy Hodiyev. — Viloyat rahbariyati tashabbusi bilan endilikda bu yer shahrimizning eng obod goʻshalaridan biriga aylandi. Muhimi, 80 dan ziyod kam taʼminlangan, uy-joysiz yoki turarjoyini yaxshilashga muhtoj ayollar zamonaviy shart-sharoitlarga ega uyga joylashtirildi.

Shinam va koʻrkam qiyofa kasb etgan ijtimoiy yotoqxonaning tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi T. Norboyeva, viloyat hokimi B. Zaripov ishtirok etdi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?