Senat Raisi Dushanbe shahrida Tojikiston Respublikasi Majlisi Oli Majlisi milli Raisi Rustam Emomali bilan uchrashdi

Shu kunlarda Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi delegatsiya “Markaziy Osiyoda iqlim oʻzgarishiga moslashish sharoitida gender tenglikka erishish” mavzusida oʻtkaziladigan Markaziy Osiyo yetakchi ayollar muloqotining navbatdagi yigʻilishida ishtirok etish uchun Tojikiston Respublikasining Dushanbe shahrida boʻlib turibdi. Senat Raisi tashrif doirasida Tojikiston Respublikasi Majlisi milli Majlisi Oli raisi Rustam Emomali bilan uchrashdi.
Uchrashuv avvalida tomonlar ikki mamlakat vaqt sinovidan oʻtgan eng yaqin qoʻshni va ishonchli hamkor ekanini, xalqlarimizni umumiy tarix, din, madaniyat va anʼanalar birlashtirib turishini, koʻp asrlar davomida shakllangan doʻstlik, hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari bugungi kunda ham izchil rivojlanib kelayotganini taʼkidlab oʻtdilar.
Doʻstona suhbatda ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilib, Oʻzbekiston hamda Tojikiston oʻrtasidagi keng qamrovli hamkorlikni yana-da kengaytirish, jumladan, savdo-iqtisodiy, madaniy gumanitar, ayniqsa, parlamentlararo muloqotni samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Xususan, ikki mamlakat parlament yuqori palatalari oʻrtasida tuzilgan doʻstlik guruhlari faoliyatini yana-da jadallashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik mustahkamlanmoqda. Soʻnggi besh yilda Oʻzbekiston va Tojikiston savdo-iqtisodiy aloqalar dinamikasi jadal surʼatlarda oshib bormoqda. Yaqin kelajakda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 mlrd dollarga yetkazish boʻyicha qonunchilik darajasida qoʻshma ishlarni yoʻlga qoʻyish zarurligi taʼkidlandi.
Muloqot chogʻida madaniy-gumanitar sohadagi oʻzaro hamkorlikning yuqori darajasi eʼtirof etilib, qoʻshma madaniy tadbirlar, jumladan ziyolilarning ikki tomonlama forumlarini, sanʼat ustalarining qoʻshma konsert va gastrollarini tashkil etish muhimligi taʼkidlandi. Shuningdek, “ziyorat turizmi”ni rivojlantirish boʻyicha samarali choralar koʻrishga kelishib olindi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Tojikiston Respublikasi Majlisi milli Majlisi Oli oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida Bitim imzolandi. Unda parlamentlararo aloqalarni yana-da mustahkamlash, oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosi yuzasidan qoʻshma parlament monitoringini amalga oshirish, xalqaro parlament tuzilmalari doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish masalalari aks etdi.
Shuningdek, oliy darajadagi tashriflar chogʻida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ustidan birgalikda monitoring olib borish mexanizmini takomillashtirish, parlament faoliyati sohasida oʻzaro tajriba almashish, chegaradosh viloyatlar va tumanlar deputatlari oʻrtasida munosabatlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqish va qabul qilishga kelishib olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi
- Chustda bogʻcha tarbiyalanuvchilari doridan zaharlanganmidi yoki... Vaziyatga aniqlik kiritilmoqda
- Hanjouda Osiyo o‘yinlariga start berildi. Ochilish marosimidan fotoreportaj
- Hanjou-2022: Futbol boʻyicha Oʻzbekiston ayollar terma jamoasi yarim finalda!
- Shavkat Mirziyoyev Italiya sobiq prezidenti vafoti munosabati bilan taʼziya yoʻlladi
- Astraxanda VIII Kaspiy mediaforumi boʻlib oʻtdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring