Senat qoʻmitasida dolzarb qonun muhokama qilindi. U veb-saytlar va blogerlik faoliyatiga ham daxldor

19:04 10 Mart 2021 Jamiyat
512 0

2021-yil 10-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Senat aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari doimiy komissiyalari raislari, Qoʻmita huzuridagi ekspertlar guruhi aʼzolari, tegishli vazirlik va idoralar mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Senatning oʻn uchinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda koʻrib chiqildi. Xususan, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Taʼkidlanishicha, Prezidentimizning tashabbuslari bilan soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda soʻz erkinligini, fikrlar xilma-xilligini, odamlar oʻz qarashlarini ochiq-oshkora ifoda etishini amalda taʼminlash uchun barcha shart-sharoit yaratilib kelinmoqda.

Biroq soʻnggi vaqtlarda ayrim veb-sayt yoki veb-sayt egalari, shu jumladan, blogerlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxslarning axborot olish va uni tarqatish madaniyati toʻliq shakllanmagani sababli, ular oʻz huquqlarini amalga oshirishlarida boshqa shaxslarning qonun bilan kafolatlangan huquq va manfaatlariga zarar yetkazish holatlari kuzatilmoqda.

Shu asnoda, Qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi va “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi Qonunga ayrim oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Hujjat bilan veb-sayt yoki veb-sayt egalari, shu jumladan blogerlarning ommaviy tartibsizliklar va zoʻravonlikni daʼvat etish, aholi xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon maʼlumot tarqatish, zoʻravonlikni yoki shafqatsizlikni targʻib qilish, huquqqa xilof harakatlarni sodir etish maqsadida axborotni tarqatishlariga qarshi va ularning oldini olishga qaratilgan qonunchilik normalarini kiritish belgilangan.

Shuningdek, majlisda Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi milliy markazi tomonidan taqdim etilgan Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro G.Xaydarovaning xalq deputatlari Qarshi shahar Kengashining 2017-yil 27-iyundagi “Qarshi shahar hokimining 2011-yil 20-maydagi X-379/5-sonli qarorini bekor qilish toʻgʻrisida”gi 88/19-5-sonli qarorini bekor qilish toʻgʻrisidagi murojaati yuzasidan qoʻmita tomonidan oʻtkazilgan oʻrganish natijasi muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, Qarshi shahar hokimining 2011-yil 20-maydagi qaroriga asosan Qarshi shahar Paxtazor mitti tumanida joylashgan xonadon fuqaro G.Xaydarovaga xususiylashtirib berilib, 2011-yil 28-iyul kuni 7052-sonli uy-joyga huquqiy egalik qilish davlat orderi hamda 2015-yil 22-sentyabrda kadastr hujjatlari rasmiylashtirib, mulkka egalik huquqi berilgan.

Bu borada yuzaga kelgan ziddiyatli vaziyat Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Ishchi guruhi tomonidan oʻrganilgan. Majlisda mazkur oʻrganish natijalari koʻrib chiqildi. Senat Kengashiga ushbu qarorni bekor qilish masalasini Senatning navbatdagi yalpi majlisi kun tartibiga kiritishni tavsiya etish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida masalasi ham koʻrib chiqildi.

Majlisda muhokama qilingan masalalar yuzasidan Qoʻmitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?