Xodimlarini soʻkib, yarim tunda boshqarmaga borishni buyurgan Angren MIB boshligʻi harakatlari Senat tomonidan oʻrganilmoqda

12:09 15 Aprel 2021 Jamiyat
1112 0

Shu kunlarda internet nashrlari va ijtimoiy tarmoqlarda “Angren MIB boshligʻi xodimlarini soʻkib, yarim tunda boshqarmaga borishni buyurdi” sarlavhali xabarlar muhokama markazida boʻlmoqda.

Qayd etilishicha, Majburiy ijro byurosi Angren shahar boʻlimi boshligʻi M.Yusupova xodimlarning telegram guruhidagi ijro xodimlarning kunlik rejasini bajarmaganligi uchun ularni kasb odobnomasiga, insoniylik fazilatlariga, qolaversa, ayollik fazilatlariga toʻgʻri kelmaydigan hamda kurakda turmaydigan soʻzlar bilan haqoratlagan.

Oliy Majlisi Senatining xabarida qayd etilishicha, mamlakatimizda inson qadri hamma narsadan ustun boʻlib turgan bir paytda, afsuski, bunday “rahbarlar” ham uchramoqda.

«Tabiiyki, ushbu holat senatorlarni ham befarq qoldirmadi. Shu bois Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasi Majburiy ijro byurosidan mazkur holat boʻyicha Byuroning Angren shahar boʻlimi boshligʻining xatti-harakatlarini atroflicha tahlil qilib, qonuniy chora koʻrilishi va tegishli axborot taqdim etilishini soʻraydi.

Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda “MIBning Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi xodimlari nomidan Bosh prokurorga shikoyat yoʻllangan. Holatni markaziy apparat oʻrganmoqda” nomli xabar eʼlon qilingan. Ushbu holatni oʻrganish natijalari yuzasidan bayonot berilmagan.

Oʻz oʻrnida, mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan holda oʻrganib chiqilishi va natijasi yuzasidan rasmiy bayonot berilishi soʻraladi.

Ushbu holatlar Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi tomonidan nazoratga olindi», deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?