Senat ishchi guruhi Fargʻonada tadbirkorlikni rivojlantirish masalalarini oʻrganadi

09:49 20 Sentyabr 2022 Jamiyat
255 0

Foto: Xalq so‘zi

Yaqin kunlarda Oliy Majlis Senati ishchi guruhi Fargʻona viloyatida investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlarni kompleks ravishda oʻrganilishi rejalashtirilgan.

Fargʻona viloyati hokimligida tashkil etilgan yigʻilishda Senatning mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga koʻmaklashuvchi komissiyasi raisi, ishchi guruhi rahbari Tolibjon Madumarov, Fargʻona viloyat hokimligi, tegishli mutasaddi idora va tashkilotlar masʼullari hamda shahar-tuman investitsiyalar va tashqi savdo boʻlimi boshliqlari ishtirok etdi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, 2021-yil hamda joriy yilning birinchi yarim yilligi yakuniga koʻra, iqtisodiy natijalari, eksport koʻrsatkichlari, investitsiyaviy jozibadorligi, yangi ish oʻrinlari yaratish boʻyicha Fargʻona viloyati mamlakatimiz miqyosida ikkinchi, ayrim yoʻnalishlarda esa birinchi oʻrinda ekanligi eʼtiborga sazovordir.

— Bu borada Fargʻona boshqa viloyatlarga namuna hisoblanadi, — dedi uchrashuvda soʻzga chiqqan ishchi guruhi rahbari Tolibjon Madumarov. — Ayni paytda viloyatda 90 dan ziyod kichik sanoat zonalari, 600 mingdan ortiq tadbirkorlik subyektlari faoliyat koʻrsatayotgani yutuqlar salmoqli ekanidan dalolat beradi.

Oʻrganishlar jarayonida hududlarda tadbirkorlikni yanada qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga qaratilgan saʼy-harakatlar boʻyicha mavjud holat tahlil etiladi, ayni jarayonda hokim yordamchilari faoliyatiga ham baho beriladi.

Ishchi guruhning bir hafta mobaynida olib boradigan oʻrganish ishlari yakunlari tayyorlanadigan hisobot Oliy Majlis Senatining yalpi majlisi muhokamasida koʻrib chiqiladi.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?