Senat Bundestag bilan hamkorlikni faollashtiradi

22:47 01 Noyabr 2022 Siyosat
731 0

Bugun Oliy Majlis Senati dunyoning barcha mamlakatlari, xususan, Yevropa davlatlari parlamentlari bilan ham hamkorlik aloqalarini rivojlantirib bormoqda.

2022-yil 1-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayevaning mamlakatimizga tashrif buyurgan Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagining “Germaniya – Markaziy Osiyo” parlament guruhi aʼzolari bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, xususan, parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Muloqot chogʻida taʼkidlanganidek, ayni paytda Oʻzbekiston bilan Germaniya oʻrtasida barcha yoʻnalishlarda, jumladan, savdo, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlik munosabatlari kengayib bormoqda.

Taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda ikki tomonlama parlamentlararo aloqalar surʼati sezilarli ravishda faollashdi. Germaniya tomonidan ham hamkorlikka intilish kuchaydi. Albatta, bunga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning ochiq, konstruktiv va pragmatik tashqi siyosati katta turtki berdi.

2019-yilning 21-yanvar kuni Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniyaga rasmiy tashrifi doirasida Germaniya Bundestagining oʻsha vaqtdagi rahbari Volfgang Shoyble bilan uchrashuvi parlamentlararo hamkorlik rivojida muhim ahamiyat kasb etdi.

Uchrashuv yakuni boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Germaniya Bundestagi bilan imzolangan hamkorlik toʻgʻrisidagi anglashuv memorandumi parlamentlar oʻrtasidagi munosabatlarning huquqiy asosini taʼminladi.

Senat Raisi T.Narbayeva nemis parlamentarizmining boy tajribasi va anʼanalarini qayd etib, Oʻzbekiston bilan Germaniya oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish zarurligini, uning muhim yoʻnalishi Yevropa Ittifoqining “Inter-Pares” loyihasi doirasidagi oʻzaro hamkorlik ekanini taʼkidladi.

T.Narbayeva, shuningdek, parlamentning davlat boshqaruvi tizimidagi rolini oshirish borasida erishilgan ijobiy natijalar tufayli Oʻzbekiston mintaqada ushbu dasturda ishtirok etgan birinchi davlat boʻlganini alohida qayd etib oʻtdi.

Uchrashuvda tomonlar bunday uchrashuvlar formati Oʻzbekiston-Germaniya munosabatlarida oʻzaro manfaatli va koʻp qirrali hamkorlikni mustahkamlash yoʻlida yangi bosqichning boshlanishi boʻlib xizmat qilishini taʼkidladilar.

Oʻz navbatida, “Germaniya – Markaziy Osiyo” deputatlar guruhi raisi oʻrinbosari Robin Vagener Germaniya Markaziy Osiyo mintaqasining asosiy davlati – Oʻzbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratishini taʼkidladi. Germaniyaning oʻzaro manfaatli aloqalarni oʻrnatishdan manfaatdorligi sezilarli darajada oshishiga Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar natijalari, amalga oshirilayotgan ochiqlik siyosati, tashqi iqtisodiy faoliyatning tubdan liberallashuvi, qonunchilikning takomillashtirilgani, xorijiy va mahalliy tadbirkorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar koʻp jihatdan yordam berdi.

Robin Vagener, shuningdek, Bundestag va Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati oʻrtasida yaqin parlamentlararo aloqalarni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan delegatsiyalarning Germaniya va Oʻzbekistonga oʻzaro tashriflarini amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi.

Uchrashuvda Yevropa Ittifoqining parlamentlar salohiyatini kuchaytirish boʻyicha «Inter Pares» loyihasini amalga oshirishda parlament faoliyati sohasida tajriba almashish, tegishli qoʻmitalar va doʻstlik guruhlari rahbarlari darajasida parlamentlararo aloqalarni faollashtirish, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida tomonlarning pozitsiyalarini oʻzaro qoʻllab-quvvatlash va muvofiqlashtirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер