Ham sogʻlom turmush tarzi, ham ochiq muloqot, ham hamjihatlik

13:25 16 Iyun 2021 Jamiyat
275 0

Subhidam. Zominga, toqqa ketayotgan edik. Yangiyer shahri ortda qolib, Xovos tumani hududi ostonasida, yoʻl chetidagi yoʻlakda bir guruh kishilarning piyoda kelayotganini koʻrib qoldik. Avvaliga ularni ishga ketayotgan dehqonlar yoki ishchilar deb oʻyladik. Lekin unday boʻlib chiqmadi. Ular orasida Xovos tumani hokimi Uchqun Kamolov ham bor edi. Xoʻsh, tuman rahbari bosh boʻlgan bu guruh erta tongdan nega bunday yayov yuribdi?

Oradan bir necha kun oʻtgach, ana shu savol bizni Xovos tumaniga yetakladi. Va tuman hokimi oʻrinbosari Nodirbek Abdullayev bilan moʻjaz suhbatimiz ayni shu soʻrovimizga javobdan boshlandi.

— Tuman hokimligi masʼullari, sektor rahbarlari har kuni ertalab yugurish va yurish mashqlarini birgalikda bajaramiz. Piyoda yurish yoʻnalishimiz har kuni oʻzgarib turadi. Shu tufayli yoʻl-yoʻlakay jismoniy mashq qilish bilan birga butun hududdagi bajarilishi lozim boʻlgan ishlarni koʻrib, aniqlab olamiz. Yoʻl-yoʻlakay fikrlashamiz, maslahatlashamiz. Hamma oʻz fikrini, taklifini emin-erkin aytadi. Yaʼni hokim yoki tumanning boshqa rahbari oʻz lavozimini “unutadi”. Shunday qilib, bizning ertalabki yurishimizni “Harakatdagi ochiq yigʻilish” desa ham boʻladi. Yana birgalikdagi bu jismoniy mashqlarimiz jamoamiz hamjihatligini yana-da mustahkamlamoqda. Eng muhimi esa, kun boshidanoq har birimizga yuqori kayfiyat va tetiklik baxsh etmoqda.

— Xovos tumanida yangi loyihalarni amalga oshirish, bandlikni taʼminlash borasida qisqa muddatlarda katta natijalarga erishildi. Va bu yutuqlaringiz joriy yil bahorida Prezidentimiz tomonidan ham eʼtirof etildi...

— Ha, ushbu yuksak baho butun xovosliklarni ruhlantirib yubordi va oʻz navbatida, bu eʼtirofga yana-da munosib boʻlishimizga undadi. Natijada oldimizda juda koʻplab rejalar paydo boʻldi. Aytadilar-ku, “Chempion boʻlish oson, uni ushlab qolish qiyin” deb. Gʻoliblikni saqlab qolish uchun esa oldingiga nisbatan ikki-uch barobar koʻproq ishlayapmiz. Ishga yondashuv va uni tashkillashtirishda, har bir masala yechimida bir xillikdan yiroq boʻlishga, yangicha faoliyat yuritishga harakat qilyapmiz.

— Nodirbek Muhammadjonovich! Yoshlar masalasi boʻyicha ana shunday yangicha yondashuvga misol keltirsangiz.

— Xoʻp. Mana bir misol. Tumanimizda bilimlilik darajasi yuqori va qobiliyatli yoshlarimiz juda ham koʻp. Lekin ular har doim ham oʻzlarini namoyon qilolmaydi. Biz shunday yoshlarni qidirib, kuzatuv ishlarini olib bordik. Natijada aqlli, ishga qiziquvchan, qobiliyatli 50 nafar yoshni oʻzimiz uchun kashf etdik va ularga moddiy tomondan yordam ham berishga qaror qildik.

— Hozir yoshlarning oliy oʻquv yurtida oʻqishga intilishi tobora ortib boryapti. Tabiiy holki, talaba boʻlish uchun oʻquvchilar tayyorlov kurslariga qatnaydi. Koʻpchilik abituriyentlar oʻzlarining hududlarida repetitorlar boʻlmaganligi yoki borlari ham test sinovlariga puxta tayyorlab berish darajasida emasligi tufayli boshqa hududlardagi ana shunday oʻquv markazlarida qoʻshimcha taʼlim olishadi va bu bilan ota-onalarini anchayin qiynab qoʻyishadi. Savolimiz shuki, Xovos tumanida ham abituriyentlar repetitor qidirib sarson boʻlmaydimi?

— Bizning tumanda bu boradagi koʻrsatkichni juda zoʻr yoki yomon ham deb aytolmayman. Lekin bizda repetitorlar boshqa hududlarga nisbatan anchagina koʻp . Biz yaqinda shu masalani hokimimiz bilan oʻrganib chiqdik. Ularni ham shu savol koʻpdan buyon qiynab yurgan ekan. Ayni masaladagi ishni avvalo qaysi hududda oʻquv markazi umuman mavjud emasligi va oʻqishga kirish koʻrsatkichi past ekanligini aniqlashdan boshladik. Oʻrganishlardan soʻng Oqchangal mahallasini ana shu toifaga kiritdik. “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalardagi 30 nafar bitiruvchi oʻquvchilarni oliy taʼlimga kirish sinovlariga tayyorlash maqsadida mahallaning oʻzida bepul oʻquv markazi tashkil etildi. Uning sarf-xarajatlari uchun tuman mahalliy byudjetidan 36 million soʻm mablagʻ ajratib berildi.

— Samimiy suhbat uchun, katta rahmat!

Suhbatdoshlar:
Oʻzbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi Surayyo KELDIBEKOVA va 
Oʻzbekiston davlat Jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi
Xonzoda HUSANOVA.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?