Savollar javobsiz qoldirilmayaptimi?

18:48 10 Iyun 2021 Jamiyat
225 0

Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida “Fuqarolardan kelib tushayotgan savollarga oʻz vaqtida va toʻliq javob berishning ahamiyati” mavzuida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda malakali mutaxassislar fuqarolardan kelib tushayotgan savollarga javob berishning qonuniy tartiblari va talablari boʻyicha OAV vakillariga maʼlumot berib oʻtdi.

Jumladan, Adliya vazirligiga jismoniy va yuridik shaxslar quyidagicha murojaat qilishlari mumkin:

- bevosita adliya vazirligiga kelib murojaat qoldirgan holda;

- 1008 “Ishonch telefoni” orqali;

- info@adliya.uz elektron pochta manzili orqali;

- joylarda tashkil etiladigan sayyor qabullar orqali;

- vazirlik rahbariyatining shaxsiy qabullarida;

- vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari va telegram bot orqali.

Shu yilning 1-choragi davomida adliya organlari va muassasalariga jami 32,614 ta murojaatlar kelib tushgan boʻlib, ushbu murojaatlarning 17,473 tasini ariza, 15,054 tasini shikoyat, 87 tasini takliflar tashkil etgan.

Mazkur murojaatlarning 15,140 tasi qanoatlantirilgan va fuqarolarning buzilgan huquqlari tiklangan, 9,890 tasi yuzasidan tushuntirish berilgan, 131 tasi esa rad etilgan.

— Murojaatlar sohalar kesimida tahlil qilinganda maʼlum boʻlishicha, mehnat nizolariga oid murojaatlar 4,793 tani tashkil etib, shundan 3,092 tasi ish haqi masalasida, ijtimoiy himoyaga oid murojaatlar 1,517 ta, uy-joy masalasidagi murojaatlar 818 ta, yerga doir qonun hujjatlariga oid murojaatlar 795 ta va davlat xizmatlarini koʻrsatish bilan bogʻliq murojaatlar 469 tani tashkil etgan, — deydi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi boshligʻi Sevara Oʻrinboyeva. — Bundan tashqari, Adliya vazirining 2018-yildagi tegishli buyrugʻi bilan vazirlikda “Call center” tashkil qilingan boʻlib, shu yilning 1-choragi davomida vazirlikning 1008 – “Ishonch telefoni” orqali 3,323 ta murojaatlar kelib tushgan, ularning 396 tasi qanoatlantirilgan va 1089 tasiga huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Anjumanda taʼkidlanganidek, murojaatlarni koʻrib chiqishda xodimlar tomonidan quyidagilarga alohida ahamiyat berilmoqda:

- fuqaro va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklash

va qonuniy manfaatlarini himoya qilinishiga masʼuliyat bilan yondashish;

- murojaatlarni koʻrib chiqishda qonun talablariga amal qilmagan, murojaatlarni oʻrganib chiqish muddatlarning buzilishiga yoʻl qoʻygan masʼul xodimlarga nisbatan choralar koʻrish va muntazam ravishda talabchanlikni oshirib borish;

- vazirlikda va vazirlik tasarrufidagi barcha korxona va tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslar bilan ishlash sifatini tanqidiy oʻrganib chiqish va va yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni chuqur muhokama etib, murojaatlarni koʻrib chiqishning samaradorligini yana-da oshirish boʻyicha ustuvor vazifalar belgilash;

- fuqarolar bilan ochiq muloqotni kengaytirish, aholining davlat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlariga boʻlgan ishonchini mustahkamlashga doir chora-tadbirlarni ishlab-chiqish va amalga oshirish.

Bundan tashqari, Adliya vazirligida jismoniy va yuridik shaxslarning qabulini tashkil etish hamda ularning murojaatlarini koʻrib chiqishda ayrim oʻziga xos jihatlar mavjudligi taʼkidlandi.

Jumladan, Adliya vazirligiga murojaat bilan kelgan fuqaro shu kunning oʻzida oʻz masalasini koʻrib chiqish vakolatiga ega boʻlgan boshqarma xodimlari qabulida boʻlishi, rahbariyat qabul kunlari qabulga oldindan yozilmagan boʻlsada kirish huquqiga ega ekanligi, vazirlik binosida foto, audio va video tasvirga olish vositalaridan foydalanish huquqiga ega ekanligi yana bir bor eslatib oʻtildi.

Anjumanda “Madad” muassasa shaklidagi nodavlat-notijorat tashkilotining faoliyatiga ham toʻxtalib oʻtildi.

“Madad” NNTning Huquqiy masalalar boʻyicha maslahatlar va tushuntirishlar berish boʻlimiga “Advice.uz” (e-maslahat.uz) huquqiy axborot portali orqali 2019-yilning sentyabr oyidan 2021-yilning 31-may kuniga qadar jami boʻlib 96,881 ta huquqiy masalalardagi onlayn murojaatlar kelib tushgan. Ushbu savollarning barchasiga konsultantlar tomonidan onlayn rejimida javoblar yuborilgan. 60 ta hududiy byuro tomonidan 120 mingga yaqin (118623) savollar yuzasidan huquqiy maslahatlar va tushuntirishlar berilgan. Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar va blogerlarning oʻzlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javob berildi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?