Fidoyilik va jonkuyarlik kasb tanlamaydi, u yurakda boʻladi...

11:39 02 Aprel 2021 Jamiyat
1202 0

Mahalla Vatan ichra kichik bir Vatan. Uning gullab-yashnashi va ravnaq topishidan hammamiz manfaatdormiz. Chunki har birimiz, qaysi kasb yoki lavozimda ishlashimizdan qatʼi nazar qaysidir mahalla fuqarosimiz. Mahallaning koʻrkamligi va obodligiga hissa qoʻshish esa eng sharafli burchimizdir. 24-mart kuni Prezidentimiz raisligida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida joriy yilda amalga oshiriladigan ishlar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida belgilangan dasturlar doirasida mahallalarda qurilish va obodonchilik uchun yetarli miqdorda mablagʻ ajratilayotgani, undan samarali foydalanishda halollik, hamjihatlik va fidoiylik koʻrsatish zarurligi haqida toʻxtalib oʻtildi.

Davlatimiz tomonidan mahallalarni rivojlantirish uchun ajratilayotgan mablagʻlar bisyor, ammo mahallalarni boshqarayotgan rahbar kadrlar salohiyati, maʼnaviy dunyoqarashi, fidoyiligi va kuyunchakligi bugungi kun talabiga mosmi? Nishon tumani mahallalari faoliyati bilan tanishganimizda shu savollarga javob topganday boʻldik.

174 ta ogohlik qoʻngʻirogʻi

Na ish joyida, na mahallada topa olmaganim rahbarni – Nishon tumani mahalla va oilani qoʻllab quvvatlash boʻlimi boshligʻi, tuman Kengashi deputati Shohida Xoʻjaqulovani bir tadbirda uchratib qoldim. Telefon qilib, ololmaganimni aytganimda u har kuni oʻrtacha 174 ta telefon qoʻngʻirogʻi boʻlishini, hammasiga javob berish mushkulligini bildirdi. Demak, bu qoʻngʻiroqlarni aholining rahbarga murojaatlari deb qabul qilsak oʻrinli boʻladi Ular ham men kabi rahbarni topa olmagach, telefon qilishadi, xuddi men kabi ular ham bogʻlana olmaydi. Bular balki ogohlik qoʻngʻirogʻidir. Oʻzim ham Nishon tumanidagi baʼzi mahallalarda boʻlib, muammolarga duch kelganimda oʻsha ogohliq qoʻngʻiroqlarini eshitganday boʻldim. Mana ular...

Savdo doʻkonida panoh topgan mahalla

Oʻzim oʻrgangan muammolardan biri – “Yoshlar diyori” mahalla fuqarolar yigʻini bino yoʻqligi tufayli savdo doʻkonida panoh topganidir. Shunaqasiyam boʻlar ekan-da, deb ajablanyapsizmi, ha men ham koʻrib koʻzlarimga ishonmadim, ammo bu inkor etib boʻlmaydigan haqiqat. Mahalla raisi oʻrinbosari Dilafroʻz Meyliyeva fikrlari bilan qiziqdik.

— Savdo doʻkonida vaqtincha ishlab turibmiz, yaqinda boshqa binoga koʻchamiz,- deydi u.

— Koʻchib oʻtishga tayinli bir bino bormi?

— Mahalla raisi bir xonali vaqtincha bino qurayapti, shu bitsa koʻchamiz.

— Mahallada bogʻcha bormi?

— Yoʻq,

— Sartaroshxona-chi?

— Yoʻq.

— Poyabzal tuzatish ustaxonasi bordir, loaqal?

— Yoʻq,- deya yerga qaraydi rais oʻrinbosari.

Kutubxona ham, kitob doʻkoni ham qurilmagan, lekin bu kitobxonlar yoʻq degani emas. Mahallada kitobxonlar soni mahalla raisi, oʻrinbosari kitob oʻqisa, mutolaa bilan band boʻlsa koʻpayadi. Chunki ular odamlarni oʻzlarining izidan ergashtiradi-da. shundan kelib chiqib, rais oʻrinbosari Dilafroʻz Meyliyevadan hozirgi kunda qaysi badiiy kitob mutolaasi bilan mashgʻul ekani haqida soʻradim.

— Vaqt qayda deysiz kitob oʻqishga, mahallada ish juda koʻp,- deydi u hatto kitobxon emasligidan xijolat ham tortmay.

— Nahotki birorta badiiy adabiyot namunasini oʻqib ham koʻrmagan boʻlsangiz,- deya qiziqaman badiiy saviyasi, tafakkuri yuksak boʻlmagan ayolni qanday qilib mahalla raisi oʻrinbosari lavozimida ishlab yurganiga ajablanib.

— Endi oʻqiyman-da, -deydi hech narsani yoʻqotmagan, hamma narsasi badastir kishi kabi.

Aslida u kitob oʻqimagani bois koʻp narsani yoʻqotayotganini xayoliga ham keltirmaydi. Mahallaga rais oʻrinbosari tanlashda nega shu jihatlar eʼtiborga olinmagan? Hamshiralik maʼlumotiga ega bu rais oʻrinbosari saviyasi shunday boʻlsa, mahalla yoshlarini bilimli, salohiyatli va iqtidorli boʻlishi uchun qanday hissa qoʻsha oladi? Olimlarning tadqiqotlariga koʻra, kambagʻallikni qisqartirishning bosh omili aholi oʻrtasida maʼnaviyatni yuksaltirish bilan bogʻliq ekan.

Mutolaaga vaqt topa olmayotgan mahalla raisi

Aynan shu masala borasida tumandagi “Gulzor” MFY raisi Xayrulla Toʻrayev fikrlari bilan qiziqdik.

— Kitob oʻqish deysizmi?! Shu mahalladagi yumushlarning oʻzi kitob oʻqishday gap,- deydi rais savolimdan ajablanib. – Axir, bosh qashishga vaqt yoʻq.

— Mahalla idorasini koʻrdim, juda ahvol ogʻir, pollari yaqin orada boʻyoq koʻrmagan, toʻshalgan gilam eskiligidan titilib ketibdi, mebellarning “ichi” tushib ketgan, devorlari yaqin orada oxak koʻrmagan, sal eʼtibor qaratsangiz boʻlmaydimi?

— Oʻsha gilamni oʻzim olib kelganman, harna yoʻqdan koʻra, dedim-da,- deydi rais. – Yaqinda 6 ta yangi stul, eski kompyuter berishdi, mebel ham berib qolsa kerak.

Borlaridan unumli foydalansa boʻladi-ku! Shu mebellar taʼmirlanib, chiroyli koʻrinishga keltirilsa, koʻrgan koʻzga yaxshida. Qancha yoshlar mahalla eshigini qoqadi, ichkaridagi ahvolni koʻrib, “bularning boʻlishi shu boʻlsa, menga qanday yordam beradi” deb oʻylamaydimi? Axir mahallaning obodligi, koʻrkamligi oqsoqolning tashabbuskorligidan, fidoyiligidan dalolat beradi-ku! Yana eng achinarlisi, mahallada ichimlik suvi bilan taʼminlanish qoniqarsiz ahvolda, tabiiy gaz quvurlari bir vaqtlar tortilganicha turibdi. Oqar suv yoʻq. Hatto oddiygina poyabzal tuzatish ustaxonasi, kutubxona, bogʻcha yoʻqligiga nima deysiz?

Yoʻlda sochilib yotgan eski quvurlar...

«Gulzor» mahalla fuqarolar yigʻinidagi “Sardoba” koʻchasida sochilib yotgan eski quvurlarga koʻzim tushdi. Bu quvurlar 30-40 yil yer qaʼrida yotganligi shundoqqina koʻrinib turibdi. Bu quvurlar nega bu koʻchaga olib kelinganligi meni qiziqtirdi. “Sardoba” koʻchasi -15 uyda yashovchi Polvon Jabborovdan bu haqda soʻraganimda u tutaqib ketdi.

— Bu quvurlar juda eski, ilgari qayerlardadir ishlatilgan, shuni bizga oqova suv oʻtkazish uchun keltirib berishdi, aholi kuchi bilan bu trubalar yotqizilishi kerak ekan,- deydi P. Jabborov. – Bundan koʻra, aholi ichimlik suvi bilan taʼminlansa, yaxshi boʻlardi. Suvni 45-50 ming soʻmga sotib olib foydalanyapmiz. Koʻchamizdan ichimlik suvi tarmoqlari oʻtgan, ilgari foydalanilgan quvurlar eskirgani uchun tarmoqdan uzib qoʻyilgan.

Shu koʻchada istiqomat qiluvchi koʻchaboshi Mahmatmurod Yoʻldoshev ham ichimlik suvini sotib olishayotganini aytib oʻtdi.

— Bizdan sal nariroqda “Bunyodkor” koʻchasida suv bor, ular ham shu quvurlardan foydalanishadi, lekin bizga berishmayapti, quvurni boshidan bekitib qoʻyishibdi. Mustaqillik, Gʻafur Gʻulom, Sardoba va Temir yoʻl koʻchalari aholisi ichimlik suvidan aziyat chekishmoqda. Eski quvurlarni tashlab ketishdi, aholining oʻzi shu quvurlarni yotqizishi kerak ekan. Aholi bu eski quvurlardan foydalanishni istamayapti. Koʻchalarimizda ilgari oʻtkazilgan gaz quvurlar ham turibdi, lekin gaz yoʻq. Gaz ustimizdan oʻtadi, suv ustimizdan oʻtadi, biz bebahramiz.

Payvandlash ustaxonasiga aylantirilgan madaniyat saroyi

Davlatimiz tomonidan sobiq davlat xoʻjaliklarining eski bino va inshootlari ishbilarmonlarga investitsiya kiritish sharti bilan berilgan boʻlsada, baʼzi tadbirkorlar oʻziga berilgan bu imkoniyat va imtiyozlardan oqilona foydalanishmaydi. Xuddi shunday holatni tumandagi “Nishon” MFY hududidagi madaniyat saroyi misolida kuzatish mumkin. Bu inshootni koʻrkam va chiroyli koʻrinishga keltirish, aholiga madaniy xizmat koʻrsatish tarmoqlari barpo qilish maqsadida tadbirkorga taqdim etilgan.

Ammo bugun bu binoning ahvolini koʻrib, maymunlar ham hoʻng-hoʻng yigʻlashi tayin. Uning ustiga bino payvandchilarga berib qoʻyilgan. Ichidagi temir-tersak, eski-tuski va allambalo narsalarni koʻrib, aqlingiz shoshadi. Binoning bunday xunuk holatga kelib qolishiga kim sababchi? Kim bunga oʻzini aybdor hisoblaydi?

— Mening nazarimda mahalla raisi va oqsoqollar, tuman rahbarlari 10 yil davomida hech bir ishga qoʻl urmagan tadbirkorni topib, undan binoni olib qoʻyishsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi,-deydi oqsoqollardan biri Mahmatmurod Zulfiqorov.- Toʻgʻrida, eplay olmasa nima qiladi, boshqa bir qoʻlidan ish keladigan ishbilarmonga bersin-da.

Tadbirkorga ajratilgan yer nega aholiga uchastka qilib berib yuborildi?

Kenjaboy Alponov — “Gulzor” MFY, “Nasaf” koʻchasi 2– uyda yashaydi, tadbirkor. U tuman hokimining qarori bilan bino va unga tutash yerlarda novvoyxona, maishiy xizmat, bozorcha qurish uchun qonuniy ajratilgan yerga egalik qila olmay turibdi. Chunki unga qonuniy ajratilgan yerdan aholiga uy-joy qurish uchun yer uchastkalari oʻlchab berilgan.

— “Gulzor” MFY raisi Xayrulla Toʻrayevga uchrashdim,- deydi K. Alponov. –Rais kasalxonada yotgan paytda yerni oʻlchab berishganini, bu masalada tegishli idoralarga xat kiritganini aytdi. Oʻzim ham arxitektura, yer kadastri va tuman prokuraturasiga murojaat qildim. Lekin masala yechimini topmayapti. Tadbirkor sifatida huquqim poymol qilinayotganiga juda achinyapman.

Bu masalada mahalla raisi Xayrulla Toʻrayev bilan suhbatlashganimda, u ogʻir kasal boʻlib, bir necha oy shifoxonada davolanganini, shundan foydalanib, yerni kimdir aholiga berib yuborganini aytdi. Endi savol tugʻiladi? Mahallaning egasi bormi oʻzi? Mahalladagi tadbirkor yerini kimdir (egasi hali topilgani yoʻq) shaxsiy manfaati yoʻlida kimlargadir berib yuborsa, hamma qoʻl qovushtirib turaveradimi? Bu noqonuniy xatti-harakatni bartaraf etishni kim zimmasiga oladi?

“Ayollar daftari”ga kiritilgan badavlat xotin...

Tumandagi Ulugʻbek mahalla fuqarolar yigʻini raisi Hamida opa Sobirova mahallada tuzilgan kengash aʼzolarimiz bilan maslahatlashgan holda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” shakllantirilayotganini aytib oʻtdi. Ayni paytda mahallada 65 nafar “Yoshlar daftari”ga kirgan xotin-qizlar boʻlib, ular bilan muntazam va doimiy ish olib borilmoqda. “Ayollar daftari”da qayt etilgan xotin-qizlardan biri – mahalladagi Amir Temur koʻchasida istiqomat qiluvchi Gʻazna Mengliyeva xonadoniga bordim.

Ne koʻz bilan qarayki, meni bir shohona uyga olib borishdi. “Ayollar daftari”ga kirgan Gʻazna Mengliyevaning uyi shu ekaniga ishongim kelmasdi. Ammo haqiqatda ana shu chiroyli va muhtasham uy “Ayollar daftari”ga kirgan, ishsiz, hunarsiz, kam taʼminlangan deya eʼtirof etilgan Gʻazna Mengliyevaga tegishli edi. Opa bilan salomlashib, hovliga qadam qoʻyar ekanmiz, chamasi 40 kilogramm keladigan qoʻchqor soʻyilayotgan ekan.

— 8 ta qoʻchqor boqyapman, bittasini soʻydik, Toshkentda oʻqiydigan oʻgʻlimning kontraktiga pul toʻlashim kerak,- dedi Gʻazna opa.

— Turmush oʻrtogʻingiz qayerda ishlaydi,- deya soʻrayman undan.

— Xoʻjayinim – Toyir Omonov tumandagi arxiv hisobchi boʻlib ishlaydi.

— Oʻzingizga toʻq oila ekansiz, nega “Ayollar daftari”ga kirgansiz?

— Bir oʻgʻlim nogiron, shuning uchun shu roʻyxatga qoʻshishgan boʻlsa kerak,- deydi Gʻazno opa. –Aslida menga “Ayollar daftari”ga kirishning hech ham hojati yoʻq, hunarmandchilik bilan ham shugʻullanaman. Agar bankdan kredit olsam, 10 nafar ayolni gilam toʻqishga jalb qilishim mumkin.

Endi savol tugʻiladi, bu badavlat oila vakilasini “Ayollar daftari”ga kiritishdan kim manfaat koʻradi? Axir uning bu roʻyxatga kiritilishi bir nochor, ishsiz va hunarsiz ayolning oʻrnini band qilish, huquqini poymol qilish bilan barobar emasmi? Nega bunday holatlar tuman mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi tomonidan nazoratga olinmaydi?

***

Xulosa shundan iboratki, Nishon tumanida 36 ta mahalla fuqarolar yigʻini (shundan 2 tasi QFY) mavjud boʻlsa, ularning 18 tasi oʻzining binosiga ega emas. Mahalla raislarining 25 nafari oliy, 10 nafari oʻrta maxsus, 1 nafari 10 sinf maʼlumotiga ega. Shu maʼlumotning oʻzidan sezilib turibdiki, tumanda mahallalar bilan faol ish olib borilyapti deb boʻlmaydi. Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligining  “Obod va xavfsiz mahalla” tizimini joriy etish, xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, keksalar va faxriylar faoliyatini muvofiqlashtirish, bandlik, obodonlashtirish, MFYlar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash kabi vazifalarini Nishon tumanida amalga oshirish uchun aniq chora-tadbirlar belgilash vaqti yetmadimikan, siz nima deysiz?

Faxriddin Bozorov
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?