Sardobada harbiy vertolyotlarda 300dan ortiq odam evakuatsiya qilindi

21:20 07 May 2020 Jamiyat
827 0

Shu yilning 1-may tongini kutib olish nafaqat sirdaryoliklar, balki butun Oʻzbekiston xalqi uchun ogʻir boʻldi. Viloyatdagi Sardoba suv ombori toʻgʻonining bir qismi oʻpirilib, suv oqimi aholi yashash punktlari, kommunikatsiya tarmoqlari va qishloq xoʻjaligi maydonlariga katta zarar yetkazdi. Viloyatning Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlaridagi 22 ta qishloqdan jami 60 mingdan ziyod aholi xavfsiz joylarga evakuatsiya qilindi...

Bundan bir muddat avval Buxoro viloyatida kuzatilgan tabiiy ofat sabab barchamizning diqqat-eʼtiborimiz mazkur hududga qaratilgan edi. Koʻp qatori Mudofaa vazirligi shaxsiy tarkibi ham jonbozlik koʻrsatib, tabiiy ofat keltirgan zararni bartaraf etish ishlarida namuna boʻla oldi va bu saxovatli amallar shu kecha-kunduzda ham bir lahza toʻxtamay davom etayotir.

Xalqimizda bir kelsa, qoʻsh keladi, degan gap bor. Sardobadagi ofat ham xalqimiz sabr-bardoshini sinovdan oʻtkazayotgan navbatdagi kutilmagan holat boʻldi. Bogʻchalar, kollejlar yotoqxonasi va saxovatli insonlar xonadoniga evakuatsiya qilingan aholi uchun respublikamizning barcha viloyatidan begʻaraz insonparvarlik yordamlari karvoni kela boshladi. Bu karvonning katta qismi Mudofaa vazirligining harbiy okruglari, qoʻshilmalar va birlashmalari hissasiga toʻgʻri kelgani, shubhasiz, Vatan himoyachilarining “Xalq va armiya – bir tan-u bir jon” naqlini chin yurakdan his etayotganini anglatadi.

Tashvishli kunlarda haqiqiy doʻst sinovdan oʻtadi. Vatan himoyasi uchun umrini, jonini va shonini tikkan yigitlarimiz bu safar ham xalq dardiga malham boʻlish uchun Sirdaryo tomon otlandi. Mudofaa vazirligining barcha okruglari, qoʻshilmalar va birlashmalari harbiylaridan iborat ishchi guruhlari kuch va vositalari bilan uyushqoqlikda Sardobaga yetib kelib, Oliy Bosh Qoʻmondonimizga kamarbasta boʻlishi, albatta, muammolarning tezroq bartaraf etilishiga zamin yaratdi. Hozirda shu paytga qadar jangovar qurol tutib kelgan 11 mingga yaqin harbiy xizmatchi xoʻjalik asboblarini vaqtinchalik “qurol”ga aylantirishdi. Ular qidiruv-qutqaruv, suv toshqinidan talafot koʻrgan hududlarni tozalash, zarar koʻrgan xonadonlarni taʼmirlash, mahalla koʻchalari va hovlilarda toʻplanib qolgan suvlarni maxsus texnikalar yordamida chiqarib tashlash ishlari bilan shugʻullanmoqda.

Mudofaa vazirligi Radiatsion kimyoviy, biologik muhofaza boʻlinmalari toshqindan keyin tozalangan hududlarni dezinfeksiya qilish ishlari bilan band. Koʻp zarar koʻrmagan mahallalarga qaytarilayotgan xonadon sohiblariga oʻz uylari aynan dezinfeksiya qilingan holda topshirilyapti.

Mudofaa vazirligi Havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va Harbiy havo kuchlari qoʻmondonligi harbiy uchuvchilari vertolyotlar bilan suv ombori toʻgʻoni yorilib ketgan hududga birinchilardan boʻlib yetib borib, oʻz xizmat vazifasiga kirishgan edi.

H215M Super Puma va H125M Fennec vertolyotlari uchuvchilarining professionalligi bois uylar tomi va yetib borish qiyin boʻlgan hududlarda qolib ketgan 300 dan ortiq odamni evakuatsiya qilishga muvaffaq boʻlindi. Harbiy ekipaj daraxtlar va elektr simlari borligiga qaramasdan tungi vaqtda ham yerga juda yaqin balandliklarda parvozlarni amalga oshirmoqda.

Yetib borish qiyin boʻlgan joylarda razvetka-qidiruv ishlarini amalga oshirish bir lahza boʻlsa-da, toʻxtab qolgani yoʻq. Qutqarilgan fuqarolar zudlik bilan hududda tashkil etilgan Mudofaa vazirligining harbiy mobil tibbiy markaziga olib kelinib, ularga birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatilayotir.

Shuningdek, Vatan himoyachilari yuzaga kelgan tabiiy ofat oqibatida evakuatsiya qilingan aholi bilan ijtimoiy-psixologik tadbirlarni amalga oshirishda ham faol ishtirok etmoqda.

Psixologik tadbirlarda tabiiy ofat oqibatida jabrlangan fuqarolar orasida vahima va tushkunlikka tushish holatlarini bartaraf etish, ularga psixologik yordam koʻrsatish, aholi oʻrtasida asossiz va salbiy axborotlar tarqalishining oldini olish hamda fuqarolar, ayniqsa, yoshlarning axloqiy-ruhiy holatini barqarorlashtirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mashgʻulotlar davomida fuqarolar bilan psixologik trening, mashq va motivatsion tadbirlar ham olib borilyapti.

Bir soʻz bilan aytganda, Sardobadagi holatni bartaraf etishda Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari ulkan jasorat koʻrsatib, haqiqiy vatanparvar ekanliklarini yana bir bor namoyon etmoqda.

Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?