Sardoba fojiasi boʻyicha yana 29 kishiga sud hukmi oʻqildi

15:49 18 Sentyabr 2022 Jamiyat
807 0

Foto: Arxiv surat

Sardoba toshqini sabablari boʻyicha jami 29 nafar shaxs Jinoyat kodeksining 167-(oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish), 209-(mansab soxtakorligi), 243-(jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) moddalari bilan aybli deb topilgan.

Sudlanuvchilarning 3 nafariga ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq jazo tayinlangan. Jumladan, «Oʻztemiryoʻlqurilishmontaj» unitar korxonasi bosh direktori oʻrinbosari – Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasi boshligʻi lavozimida ishlagan M.X. 10 yilu 3 oyga, Gidrotexnik inshootlar qurish direksiyasida ishlab chiqarish boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan F.D. 122 mln. 650 ming soʻm jarimaga tortilgan holda 5 yilga, “UzGip” MCHJ Istiqbolli loyihalarni rejalashtirish boʻlimi boshligʻi S.R. esa 133,8 mln. soʻm jarimaga tortilgan holda 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Ayblanuvchilar orasida “UzGip” MCHJ Istiqbolli loyihalarni rejalashtirish boʻlimining 86 yoshli xodimi ham bor. Unga bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravari – 68 mln. soʻm jarima qoʻllangan.

Qolgan sudlanuvchilarga ozodlikni cheklash, maʼlum muddat mansabdorlik va moddiy javobgarlik bilan bogʻliq lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilish hamda jarima bilan bogʻliq jazolar qoʻllangan. Jarima jazolarining eng koʻpi bazaviy hisoblash miqdorining 600 baravari – 133 mln. 800 ming soʻm.

Shuningdek, sud hukmida sudlanuvchilardan solidar tartibda davlat daromadi hisobiga jami 115 mlrd. 811 mln. soʻm undirish belgilangan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?