Saratonning davosi bor

21:58 20 May 2024 Jamiyat
475 0

Illyustrativ foto

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Soʻnggi yillarda dunyo boʻylab xavfli oʻsmalar bilan kasallanish holatlari koʻpaymoqda. Bu kasalliklar insoniyatni tashvishlantirayotgan asosiy tibbiy va ijtimoiy muammoga aylanayotir. Jahon Sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga qaraganda, bu dardga chalinganlar soni yiliga 16 million kishidan oshdi. U salkam 10 million bemorning yostigʻini qurityapti.

Afsuski, kasallikning yosharib borishi kuzatilmoqda. Saratondan oʻlim koʻrsatgichi yurak-qon tomir kasalliklaridan keyin dunyoda ikkinchi oʻrinda turibdi. Achinarlisi, bu holatlarning taxminan yarmida tashxis kechki bosqichlarda qoʻyilyapti.

“Ayollar salomatligi: koʻkrak bezi va bachadon boʻyni saratonini skriningi va profilaktikasi” mavzusida Buxoro shahrida tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi onkolog va radiologlarining XX konferensiyasida shu kabi dalillar tilga olindi. Konferensiyada 330 dan ziyod delegat hamda jahonning oʻndan ziyod mamlakatidan sohaning yetakchi mutaxassislari, olim va tadqiqotchilar ishtirok etishdi.

— Butun dunyoda, jumladan Oʻzbekistonda ham ayniqsa, koʻkrak bezi saratoni bilan kasallanish holatlari dolzarb sanaladi, — deydi respublika ixtisoslashgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy markazi direktori, professor M. Tillyashayxov. — Bu xastalikdan asosan ayollar jabr chekishyapti. Asosiy maqsadimiz onkologik kasalliklarning oldini olishni kuchaytirish, ularni imkon qadar erta bosqichlarda aniqlash va malakali ixtisoslashtirilgan yordam koʻrsatishdir. Shunda bu kasalliklardan tuzalib ketgan bemorlar soni ortadi, ularning umriga umr qoʻshiladi. Mamlakatimizda tibbiy xizmatning muhim sanalgan bu yoʻnalishida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, davlatimiz rahbarining 2021-yil 27-maydagi “Aholiga gematologik va onkologik yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorining qabul qilinishi onkologiya xizmatini yangi bosqichga koʻtarish uchun muhim qadam boʻldi.

Soʻnggi yillarda markaz va uning filiallarda 2 ta chiziqli tezlatgich, 11 ta gamma terapiya va 7 ta braxiterapiya moslamasi oʻrnatildi. Radioterapevtik uskunalar soni 27 taga yetkazildi. Yurtimizda nur terapiya uskunalariga boʻlgan ehtiyoj toʻliq qondirildi. Nur davo uchun bemorlarning navbatga turish muammosi butunlay bartaraf etildi. Bundan tashqari, bemorlarga ushbu radioterapiya davosini oʻz hududlarida olish imkoniyati yaratildi.

— Konferensiya oʻzaro tajriba almashish, onkologiya sohasidagi ilmiy yutuqlarni amalda qoʻllash nuqtayi nazaridan juda foydali kechdi, — deydi Jahon xospis va palliativ yordam alyansi ijrochi direktori Stiven Robert Konnor. — Respublika ixtisoslashgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy markazi Buxoro viloyati filialida bemorlarni davolash borasida zamonaviy shart-sharoitlar yaratilganiga guvoh boʻldik. Yurtingizda onkologiyaning barcha hududiy tarmoqlarida tashxis qoʻyish va davolashning yangi yuqori texnologiyali usullari joriy etilayotgani soha rivojlanayotganini koʻrsatadi.

Darhaqiqat, kech bosqichlarda saraton kasalligiga chalinganlarga yordam koʻrsatish uchun barcha filiallarda palliativ yordam boʻlimlari tashkil etilgan. Urganch va Samarqand shaharlarida ogʻir saraton bemorlariga yordam koʻrsatish uchun hududlararo xospislar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Toshkent va Fargʻonada xospislar qurilmoqda. Yaqin istiqbolda mamlakat barcha hududida alohida shunday maskanlar barpo etish rejalashtirilgan.

Hozirgi kunda markazning barcha filiallari mobil va statsionar mammograflar bilan jihozlangan. Butun respublika boʻyicha koʻkrak bezi saratoni skriningi oʻtkazilmoqda va kasallik 75-80 foiz hollarda erta bosqichlarda aniqlanmoqda. Yurtimizda 9 — 13 yoshli qizlarning odam papilloma virusiga qarshi emlash ishlari qamrovi 98 foizni tashkil etyapti. Bachadon boʻyni saratoni skriningini ham oʻtkazish boshlandi.

Konferensiyada mahalliy hamda dunyoning yetakchi klinikalari shifokorlari, olimlarning onkologiya va radiologiyaning dolzarb masalalari yuzasidan maʼruzalari tinglandi. Ilmiy-amaliy anjuman onkologik xizmatga diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish, aholi salomatligini saqlash va ularning hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilishi, shubhasiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер