Saraton metastazlarida yashovchi bakteriyalarning batafsil katalogi tuzildi

15:36 22 Aprel 2024 Dunyo
388 0

Niderlandiya saraton instituti tadqiqotchilari saraton metastazlarida yashovchi bakteriyalarning batafsil katalogini tuzib chiqdilar. Ular 4000 dan ortiq oʻsmalarni tahlil qilib, ushbu bakteriyalarning turlari hamda saraton hujayralari va ularning atrof-muhit bilan qanday oʻzaro taʼsirga kirishishini aniqladilar. Misol uchun, baʼzi bakteriyalar immunoterapiyaga aks taʼsir qilishi mumkin.

Ushbu tadqiqot bakteriyalarning saraton kasalligiga (yoki terapiyasiga) qanday yordam berishi yoki toʻsqinlik qilishi va bundan bemorlar uchun qanday foydali tomonlari boʻlishi mumkinligini yaxshiroq tushunishga koʻmaklashadi.

Inson organizmida milliardlab mikroorganizmlar yashaydi: bakteriyalar, viruslar va drojalar – bizning mikrobiomimiz. Biz ularga, ular esa bizga kerak. Masalan, bakteriyalar yegan ovqatimizni hazm qilishimizda yordam beradi va patogenlarga qarshi kurashish uchun immunitetimiz bilan birga ishlaydi. Ayniqsa, ichak bakteriyalari, jumladan, saraton mavzusida keng oʻrganilgan. Masalan, ular immunoterapiya va kimyoterapiya samaradorligiga taʼsir qilishi mumkin.

Ammo bu mittigina “qoʻshnilarimiz” ichaklardan tashqarida ham yashaydi. Jumladan, ular oʻsmalarda ham uchraydi. Yangi usullar tufayli tadqiqotchilar bu mikroblarni yaxshiroq tushunishni boshlashdi. Ammo bakteriyalar oʻsimtaga qanday kirib qolishi va ular u yerda nimalar qilishi koʻp jihatdan nomaʼlum boʻlib qolmoqda. Shu bois ularning kasallik va davolash samarasi uchun qanchalik muhimligi noaniq boʻlgan.

“Bemorlar oxir-oqibat metastazlar tufayli olamdan oʻtishlari va koʻplab davo choralari aynan ularga qaratilganligi sababli olimlar guruhi aynan metastazlarni diqqat bilan oʻrgandi, — deydi tadqiqotchi Tomas Battalya. — Axir, oʻsmalardagi bakteriyalar haqida maʼlumotlar kam edi. Endilikda esa saraton metastazlarida mavjud boʻladigan bakteriyalar xaritasi tuzildi”.

Tadqiqotchilar 26 turdagi saratonning 4000 dan ortiq metastazlari toʻqimalarida mavjud DNK kodini tahlil qilishdi. Bu genetik materialdan nafaqat inson hujayralari, balki qanday bakteriyalar borligini ham koʻrish mumkin. Chunki ularda ham DNK mavjud.

Olimlar bakteriyalar va terapiya samaradorligi oʻrtasidagi bogʻliqlikni ham aniqladilar. Masalan, oʻpka saratoni bilan ogʻrigan va metastazlarida fuzobakteriyalar boʻlgan bemorlarda immunoterapiya ushbu bakteriyalar boʻlmagan kasallarga qaraganda yomonroq kechgan.

“Bizning ishimiz oʻsmalarga yordam berishi mumkin boʻlgan bakteriyalar bilan kurashishga yoʻnaltirilgan davo choralarining yangi shakllarini oʻrganish imkonini beradi, — deydi tadqiqot hammuallifi Ayris Mimpen. — Bu bizga oʻsmalarning murakkab muhiti qanday ishlashini tushunishga koʻmaklashadi, bu muhitda barcha turdagi hujayralar, shu jumladan bakteriyalar birga yashaydi va bir-biriga oʻzaro taʼsir qiladi”.

Shuningdek, mavjud bakteriyalar qanchalik xilma-xil boʻlsa, qoʻshni oʻsimta hujayralari shunchalik faol boʻlishi aniqlandi.

Tadqiqot natijalari “Cell” jurnalida chop etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер