Sanoatbop uzum yetishtirish boʻyicha dastlabki 4 ta yirik klaster tashkil etiladi

19:56 07 Iyul 2021 Iqtisodiyot
397 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida uzumchilik va pillachilik sohasida mavjud muammolar va tarmoqni rivojlantirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan selektor yigʻilishi bo'lib o'tdi.

Yigʻilishda mutasaddilarga kelgusi ikki yilda 66 ming gektar yerda xoʻraki, mayizbop va sanoatbop uzum plantatsiyalarini tashkil etish va umumiy tokzorlar maydonini 150 ming gektarga yetkazish, yil yakuniga qadar 15 ming 700 gektar tokzorda tomchilatib sugʻorishni joriy etish va mingta artezian quduq qazish ishlarini yakunlash vazifasi topshirildi.

Uzum yetishtirish hajmini koʻpaytirishda aholi xonadonlaridan ham keng foydalanish tizimini joriy etish lozimligi qayd etildi.

Misol uchun, Buloqboshida bu yil mingta xonadonga 7 milliard soʻm kredit ajratilib, qoʻshimcha 5 ming tonna uzum, 15 milliard soʻm daromad olish imkoniyati yaratildi. Tumanning ayrim mahallalarida bir qarich ham boʻsh yerni koʻrmaysiz, hamma joyda uzum ekilgan.

Bu tajribani respublikaning boshqa hududlaridagi 40 ming xonadonda joriy qilish orqali qoʻshimcha 3 ming gektar yangi tokzor tashkil etib, uzum yetishtirish hajmini uch baravar oshirish mumkin.

Ushbu ishlarni yil yakunigacha barcha tuman va shaharlarda joriy etish, shuningdek, har bir xonadonda kamida 15-20 tupdan uzum koʻchatlarini noanʼanaviy usulda, yaʼni “tepasida tok – pastida sabzavot” ekishni tashkil qilish vazifasi topshirildi.

Aholi xonadonlariga “Tomorqa-servis” orqali kerak boʻlgan bozorbop tok koʻchatlari yetkazib beriladi.

Yigʻilishda olimlar va chetdan jalb etiladigan konsultantlar bilan xususiy-sheriklik asosida zamonaviy koʻchatchilik komplekslarini tashkil qilish, uzumning yuqori hosildor, sovuqqa va kasalliklarga chidamli hamda danaksiz yangi navlarini yaratish boʻyicha Rossiya, Chili va boshqa yetakchi davlatlarning ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, Vengriya yetakchi universiteti va Fargʻona davlat universiteti oʻrtasida soha mutaxassislarini tayyorlaydigan qoʻshma fakultet tashkil etish boʻyicha ham vazifalar belgilandi.

Bundan tashqari, uzumni qayta ishlash va tayyor mahsulotga aylantirishning toʻliq siklini yaratish maqsadida vinochilik klasterlari tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Xususan, Forish, Oltinsoy, Ishtixon va Yangiobod tumanlarida sanoatbop uzum yetishtirish boʻyicha dastlabki 4 ta yirik klaster tashkil etiladi.

Mayiz quritish va qadoqlash liniyalarini barpo etish xarajatlarining 20 foizigacha subsidiya ajratiladi. Shu bilan birga, tabiiy vinolarga nisbatan aksiz soligʻi bekor qilinadi.

Enoturizm uchun zarur infratuzilma yaratish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?