Samimiy muloqot bizni yangi marralarga boshlaydi

00:53 20 Avgust 2023 Jamiyat
687 0

Foto: Xalq soʻzi

Prezidentimizning tadbirkorlarga tayanch, yelkadosh boʻlib, har tomonlama qoʻllab-quvvatlab turganini koʻrib, his etib turish kishiga oʻzgacha ruh, kuch bagʻishlaydi.

Davlatimiz rahbarining yurtimiz tadbirkorlari bilan bu galgi uchrashuvi ham unutilmas lahzalarga boy boʻldi. Samimiy tarzda kechgan muloqotda tadbirkorlik iqtisodiyotimizning yetakchi boʻgʻiniga aylangani taʼkidlandi.

Ayni jarayonda kichik biznesni manzilli qoʻllab-quvvatlash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish uchun qulay muhit yuzaga keltirish borasida mutlaqo yangi yondashuvlar joriy etilishi ayni muddaodir. Bunda ushbu soha vakillarini tadbirkorlikka oʻqitish, ularga loyihalar tayyorlab berish, faoliyatlarini moliyalashtirish kabi yoʻnalishlarda butun boshli yaxlit tizim yaratilishi biznes sohasi bilan shugʻullanish niyatidagi minglab yurtdoshlarimiz uchun juda katta imkoniyat, albatta. Bu haqda bejiz toʻxtalmayapmiz. Tajriba koʻrsatyaptiki, yetarli bilim va malaka bilan tadbirkorlik sohasiga kirib kelgan inson qiyinchiliklar oldida esankirab qolmaydi. Biznesini oqilona yoʻlga qoʻya oladi.

Shu oʻrinda faoliyatimiz xususida qisqacha toʻxtalib oʻtishni istardim. Tibbiyot markazimiz 2021-yilning fevralida ishga tushgan. Loyihaning umumiy qiymati 9,5 million AQSH dollari miqdorida boʻlib, uning asosiy qismi bank tomonidan moliyalashtirildi. AQSH, Janubiy Koreya, Germaniya, Yaponiya, Fransiya kabi tibbiyot ravnaq topgan davlatlardan olib kelingan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Tibbiyotning oʻndan ziyod yoʻnalishida aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyati yaratildi.

Faoliyatimizni tobora kengaytirib borayapmiz.Qisqa muddat ichida markamizda shifo oʻrinlari soni 140 taga yetdi. Ayni damda ishchi-xodimlarimiz soni 140 nafarni tashkil etayapti. Yaqin kelajakda dori-darmon ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona barpo etish taraddudidamiz. Davlatimizning qoʻllab-quvvatlashi bizga shu kabi loyihalarga roʻyobga chiqarishda qoʻl-qanot boʻlayapti.

Dilmurod AHADOV,

Buxoro shahridagi “Sarmen plyus” MCHJ rahbari,

“Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?