Sambo boʻyicha 2021-yilgi jahon chempionati mezbonligi nega Moskvadan Toshkentga koʻchirildi?

09:29 25 Mart 2021 Sport
1163 0

Kecha Moskva shahrida oʻtkazilgan Xalqaro sambo federatsiyasi ijroqoʻm yigʻilishida ushbu qarorga kelindi, deb xabar Oʻzbekiston sambo assotsiatsiyasi matbuot xizmati.

Sambochilar uchun yilning eng muhim musobaqasi hisoblanadigan jahon chempionati Oʻzbekiston poytaxtida 12-14-noyabr kunlari oʻtkaziladi. 

Avvalroq, ushbu jahon chempionati mezboni sifatida Moskva shahri eʼlon qilingandi. Biroq, Sport arbitraj sudi (CAS) qarori sabab Rossiya ikki yil davomida jahon chempionatlari va Olimpiya oʻyinlari oʻtkazish uchun daʼvogarlik qila olmaydi. Shu sababli, Xalqaro sambo federatsiyasi va Rossiya sambo federatsiyasi ushbu musobaqani boshqa mamlakatda oʻtkazish qaroriga kelishdi.

“Biz jahon chempionatini oʻtkazish uchun Oʻzbekiston sambo assotsiatsiyasidan taklif oldik. Toshkentda 2025-yilgi yoshlar Osiyo oʻyinlari oʻtkazilishini yodda tutgan holda, ushbu musobaqani Oʻzbekistonda oʻtkazish imkoniyatini maqsadga muvofiq deb hisoblayman”, - dedi yigʻilish davomida Xalqaro sambo federatsiyasi prezidenti Vasiliy Shestakov.

Osiyo sambo uyushmasi prezidenti Alamjon Mullayev esa sambo boʻyicha jahon chempioni Toshkent uchun yoshlar Osiyo oʻyinlari uchun oʻziga xos sinov vazifasini bajarishini taʼkidlab oʻtdi.

“2025-yilda Oʻzbekistonda ilk marotaba yoshlar oʻrtasida Osiyo oʻyinlari oʻtkaziladi. Shu sababli, ushbu musobaqada Osiyo Olimpiya Kengashi vakillari ham qatnashishadi. Musobaqa yoshlar Osiyo oʻyinlari uchun test turnir vazifasini bajaradi”.

Osiyo sambo uyushmasi rahbari shuningdek, jahon chempionatining tashkiliy qoʻmitasi musobaqa qatnashchilariga viza bilan bogʻliq masalalarda ham yordam koʻrsatilishini aytib oʻtdi.

“Pandemiya bilan bogʻliq yuzaga kelgan qiyin vaziyat sabab, Oʻzbekistonda elchixonasi yoʻq mamlakatlarga viza bilan bogʻliq koʻmak beriladi. Ular aeroportning oʻzidayoq viza olishlari mumkin boʻladi. Elchixonasi bor mamlakatlar uchun esa viza berish jarayoni tezlashtiriladi. Bu musobaqa qatnashchilarining soni yana-da oshishiga xizmat qiladi”, - dedi Alamjon Mullayev.

Shu tariqa, Toshkent shahri bu yil sambo boʻyicha ikki yirik musobaqaga mezbonlik qiladi: birinchisi iyun oyida Osiyo chempionati boʻlsa, ikkinchisi noyabr oyida jahon chempionatidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?