Samarqandning 16 ta shahar va tumani hokimliklari tomonidan 34 ta «Hokimlik bogʻi» tashkil qilinadi

16:29 02 Aprel 2024 Jamiyat
464 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Abdulaziz Yoʻldoshev/«Xalq soʻzi». Samarqand viloyatida bu yil bahorgi mavsumda 10 million 208 ming tup koʻchat ekish rejalashtirilgan. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar viloyatning 7 ta shahar va tumanlarida 28,4 gektar maydonda «Yashil bogʻ» barpo etiladi.

Bundan tashqari, 16 ta shahar va tuman hokimliklari tomonidan 34 ta «Hokimlik bogʻi» tashkil qilinishi belgilangan. Buning uchun viloyatning barcha tuman va shahar hokimliklari tomonidan bahor mavsumida 10,56 gektar yer maydoni tanlab olinib, koʻchatlar ekilmoqda.

Xususan, Past Dargʻom tuman hokimligi 0,5 gektar maydonda 450 tup koʻchat va Narpay tuman hokimligi tomonidan 0,5 gektar yer maydonida 350 tup koʻchat ekilib, «Hokimlik bogʻlari» tashkil qilindi.

Samarqand tumanidan 6 gektar, Toyloq tumanidan 0,25 gektar, Kattaqoʻrgʻon shahridan 0,5 gektar hamda Samarqand shahridan 1 gektar yer maydoni tanlab olinib, «Yashil belbogʻ» yaratish maqsadida mahalliy kengashlarning qarorlari qabul qilinib, koʻchatlar ekilmoqda.

— Bundan tashqari viloyatda joriy yil yakuniga qadar 64,15 gektar maydonda «Yashil jamoat parklari» barpo etiladi, — deydi viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi boʻlim boshligʻi Sherali Iskandarov. — Shuningdek, 58 ta sanoat korxonasi tomonidan 75 ming tup daraxt koʻchati ekilib, «Yashil belbogʻ»lar yaratilmoqda.

«Yashil makon» umummilliy loyihasi doirasida viloyatda mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekish ishlarida yoshlar ham faol ishtirok etyapti. Bugunga qadar ular tomonidan 12 ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt koʻchatlari ekildi.

Viloyatning barcha shahar-tumanlarida koʻchatlarni yetishtirish va yetkazib berishda narx-navoning asossiz oshib ketmasligi uchun joylarda koʻchat yarmarkalari va savdo nuqtalari tashkil etilgan.

Hududlarda ekilgan koʻchatlar boʻyicha maʼlumotlar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligining “yashilmakon.eco” elektron platformasiga kiritilib, daraxtlar parvarishiga ham alohida eʼtibor berilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?