Samarqandlik olimlar soʻnggi besh yilda uzumning 3 ta va nokning 2 ta yangi navini yaratdi

16:14 22 Noyabr 2022 Jamiyat
603 0

Foto: Xalq so‘zi

Akademik M. Mirzayev nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining Samarqand tajriba stansiyasi 1956-yili tashkil etilgan. Markaz ilmiy xodimlari tomonidan bogʻ va tokzorlar uchun iqlim sharoitiga mos, yuqori hosildorlikka ega, sifatli koʻchatlarning yangi avlodi yaratilib, respublikamizning qariyb barcha hududlariga yetkazib berilmoqda.

2022-yilda markaz tomonidan 234 ming dona tok va 171 ming 90 dona mevali koʻchatlar yetishtirilgan. Shundan 138 ming 407 dona olma, 3 xil navdagi 3 ming 828 dona nok, 2 ming 403 dona qaroli, 11 ming 138 dona shaftoli, 4 ming 278 dona gilos, 5 ming 355 dona oʻrik, 3 ming 767 dona yongʻoq koʻchatlari yetishtirilib, qishloq xoʻjaligi korxonalari va aholiga yetkazib berildi.

2023-yil bahor oylarida ekish maqsadida jami 234 ming dona tok koʻchatlari, 171 ming 909 dona mevali koʻchatlar tayyorlanmoqda.

Institutning Samarqand tajriba stansiyasi qoshida Jahon banki tomonidan ajratilgan 180 ming AQSH dollari evaziga zamonaviy agroximiya laboratoriyasi tashkil etilgani ish sifati va samaradorligini yanada oshirdi.

— Serhosil mevali va tok koʻchatlari yetishtirish uchun dastavval payvandtag toʻgʻri tanlanishi lozim, — deydi tajriba stansiyasi bosh hosiloti Jamshid Rasulov.  — Bugungi kunda tajriba stansiyasida xorijdan keltirilgan mevali va tok koʻchatlari mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirilmoqda. Markaz ilmiy xodimlari tomonidan Yaponiyadan keltirilgan olmaning Fuji, Urun, Fujisan, Fujimufuma, Togoro navlari kolleksion maydonlarda oʻrganilmoqda. Ilmiy nuqtayi nazardan olma koʻchatlari hosilga kirganidan soʻng markazning tajriba stansiyasida 5 yil davomida oʻrganiladi. Shuningdek, olma, nok va uzum koʻchatlarining iqlim sharoitiga mos, serhosil navlarini yaratish yuzasidan seleksion tadqiqotlar oʻtkazilyapti.

Soʻnggi besh yilda markaz ilmiy xodimlari tomonidan uzumning 3 ta ( Malika, Motrudiy, Sagdiana) va nokning 2 ta ( Fariziy ertapishar, Azamat kuzgi) yangi navlari yaratildi.

Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?